Qanday holatda o‘qituvchining toifasi umrbod saqlanadi? Sahifada ushbu savolga javob topishingiz mumkin.
Savol: 2007-yildan boshlab o‘qituvchi bo‘lib ishlab kelaman. 2021-yil bahorgi attestatsiyada qatnashib, oliy toifani oldim. 2022-yil 2-avgustga qadar oliy toifani olganlar toifasi umrbod saqlanib qolinib, bu toifadagilar qayta attestatsiyaga jalb qilinmaydi, deyilgandi. Shunda mening toifam ham doimiyga saqlanib qoladimi?
Javob: Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan imzolangan ko‘rsatma xatida Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-son qarori bilan belgilangan, oliy malaka toifa (bosh o‘qituvchi lavozimi)ga ega bo‘lganidan so‘ng oliy malaka toifani 15 yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan pedagog kadrlar navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaslik tartibi 2022-yil 2-avgustga qadar 15 yillik uzluksiz ish stajiga hamda oliy malaka toifaga ega (bunda oliy toifaga ega bo‘lganlik davri muhim emas) bo‘lgan pedagoglarga nisbatan tatbiq etilmasligi qayd etilgan.
Ya’ni, 2022-yilning 2-avgustiga qadar 15 yil uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan hamda oliy toifaga ega (bunda oliy toifaga ega bo‘lganlik davri muhim emas) bo‘lgan pedagoglarning malaka toifasi umrbod saqlab qolinishi belgilangan.
Yuqoridagi vaziyatda ham pedagog xodimning malaka toifasi umrbod saqlanib qolishi lozim deb hisoblaymiz. Hozirgi kunda my.gov.uz portali orqali xodimning ish stajini chiqarib olish imkoniyati mavjud. Shunga qarab, agar pedagogning 2022-yil 2-avgustgacha 15 yil staji va o‘sha paytda amalda bo‘lgan oliy toifasi mavjud bo‘lsa, uning malaka toifasi umrbod saqlab qolinadi.
Shuni ham alohida ta’kidlab o‘tishimiz joizki, pedagog xodimlar bu kabi masalalar bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan hududlarda tuzilgan ishchi guruhlarga ham murojaat qilishi lozim. Ularning muammolarini tezroq hal etilishiga yordam beradi.