Xodim malaka oshirishda bo‘lgan vaqtda ish haqi saqlanadimi? Ushbu savolga malakali huquqshunoslar javob berishdi.
Mehnat kodeksining 367-moddasiga asosan malaka oshirish deganda xodimning undagi mavjud kasb va mutaxassislik bo‘yicha ishlarni bajarishga tayyorligini tavsiflovchi, xodimning kasbiy bilimlari, malakalari va ko‘nikmalari darajasini takomillashtirish tushuniladi.
📌 O‘z navbatida, Mehnat kodeksining 280-moddasi (ish beruvchining xodimga kafolatli to‘lovlarni amalga oshirish majburiyati)ga ko‘ra, ish beruvchi xodimga xodim ishdan ajralgan holda o‘zi va ish beruvchi uchun majburiy bo‘lgan qayta tayyorlashdan yoki majburiy malaka oshirishdan o‘tgan davr uchun kafolatli to‘lovlarni amalga oshirishi shart.
Shu kabi qoida Mehnat kodeksining 286-moddasi (ish beruvchining xodimga kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish majburiyati)da ham quyidagicha belgilab qo‘yilgan:
— xodim ish beruvchining yo‘llanmasi bilan kasbiy tayyorgarlikdan, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan o‘tganda xodimga uning o‘z mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq xarajatlarni ish beruvchi kompensatsiya qilishi shart.
Shuningdek, Mehnat kodeksining 290-moddasiga binoan agar ish beruvchining yo‘llanmasi bo‘yicha xodimning kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan o‘tishi boshqa joyga ko‘chishni talab qilsa, xodimga o‘qish joyiga borish va qaytib kelish, shuningdek uy-joyni ijaraga olish xarajatlarining o‘rni qoplanadi.
📌 Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 dekabrdagi 1026-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarining pedagog xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish to‘g‘risida”gi nizomga asosan buyurtmaga kiritilgan malaka oshirish kurslari tinglovchilari uchun o‘qishning barcha davrida ularning asosiy ish joyi bo‘yicha egallagan lavozimi va o‘rtacha ish haqi saqlanadi. Ularning o‘quv yuklamasi esa boshqa a’zolar o‘rtasida taqsimlanishi belgilangan.
✅ Xulosa qilib aytganda, xodim malaka oshirishda bo‘lganda uning o‘rtacha ish haqi to‘lab berilishi shart.