O‘qituvchi dekret ta’tiliga chiqqanda unga dekret puli qancha muddatda to‘lab beriladi? Ushbu savolga malakali huquqshunoslar javob berishdi.
Savol. Maktabda o’qituvchisi bo’lib ishlayotgan hodim tug’ruq ta’tiliga (dekret) chiqsa unga dekret puli qancha muddatda to’lab berilishi kerak.Bu haqda qonunchilikda biror norma qoida bormi?Javob uchun oldindan rahmat.
Huquqshunos javobi:
Mehnat kodeksining 404-moddasiga binoan ayolga tug‘ruqqacha yetmish kalendar kun hamda tug‘ruqdan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug‘ilgan taqdirda yetmish kalendar kun) homiladorlik va tug‘ish ta’tili berilib, qonunchilikda belgilangan, lekin o‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam bo‘lmagan miqdorda nafaqa to‘lanadi.
Mana shu qoidaga ko‘ra sizga ham dekret ta’tili beriladi.
Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning (ro‘yxat raqami 2667, 17.04.2015-y.) 28-bandiga ko‘ra homiladorlikning o‘ttizinchi haftasidan keyin murojaat qilinganda tug‘ishga qadar necha kun qolganidan qat’i nazar, mehnatga layoqatsizlik varaqasi murojaat qilgan kundan to‘liq bir yuz yigirma olti kalendar kuniga beriladi.
Bunda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 314-son qaroriga 1-ilovada tasdiqlangan Nizom 35-bandi mazmuniga binoan, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha hamda yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan nafaqalar xodim:
— ishga qabul qilingan kundan 12 oygacha ish stajiga ega bo‘lganda — o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizi;
— ishga qabul qilingan kundan 12 oydan ortiq ish stajiga ega bo‘lganda — o‘rtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida to‘lanadi.
Ushbu nizom 36-bandiga ko‘ra nafaqalar barcha hollarda xodimning haqiqiy ish haqidan hisoblab chiqariladi.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, derket puli o‘rtacha oylik ish haqidan kelib chiqib to‘lanishi belgilangan. Bunda Mehnat kodeksining 257-moddasiga asosan xodimning o‘rtacha oylik ish haqi hisoblanadi.
Ushbu moddaning uchinchi qismiga ko‘ra Mehnatga haq to‘lashning vaqtbay tizimidagi xodimlarning o‘rtacha ish haqi xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi oxirgi kalendar oy uchun tarif stavkasi (lavozim maoshi) miqdoridan kelib chiqib, xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi o‘n ikki kalendar oy uchun ustamalar, mukofotlar va boshqa to‘lovlar (ushbu Kodeks 248-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan ish haqining qo‘shimcha qismi) summasining o‘n ikkidan bir qismi o‘rtacha ish haqiga jamlangan holda belgilanadi.
Mana shu qoidaga ko‘ra xodimning ustamalari uning o‘rtacha ish haqini hisoblashda qo‘shiladi.
✅ Demak, sizga ham homiladorlik va tug‘ish nafaqasi yuqoridagi qoidaga muvofiq o‘rtacha oylik ish haqingizdan kelib chiqib to‘lanadi.