Tizimdagi xatolikni deb oliy toifali o‘qituvchining toifasini mutaxassisga tushirib tashlanishi to‘g‘rimi? - Ta’lim / Образование

Tizimdagi xatolikni deb oliy toifali o‘qituvchining toifasini mutaxassisga tushirib tashlanishi to‘g‘rimi?

Tizimdagi xatolikni deb oliy toifali o‘qituvchining toifasini mutaxassisga tushirib tashlanishi to‘g‘rimi? Ushbu savolga malakali huquqshunoslar javob berishdi.

Tizimdagi xatolikni deb oliy toifali o‘qituvchining toifasini mutaxassisga tushirib tashlanishi to‘g‘rimi?

Savol: Assalomu alaykum. 2017-yil attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tib, oliy toifa olganman. Hozirda stajim 21 yil. Shuncha yildan beri maktabda ishlab kelmoqdaman. 2022-yil, 2-avgustdagi Vazirlar mahkamasining 425-qaroriga binoan oliy toifam umrbodga saqlanib, shu sentyabr oyigacha oliy toifa stavkasida oylik maosh olib kelayotgan edim. Sentyabr oyining oyligini ASBO mutaxassis stavkasi bilan to‘lagan, lekin oylik botda “oliy toifa” deb turibdi. “Tarifikatsiyaga “mutaxassis” deb kiritishga majbur bo‘ldik, chunki sizning sertifikatingizning srogi o‘tgan, Asbo programmasi qabul qilmayapti” – dedi zavuch.

Shundan keyin men pedkadr.uzedu.uz. ga to‘g‘ridan to‘g‘ri toifa berishlari uchun murojaatnoma yubordim. Lekin murojaatnomam rad etilibdi, sababi u yerda aynan “uzluksiz o‘n besh yil staj va oliy toifaga ega bo‘lgan o‘qituvchilar” degan imtiyoz yozuvi yo‘q ekan. U yerda faqatgina “15 yil uzluksiz stajga ega bo‘lgan va oliy toifani uch marta ketma ket himoya qilgan” degan imtiyoz tugmasi bor bo‘lib, mening holatimga to‘g‘ri kelmaydi. Tizimdagi mavjud xatolarni deb mening toifamni, shuncha yillik mehnatimni kuydirib, mutaxassisga tushirib tashlashlari to‘g‘rimi? Vazirlar Mahkamasi qarorining ijrosi ta’minlanmasligiga ko‘z yumib yuraveramizmi? Kim bular uchun javobgar?



Huquqshunos javobi:

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom 6-bandiga ko‘ra ta’lim tashkilotlarida 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan oliy malaka toifali (bosh o‘qituvchi lavozimidagi) pedagog kadrlar majburiy attestatsiyaga jalb etilmasligi belgilangan edi.

Ushbu bandga Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 avgustdagi 425-sonli qarori bilan kiritilgan o‘zgarishga ko‘ra oliy malaka toifa (bosh o‘qituvchi lavozimi)ga ega bo‘lganidan so‘ng oliy malaka toifani 15 yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan pedagog kadrlar majburiy attestatsiyaga jalb qilinmaydi. Ularning toifasi saqlanadi. Mazkur o‘zgarish 2022 yil 2 avgustdan kiritilgan.



Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi qonun 41-moddasiga ko‘ra normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Qoidaning mazmuniga ko‘ra pedagog xodim oliy toifani olgandan so‘ng uni 3 marta himoya qilgan bo‘lsa (bu 15 yilga teng), uning toifasi saqlanadi.

Bu haqida vazirlik ham alohida ko‘rsatma xat bilan chiqqan. Uning mazmunida ham VM 425-son qaror bilan kirgan o‘zgarish 2022 yil 2 avgustdan boshlab kuchga kirishi belgilangan.

Shunday ekan siz 2022 yil 2 avgustga qadar bo‘lgan davrda 15 yillik uzluksiz pedagogik ish stajiga hamda oliy toifaga ega bo‘lgan bo‘lsangizgina, toifangiz saqlanadi.



Bunda Nizomning 32-bandiga ko‘ra imtiyozga ega pedagog kadrlar har yili 1 yanvardan 31 dekabrga qadar to‘g‘ridan to‘g‘ri attestatsiyadan o‘tkazilmasdan malaka toifasi (lavozim) sertifikatini olish uchun bevosita davlat xizmatlari markazlari orqali yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoxud vakolatli vazirliklarning rasmiy veb-saytida ro‘yxatdan o‘tgan holda murojaat qiladilar.

❗️Bu masalada siz viloyat Maktabgacha va maktab ta’lim boshqarmasiga murojaat qilishingiz lozim.