Xodim maktabdan moddiy yordam olishi mumkinmi? - Ta’lim / Образование

Xodim maktabdan moddiy yordam olishi mumkinmi?

Maktabdan moddiy yordam beriladimi? Ushbu savolga malakali huquqshunoslar javob berishdi.

Maktabdan moddiy yordam beriladimi?

Savol: Men maktabga o‘qituvchi bo‘lib ishlayman. Yaqinda mening farzandim burun tusig‘i qisqarishi sababli nafas olish qiyinlashdi. Septoplastika aperatsiyasi o‘tqazildi. Menga davlat tomonidan moddiy yordam beriladimi?

Javob: Xodimlarga moddiy yordam maktablarda direktor jamg‘armasidan beriladi.



Moddiy yordam olish uchun xodim shu tashkilotda mehnat shartnomasi asosida ishlashi va moddiy yordam olish uchun asos bo‘ladigan holatlar sodir bo‘lishining o‘zi yetarli.

Bunda Vazirlar Mahkamasining 02.08.2022 yildagi 425-son qarori bilan Vazirlar Mahkamasining 30.09.2019 yildagi 823-son qarori 33-bandiga o‘zgartirish kirilgan.

Unga ko‘ra umumta’lim muassasalari xodimlariga moddiy yordam kalendar yil davomida ikki lavozim maoshi (o‘qituvchining tarif stavkasi) miqdorigacha:

— xodimning o‘zi va yaqin qarindoshi (otasi, onasi, turmush o‘rtog‘i, farzandi) vafot etganda;

— xodimning o‘zi va yaqin qarindoshi og‘ir kasallikka chalinganda;

— xodim tabiiy ofatdan zarar ko‘rganda ko‘rsatiladi.

Qoidaning mazmuniga ko‘ra xodim maktabda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan davrda yuqoridagi holatlar sodir bo‘lsa, direktor jamg‘armasida mablag‘ yetarli bo‘lgan taqdirda xodim 2 lavozim maoshi miqdorida moddiy yordam olishga haqli.



Mana shu qoidaga ko‘ra xodim 1 kalendar yilida jami 2 lavozim maoshigacha moddiy yordam olishi mumkin. Bunda xodimga moddiy yordam berish bo‘yicha ishchi guruh qarori asosida direktor buyruq chiqaradi.

Og‘ir kasallik – o‘lim xavfi yuqori bo‘lgan va insonning kundalik faoliyatiga yoki hayot sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan yoki ularga g‘amxo‘rlik qiluvchilarga haddan tashqari qiyinchilik kelib chiqaradigan, ba’zan nogironlikka olib keluvchi sog‘liq holati hisoblanadi.

Shunga ko‘ra sizdagi holatda tibbiy xulosada kasallik og‘ir ekanligi yozilgan bo‘lsa, unda sizda moddiy yordam olish huquqi mavjud bo‘ladi.