Shanba kuni darsi yo‘q o‘qituvchi, maktabga bormasa ham bo‘ladimi? - Ta’lim / Образование

Shanba kuni darsi yo‘q o‘qituvchi, maktabga bormasa ham bo‘ladimi?

Shanba kuni darsi yo‘q o‘qituvchi, maktabga bormasa ham bo‘ladimi? Ushbu savolga malakali huquqshunoslar javob berishdi.

Ta’til vaqtida pedagoglardan qanday ish tartibi talab qilinadi? maktab_xonasi

Savol: Men maktabda ishlayman, hozirda 28 soat darsim va sinf rahbarligim bor. Haftada 1 kun, shanba kuni darsim yo‘q. Meni 1,5 yosh farzandim bor. Shanba kuni bolalar bog‘chasi ishlamasligi sababli uyda o‘zim qarab o‘tiraman, shanba kuni maktabga borolmayman. Lekin metod birlashma rahbarimiz, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari “darsing yo‘q bo‘lsa ham, maktabga kelasan” demoqda. Xabarlada o‘qigandim, 3 yoshga to‘lmagan farzandi bor hodimlar haftasiga 36 soatdan ko‘p ishlamasligi kerak. Shuni aytgandim, “sening darsing haftasiga 28 soat, agar unday vaziyat bo‘lganda dars soating haftasiga 20 soatdan oshmasligi kerak” deb aytyabti. Bu holatda men nima qilishim kerak, darsim 28 soat bo‘lganligi sabab har kuni maktabga kelishim shartmi? 3 yoshga to‘lmagan bolam bo‘lsa ham? Iltimos qonunan yordam bering.



Huquqshunos javobi:

O‘zi shundoq ham pedagog xodimlarning haftalik ish yuklamasi 36 soat etib belgilangan.

❗️Sizlarga shanba kuni ham rasman ish kuni hisoblanadi. Garcha boshlang‘ich sinflarda darslar 5 kunlik rejimda qo‘yilgan bo‘lsa-da, bu boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining mehnat faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmaydi.

Mehnat kodeksining 184-moddasiga muvofiq ishi yuqori darajadagi ruhiy, aqliy va asabiy zo‘riqish bilan bog‘liq bo‘lgan, ya’ni alohida xususiyatga ega bo‘lgan tibbiyot xodimlari, pedagoglar va boshqa toifadagi xodimlar uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga ko‘pi bilan o‘ttiz olti soat qilib belgilanadi.

Shunga ko‘ra barcha pedagog xodimlar uchun haftalik ish soati 36 soatdan oshmaydi, bunda qonun chiqaruvchi 1 stavka uchun mazkur meyorni belgilaydi.



Bunda Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining pedagogik mutaxassisliklari bo‘yicha namunaviy yillik ish rejasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnomaga (ro‘yxat raqami 3058) 4-bandiga asosan umumiy o‘rta ta’lim muassasasi pedagog xodimining yillik ish yuklamasi quyidagicha hisoblab chiqiladi:
— 1-4-sinflar uchun belgilangan bir stavka miqdoridagi ish yuklamasi haftalik hajmini 1 koeffitsiyentga ko‘paytirish orqali, ya’ni:
18×1=18+18=36×4,3(hafta)=154,8×43 (hafta)=1548 soat;

— 5-11-sinflar uchun belgilangan bir stavka miqdoridagi ish yuklamasi haftalik hajmini 0,8 koeffitsiyentga ko‘paytirish orqali, ya’ni:
20×0,8=16+20=36×4,3(hafta)=154,8×43 (hafta)=1548 soat.



Ta’kidlash kerakki, yuqoridagi meyor faqat to‘liq stavkada ishlaydigan xodimlar uchun taalluqli. Agar sizda 28 soat bo‘lsa, siz haftasiga 36 soat emas, undan ko‘proq (50 soat) ishlashingiz kerak.

❗️Hozirda maktablarda to‘liq 6 kunlik ish haftasi o‘rnatilgani sababli, o‘qituvchilar garchi shanba kuni darsi bo‘lmasa ham ishga borishlari va o‘zlarining pedagogik yuklamalarini bajarishlari zarur.