O‘qituvchining ish vaqti qanday aniqlanadi? - Ta’lim / Образование

O‘qituvchining ish vaqti qanday aniqlanadi?

O‘qituvchining ish vaqti qanday aniqlanadi? O‘qituvchi kuniga necha soat ishlashi kerak? O‘qituvchilarning ish vaqtiga qanday taqsimlanadi? Ushbu savollarga sahifada javob olishingiz mumkin.

O‘qituvchining ish vaqti qanday aniqlanadi?

Savol: 1548 soatni 43 xaftaga bo‘linsa 36 soat chiqadi. 36 soatni 6 kunga bo‘linsa 6 soatdan bo‘ladi. Shunda ish vaqtimiz maktabda 1–4 sinflar uchun 8.00 dan 14.00 gacha bo‘ladimi? Yoki o‘rtada tushlik uchun 1 soat qo‘shilib ish vaqti 15.00 gacha bo‘ladimi? Lekin maktabda tushlik vaqti belgilanmagan. Chunki o‘quvchilarga bu vaqtda kim dars o‘tadi? Iltimos shu savolimga qonuniy javob bersangiz. Bizning rahbarimiz 1 stavka ish soati borlarga ham har kuni soat 8.00 dan 16.00 gacha ishlaysizlar deyapti. Agar har kuni 8.00 dan 16.00 gacha ishlasak, haftalik soatimiz 48 soat chiqadiku. Aniq qonuniy javob bering, iltimos.



Huquqshunos javobi:

❗️O‘qituvchining ish vaqti uning ish yuklamasidan kelib chiqib aniqlanadi.

1 stavka miqdorda (yuqori sinflarda 20, boshlang‘ich sinflarda 18 soat) ishlaydigan o‘qituvchi Mehnat kodeksining 184-moddasiga ko‘ra haftasiga 36 soat ishlashi kerak.

E’tibor bering! Mehnat kodeksining 204-moddasi birinchi qismida ish kuni (smena) davomida xodimga dam olish va ovqatlanish uchun davomiyligi ko‘pi bilan ikki soat va kamida o‘ttiz daqiqa bo‘lgan, ish vaqtiga kiritilmaydigan tanaffus berilishi kerakligi belgilangan.



Ushbu qoidaga muvofiq har bir tashkilotda ish beruvchi xodimlarning ish kuni davomida dam olishi va ovqatlanishi uchun tanaffus berishi shart.

Shunday ekan bu qoida maktabdagi o‘qituvchilarga ham tatbiq etiladi.

Bunda ichki mehnat tartibi qoidalarida yoki mehnat shartnomasida, agar xodim uchun belgilangan kunlik ishning (smenaning) davomiyligi to‘rt soatdan oshmasa, unga mazkur tanaffus berilmasligi nazarda tutilishi mumkin. Sizlardagi holatga esa bu qoidani qo‘llash mumkin bo‘lmaydi, negaki MK 184-moddasi hamda Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining pedagogik mutaxassisliklari bo‘yicha namunaviy yillik ish rejasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnomaga (ro‘yxat raqami 3058) asosan sizlarda kunlik ish vaqti 6 soatni tashkil etadi.



❗️E’tibor bering! Yuqoridagi normada tanaffus vaqti ish vaqtiga kiritilmasligi belgilangan.

Shunga muvofiq sizlardagi holatda ish vaqtini belgilashda tanaffus vaqti chiqarib tashlanadi. Agar tanaffus vaqti 1 soatni tashkil etsa, sizlarning ish vaqtingiz soat 8.00dan 15.00 gacha etib belgilanishi kerak.

❗️Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, bu me’yor faqat to‘liq stavkada ishlaydigan o‘qituvchilar uchun qo‘llanilishi kerak.