Sertifikat uchun ustama ko‘pi bilan necha yil muddatga to‘lanadi? Ushbu savolga malakali huquqshunoslar javob berishdi.
Savol: Men 2023 yil 19-fevralda ingliz tili o‘qituvchilariga 50% ustama beradigan Aptis for teachers sertifikatidan C1 olgandim. Ammo Aptis serifikatida amal qilish muddati yozilmas ekan. 2024-yil maydagi Qarorda ilova qismida muddati ko‘rsatilmagan ustama sertifikatlari uchun 3 yildan kam bo‘lmagan muddatda ustama to‘lab beriladi deyilgan ekan. Savolim shuki menga 2026-yilning fevral oyigacha ustama to‘lashadimi?
Huquqshunos javobi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.05.2022 yildagi PF-134-son Farmoni 9-bandiga ko‘ra xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 va 20 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanishi belgilangan.
Ushbu farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2023 yil 28 iyulda 25-sonli qo‘shma qaror ishlab chiqilgan va bu qaror 1-avgustdan kuchga kirgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 4-apreldagi 4-q/q-son va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 2-apreldagi 3-mh-son qarori (ro‘yxat raqami 3515)ga ilovada Xorijiy tillar va umumta’lim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar Ro‘yxati tasdiqlangan. Ushbu qo‘shma qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran (29.05.2024) kuchga kirgan.
Lekin qaror ilovasining 3-bobi rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran ikki oydan keyin kuchga kirishi belgilangan. Shunday ekan 3-bob qoidalari 29.07.2024 yildan boshlab kuchga kirdi.
Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi qonun 41-moddasiga asosan normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Shunga ko‘ra mazkur bob qoidalari kuchga kirgunga qadar olingan sertifikatlarga nisbatan 25-son qo‘shma qarordagi qoidalar qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligining 2022 yil 29 iyulda 34 q/k, 15-xx sonli qo‘shma qarori bilan berilishi boshlangan ustamalar sertifikat muddati davomida to‘lanishi qayd etilgan.
❗️34-son qo‘shma qaror qoidalariga ko‘ra ustama sertifikat berilgan vaqtdan boshlab ko‘pi bilan 3 yil to‘lanishi belgilangan.
Ushbu qoida muddati bevosita o‘zida ko‘rsatilmaydigan, ya’ni amal qilish muddati belgilanmagan sertifikatlar uchun qo‘llaniladi.
Mana shu qoidaga ko‘ra ustama sertifikat berilgan sanadan boshlab 3 yil to‘lanadi.