O‘qituvchilar va o‘quvchilar o‘rtasidagi nizolar nima uchun kelib chiqadi? - Ta’lim / Образование

O‘qituvchilar va o‘quvchilar o‘rtasidagi nizolar nima uchun kelib chiqadi?

O‘qituvchilik kasbining o‘ziga xosligi o‘z huquq, dunyoqarash, o‘z e’tiqodi va o‘z individual xususiyatlariga ega bo‘lgan o‘quvchilar bilan doimiy muloqotda bo‘lishga nisbatan intilishning kuchli ekanligidir.

Учитель и ученики. Прямая и обратная связь

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, har bir o‘qituvchi ham individual, g‘ayrioddiy, o‘ziga xos xususiyatlar va shaxs sifatlariga egadir. Uning shaxsi qanchalik yorqin va mustaqil bo‘lsa, uning kasbiy mahorati shunchalik yuqori va o‘quvchi shaxsi shakllanishiga shunchalik ko‘p ahamiyatlidir. “O‘qituvchi abadiyatga teginadi: hech kim uni ta’siri qachon tugashini ayta olmaydi”. Bu esa o‘z navbatida o‘qituvchi shaxsining jamiyat hayotida eng kerakli inson ekanligini ko‘rsatadi.

Ma’lumki, o‘z kasbi bilan shug‘ullanayotgan pedagoglarimiz nafaqat o‘z sohalariga doir bilim, ko‘nikma va malakalarga balki, pedagogik takt, mahorat hamda qobiliyatlarga ham ega bo‘lishini taqzo etmoqda. Chunonchi, o‘qituvchining mavjud bilimlarini o‘quvchilarga yetkazishda pedagogik mahorat asosiy o‘rin egallaydi. Shu nuqtayi nazardan olganda, pedagogik mahoratning yetakchi jihatlari quyida sanalgan sifatlarda o‘z aksini topadi.



O‘quvchilar faoliyatini ularning har biri o‘z layoqatlari, qiziqishlarini, qobiliyatlarini to‘laqonli rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lishlari uchun tashkil eta olish ko‘nikmasi. “Nutq fikrlarini rivojlantirib, dastlab uning sxemasini tinglovchi ongiga singdirishi lozim, shundan so‘ng ko‘rgazmali holatda uni tasavvurga taqdim etish lozim va nihoyat yumshoqlik, ehtiyotkorlik bilan uni tinglayotgan yurakka qo‘yish lozim, shundan so‘ng tinglovchi sizning harbiy-askaringizdir, o‘zi hech qachon sizdan qochib ketmaydi, hatto siz uni erkinlikka qo‘yib yuborsangiz ham, doimo sizning mo‘min mijozingizga aylanadi”.

Bolani “ko‘ra olish” qobiliyatini egallash – hatto ular faolligining ba’zi salbiy ifodali harakatlariga aql va e’tibor bilan yondashilganda keyinchalik pozitiv natijalarni berishi mumkin bo‘lgan afzalliklarni ajrata bilish ko‘nikmasidir. Shu o‘rinda e’tibor berishimiz kerakki, aslo yaxshi ko‘rib bo‘lmaydigan o‘quvchi bo‘lmasligini tushunish lozim.

O‘qituvchi nutqi fikrni uyg‘otishi va uni tetik holda ushlab tura olishi lozim. “O‘qituvchilar uchun so‘z o‘z fikrlarini uxlatish uchun emas, boshqalar fikrlarini uyg‘otish uchun berilgan”. Shuning uchun darsda nafaqat nima aytish, balki uni qanday aytish ham muhim sanaladi.



A.S.Makarenkoning ta’kidlashicha, pedagogik mahorat ham ovozini to‘g‘ri qo‘ya olish ham o‘z shaxsini boshqara bilishdan iborat bo‘lar ekan. O‘z tajribasini namoyon etib, u “bu yoqqa kel” jumlasini 15-20 xilda aytishga o‘rganganida haqiqiy mahorat egasiga aylanganligi haqida gapiradi.

O‘qituvchining o‘z nutqi intonatsiyasini xilma-xil tusga kirita olishi o‘quvchilar diqqatini ushlab turishga yordam beradi. Hazilning katta bo‘lmagan qismi ma’lumotlarning ifodalashning o‘ziga xos jozibasini ko‘rsatadi.

O‘qituvchi diksiyasi, talaffuz qilish va jumlalar tuzishning aniqligi o‘qituvchi nutq madaniyatini shakllantiradi. A.P.Chexovning “Zerikarli voqealar” asarida keksa o‘qituvchi shunday deydi: “Men o‘z nutqim adabiy bo‘lishiga, aniqlovchilar qisqa va aniq, jumlalar iloji boricha sodda va chiroyli bo‘lishiga intilaman”.



Ta’lim va tarbiya jarayoni, har qanday rivojlanish kabi, qarama-qarshiliklar va nizolarsiz mumkin emas. Shuningdek hozirgi kunda ham bunday nizolar yo‘q deb ayta olmaymiz. Ijtimoiy soha olimlarining fikriga ko‘ra o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi ziddiyatlar quyidagicha tasniflanishi mumkin:

  • o‘quvchining harakatiga yutuqlariga va o‘qishdan tashqari topshiriqlarning bajarilishiga;
  • o‘quvchining maktab va maktabdan tashqari qoidalariga amal qilmasligi;
    muomala, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi shaxsiy-emotsional muhit;
  • ba’zi ota-onalarning betarbiya ekanligi.

Faoliyat nizolari

O‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi nizo o‘quvchining ta’lim vazifasini bajarishdan yoki uning yomon bajarilishidan voz kechishida namoyon bo‘ladi. Bu turli sabablarga ko‘ra sodir bo‘lishi mumkin: charchoq, o‘quv materiallarini o‘zlashtirishdagi qiyinchilik va ba’zan o‘quvchiga aniq yordam berish o‘rniga o‘qituvchining muvaffaqiyatsiz so‘zlari. Bunday nizolarga ko‘pincha o‘quvchining darsni o‘zlashtirishda qiyinchiliklarga duch kelganda, shuningdek, o‘qituvchi qisqa vaqt ichida sinfda dars berganida va u bilan o‘quvchilar o‘rtasidagi munosabatlar o‘quv ishlari bilan cheklanganda sharoit yaratiladi. Bunday holatlar boshlang‘ich sinflarda kam uchradi. Chunki boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari o‘quvchilarni xarakterini bilishi va darsdan tashqari qayg‘urishi bilan ajralib turadi.



Harakatlar ziddiyatlari

Pedagogik holat, agar o‘qituvchi o‘quvchining harakatini tahlil qilishda xato qilsa, uning sabablarini aniqlamagan yoki asossiz xulosa chiqargan bo‘lsa, ziddiyatga olib kelishi mumkin. Axir, xuddi shu harakatlar turli sabablarga ko‘ra belgilanishi mumkin. O‘qituvchi o‘quvchilarning xatti-harakatlarini o‘zgartirishga harakat qiladi. Lekin o‘quvchi buning sababini to‘liq tushuna olmay, o‘zicha fikr yuritadi. O‘qituvchi esa tushuntirib o‘tirmasdan tartibga amal qilishini talab qiladi. O‘quvchi esa tushunmaganligi uchun o‘qituvchida to‘la asos yo‘q deb hisoblaydi.


Ziddiyatlarni bartaraf qilish

O‘qituvchi nizolashishda o‘z pozitsiyasini to‘g‘ri aniqlay olishi kerak. Agar sinf jamoasi uning tarafida ishlayotgan bo‘lsa, unda bu vaziyatdan eng yaxshi yo‘lni topish osonroq bo‘ladi. Agar sinf intizomni buzuvchi o‘quvchi bilan bir xil o‘ylasa bu salbiy oqibatlarga olib keladi (masalan, nizolar surunkali hodisa bo‘lishi mumkin).

Vaziyatdan yaxshi chiqish uchun o‘qituvchi o‘smirning ota-onasi bilan munosabat o‘rnatishi kerak!



Ko‘pincha o‘qituvchining yuqori sinf o‘quvchilari bilan aloqasi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bilan bir xil prinsiplarga asoslanadi. Bunday munosabatlar o‘smirning yosh xususiyatlariga mos kelmaydi, birinchi navbatda, uning o‘zi haqidagi g‘oyasi — kattalarga nisbatan teng mavqega ega bo‘lish istagi yotadi. Mojaroni muvaffaqiyatli hal qilish uchun o‘qituvchi yuqori sinf bolalari bilan munosabatlarning yangi turiga o‘tishda o‘quvchilarning ruhiy tayyorgarligini ta’minlash kerak. Bunday munosabatlarni qurishning tashabbuskori kattalar bo‘lishi kerak.

Professor V. I. Juravlev rahbarligida o‘tkazilgan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi so‘rovnomaga ko‘ra, o‘quvchilarning 80 foizi bir yoki bir nechta o‘qituvchilarga nisbatan nafratda ekanligi holati kuzatilgan. Ushbu munosabatlarning asosiy sabablari sifatida o‘quvchilar quyidagilarni aytadilar:

  • o‘qituvchilar bolalarni yaxshi ko‘rmaydi — 70%;
  • o‘qituvchining salbiy shaxsiy fazilatlari — 56%;
  • o‘qituvchi tomonidan o‘z bilimlarini nohaq baholanishi— 28%;
  • o‘qituvchi o‘z mutaxassisligiga ega emas — 12%.

Ziddiyatlar sabablari

Hozirgi zamonda o‘quvchilar turli manbaalar orqali mustaqil bilim olishlari va o‘rganishlari mumkin. Ota-onasi yoki repititor tomonidan oz bo‘lsada bilimga ega bo‘lishi mumkin. Fanni o‘qituvchichalik yaxshi bilmasada, bir qismini o‘rganib olib ana shu mavzu bo‘yicha o‘qituvchi berayotgan bilimni taqqoslashtiradi. Agar o‘qituvchi sayoz bilim bersa yoki xato aytsa buni sezgan o‘quvchida o‘qituvchiga nisbatan hurmat yo‘qoladi. Buni albatta yonidagi sinfdoshlariga aytib maqtanadi. Bu esa umumiy holda darsga quloq solmaslik va fanni xurmat qilmaslik, oxir-oqibatda fanni o‘zlashtirish istagining yo‘qolishiga olib keladi.



Ziddiyatlarning kelib chiqish sabalarining yana bir omili bu yashash sharoitining yaxshi emasligi. Agar o‘qituvchi stress holatida bo‘lsa o‘quvchiga nisbatan adolatsiz hatti-harakat qilishi, o‘zi bilmagan holda yuqoridagi xatolarga yo‘l qo‘yishi mumkin. O‘quvchida yomon turmush tarzi bo‘lsa nafaqat o‘qituvchi balki yon atrofdagi hamma bilan ziddiyatli holat va og‘ir psixologik jarayon holat yuzaga kelishi mumkin.

P.S. O‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi muammoli vaziyatlarda ikki tomonning ham vaziyatini yaxshilab o‘rganib, alohida suhbat asosida hal qilish eng maqbul yo‘ldir. Ko‘p hollarda o‘quvchilardagi jizzakilik va beodoblik uning oilaviy yoxud shaxsiy muammolari borligini bildiradi.

 

 

Leave a Reply