Savol: Menga uy ta’limi haftasiga 1 soat dars berishdi. Umuman uy ta’limiga qanday to‘lanadi? Ularga alohida reja tuzish kerakmi? Emaktab.uz elektron jurnaliga qanday yozish kerak?
Javob: Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 oktyabrdagi 638-son qaroriga 2-ilovada tasdiqlangan «Jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari to‘g‘risida»gi Nizomning 18-bandiga ko‘ra O‘quv rejasidagi haftalik soatlar miqdori:
▪️ 1 – 4 sinflar uchun 8 soat,
▪️ 5 – 9 sinflar uchun 10 soatni,
▪️ 10-11 sinflar uchun 12 soatni tashkil qiladi.
Bunda dars jadvali haftasiga kamida uch kunga moslab tuziladi.
Shuningdek, dars mashg‘ulotlarida o‘quvchining olgan baholari ushbu Nizomga 4-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq har bir fan bo‘yicha alohida yuritiladigan baholash daftariga qayd etib boriladi.
O‘quvchining baholash daftariga qo‘yilgan baholar o‘quvchi ro‘yxatda turgan maktabning sinf jurnaliga yoki o‘quvchilarning davomati va o‘zlashtirishini hisobga olish elektron tizimiga kiritib boriladi.
Mazkur nizom hamda “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami № 3271)ga muvofiq, yakka tartibda o‘tiladigan darslar o‘qituvchiga tarif asosida biriktiriladi.
Shu bilan birga nizom(VM 638-son qaror) 33-bandiga ko‘ra o‘quvchiga ta’lim berayotgan o‘qituvchilarga belgilangan tartibda qo‘shimcha haq va yo‘l haqi kompensatsiyasi to‘lanadi.
Uyda ijtimoiy yordam xizmati xodimlari hamda nogiron bolalarni uyida o‘qitganlik uchun umumta’lim maktablarining o‘qituvchilariga yo‘l haqi kompensatsiyasi tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizomga (ro‘yxat raqami 2435) asosan maktab o‘qituvchilariga – maktabdan o‘qitilayotgan o‘quvchining yashash joyigacha kamida 1,5 kilometr masofa bo‘lganda uyda o‘qitilayotgan bir nafar o‘quvchi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 100 foizi miqdorida kompensatsiya tayinlanadi.
Hozirgi kunda bazaviy hisoblash miqdori – 375 000 so‘mni tashkil etadi.
Shunga ko‘ra sizga ham har oy qo‘shimcha 340 ming miqdorda kompensatsiya to‘lanadi, agar yakka tartibdagi o‘quvchining uyi maktabdan 1.5 km va undan ko‘p uzoqlikda joylashgan bo‘lsa.