Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qaror matni O‘zAda eʼlon qilindi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida o‘tkaziladi, mehnatkash va bag‘rikeng xalqning bunyodkorlik salohiyati bilan erishilayotgan ulkan natijalarning mazmun-mohiyati haqida mahallalar, taʼlim muassasalari, mehnat jamoalarida maʼrifiy uchrashuv va suhbatlar o‘tkaziladi.
Mustaqillik bayrami munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama eʼzozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga moddiy va maʼnaviy yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlari o‘tkaziladi.
Badiiy akademiya, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi 2026-yil 1-iyunga qadar milliy mustaqillik va suverenitet g‘oyalarini, Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari qiyofasini o‘zida aks ettirgan “Vatan fidoyilari” ramziy monumentining eskiz loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Ushbu monument Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tuman va shaharlarda 2026–2030-yillarda barpo etilayotgan umummilliy birdamlik bog‘larining markaziy qismida o‘rnatilishi hisobga olinadi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti tadqiqotlari instituti, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan birgalikda 2026-yil 1-avgustga qadar har bir sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning natijalari va erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan “Mustaqillik zafarnomasi” maxsus kitob-albomini tayyorlaydi.
Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi 2026-yil aprel oyidan ijtimoiy tarmoqlarda #Mustaqillik35, #Uzb35 xeshteglari ostida targ‘ibot aksiyalarini (fleshmoblar, podkastlar, viktorina va boshqalar) boshlaydi.





