Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumaniga tashrif buyurdi hamda oʻqituvchi va murabbiylar bilan muloqot qildi.
“Xalqimizning kelajagi maktabdan boshlanadi. Chunki farzandlarimizga bilim va tarbiya berishning eng uzoq davom etadigan, kerak boʻlsa, hal qiluvchi bosqichi bu – maktab taʼlimidir”, – dedi Prezident.
Maktab taʼlimida bir qator muhim oʻzgarishlar amalga oshirilishi taʼkidlandi.
Yangi oʻquv yilidan boshlab maktab davrida oʻquvchilarning qobiliyatiga qarab, kasb yoki oliy taʼlimga yoʻnaltirish uchun 9- va 11-sinf oʻquvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinadi. Shu orqali 400 mingga yaqin 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarga qamrab olinadi.
Oʻqishni maktabda davom ettirib, oliygohga kirish istagida boʻlgan yoshlarga fanlar tanlov asosida chuqurlashtirib oʻtiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, maktabdagi yakuniy imtihon natijalari bilan bitiruvchilar xohlasa texnikumga, istasa oliygohga kira oladigan boʻladi.