Biologiya terminlari, atamalar va tushunchalar izohli lug‘ati - Ta’lim / Образование

Biologiya terminlari, atamalar va tushunchalar izohli lug‘ati

Ushbu sahifada biologiya terminlari, atamalar va tushunchalar izohli lug‘ati bilan yaqindan tanishib chiqishingiz mimkin.

Biologiya terminlari, atamalar va tushunchalar izohli lug‘ati

Biologiya (yunoncha βίος, bios, «hayot»; va λόγος, logos, «bilim») hayot va u bilan bog‘liq masalalar tadqiqotidir. U empirik fanning jonli organizmlarning tuzilishi, funksiyalari, o‘zgarishi, kelib chiqishi, evolyusiyasi va o‘lishini o‘rganuvchi sohasidir.

U turli organizmlarni saralaydi, ularning ishlashini, turlarning paydo bo‘lishini, ularning o‘zaro va atrof-muhit bilan munosabatlarini tasvirlaydi. Biologiya botanika, zoologiya, fiziologiya kabi turli sohalarga bo‘linadi.



A

Abaziya(yun. a — inkor qo‘shimchasi, basis — qadam) bemorning mutlaqo yura olmay, hatto tik tura olmay qolishi; uning oyoqlari falaj bo‘lmasada, muvozanatni saqlay va umuman o‘zini eplay olmaydi. U o‘rnidan tik turishi va qadam qo‘yishi bilanoq oyoklari ishlamay yiqilib tushishi mumkin. Kasallik bosh miya peshona qismining shikastlanishi kuzatiladi.

Abbreviatsiya(lot. abbreviate — qisqarish) — a’zolar yoki ular qismlarining individual rivojlanish jarayonida qisqarishi. Abbreviatsiya onto-genezning oxirgi shakllanishi bosqichi izdan chiqishi natijasida ro‘y berib, bu avlodlarda a’zolarning to‘liq rivojlanmay qolishiga olib keladi.

Aberratsiya(lot. aberratio – onic – o‘zgarish) xromosomalar tuzilishidagi o‘zgarishlar.

Abiogenez (yunoncha — inkor qo‘shimchasi, bio va genezis — kelib chiqish, paydo bo‘lish) tirik tabiatda mavjud bo‘lgan organik birikmalarning organizm ishtirokisiz nobiologik yo‘l bilan hosil bo‘lishi; — tirik mavjudotlarning paydo bo‘lishi, ya’ni hayotning vujudga kelishi haqidagi zamonaviy nazariyadir.

Ablastinlar — ingibitorlar, organizmdagi maxsus bo‘lmagan himoya vositasi. Ular kasallik qo‘zg‘atuvchisining (virusning) ko‘payishiga to‘sqinlik qilish xususiyatiga ega.

Aborigen(lot. ah dan, abarigetds – boshdan boshlab) – mahalliy sharoitlarga yaxshi moslashib olgan o‘simlik va hayvonlar, ya’ni muayyan mamlakat yoki joyning tub yerli xayot kechiruvchilari.

Absorbentlar(lot. absorbentia – yutuvchi) – absorbiyalovchi, yutuvchi, surib oluvchi, shimuvchi moddalar. Masalan, aktivlangan ko‘mir, eritrositlar.

Avidin(avidinum – oksilning tarkibiy qismi) – hayvon va parrandalar tuxumidagi glikoproteidlar bo‘lib, ular iste’mol qilinganda suvda erimaydigan, biologik jihatdan faol bo‘lmagan majmua hosil qiladi.

Aviditet(fr. avidite, lot. aviditas – ochkuzlik) antitelalarning antigenlarga yaqinligi, immun reaksiyalarning tezligi va to‘liqligi hamda antigen va antitelalarning birikishidan hosil bo‘lgan barqaror majmua.

Avirulent(gr. a – inkor, virulentus – kasallik qo‘zg‘atish qobiliyati) ma’lum mikroorganizmlar va viruslar to‘dasining belgili kasallik ko‘zg‘atish qobiliyatiga ega bo‘lmagan xili.



Avitaminoz(yun. a — inkor qo‘shimchasi va vitaminlar) organizmda vitaminlar yetishmasligi natijasida paydo bo‘ladigan kasallik.

Avtoklav(gr. autos – o‘zi, lot. clavis – qulf, yopqich) laboratoriyalarda ishlatiladigan idishlarni, maxsus kiyimlarni, ozuqa muhitlarni bosim ostida (2,5 atm. gacha), tuyingan suv bug‘i ta’sirida, 138°S da virus va mikroorganizmlardan zararsizlantiruvchi asbob.

Avtoliz(gr, autos, lisis – erish) organizm to‘qimalari tarkibidagi fermentlar ta’sirida hujayralarning o‘z-uzidan erishi, parchalanishi.

AvtogamiyaAvtogamiya (avto va yun. gamos — qo‘shilish) 1) yuksak o‘simliklar (donli ekinlardan — bug‘doy, suli, arpa va boshqa, dukkaklilardan — no‘xat, loviya; butgullilar va chinniguldoshlarga mansub ko‘pgina yovvoyi o‘tlar)ning o‘z-o‘zidan changlanishi va urug‘lanishi. 2) bir hujayrali organizmlar (diatom suvo‘tlar, sporaliklar, ba’zi amyobalar)da ikki yadroning qo‘shilishi natijasida o‘z-o‘zidan urug‘lanish jarayoni.

Avtomiksis(avto va yun. mixis — surilish, qo‘shilish) bir individga mansub jinsiy hujayralar (gametalar)ning qo‘shilishi, o‘zidan urug‘lanishi. Bir hujayrali hayvonlar, ko‘pgina zamburug‘lar va qisman diatom suvo‘tlar orasida keng tarqalgan.

Avtotomiya — (avto va yun. tome — kesib tashlash) bir qancha hayvonlarda yirtqich hayvon changaliga tushib qolganida himoya tariqasida tanasining biror qismini beixtiyor uzib tashlashi.

Avtotrofizm / avtotropizm — biror tashqi omil ta’sirida bukilib qolgan o‘simlik organlarining oldingi holatini tiklab olish xususiyati. Masalan, boshoqli o‘simliklarning yomg‘ir ta’sirida yotib qolgandan keyin yana boshog‘ini tiklab olishi.

Avtotrof organizmlar(autos — o‘zim, trophe — oziqlanish) fotosintez yoki xemosintez jarayonida noorganik moddalardan organik birikmalarni xosil qiluvchi organizmlar.

Agglyutinatsiya(lat. agglutinato — yopishish) suyuqliklardagn zarrachalar (bakteriyalar, eritrositlar va boshqa xujayra elementlari) ning bir-birnga yopishib, g‘ujlanib qolishi.

Agglyutininlar — qon zardobida hosil bo‘lib, ular ta’sirida yopishib, g‘ujlanib (agglyutinatsiyalanib) qolgan organizm uchun yot moddalar.

Agoniya — (yun. agonia — kurash) o‘lim talvasasi. Uning o‘ziga xos belgilari: bosh miya faoliyatining zaiflanishi, xirillash, hushdan ketish, nafas olish va yurak urishining bir tekis bo‘lmasligi, ko‘z qorachig‘ining kengayishi, reflekslarning asta-sekin yo‘qolishi, oyoq va badanning sovishi, rang bo‘zarishi, tananing ko‘kimtir tus olishi.

Adaptatsiya — (lot. adaptatio — moslashish) organizmlarning evolyusiya jarayonida yuzaga kelgan yashash sharoitiga moslashuvi.

Akklimatizatsiya(lot. ad — uchun, ga, klimas — iqlim) organizm uchun yangi bo‘lgan yoki o‘zgargan iqlim sharoitiga moslashish.

Aksostil — ko‘p xivchinln sodda hayvonlarning butun tanasi bo‘ylab yo‘nalgan zich elastik ip.

Aktiniyalar(actinlaria) oltinurli yagona (ba’zan kolonial) marjon poliplar.

Aktinomikozlar — nursimon zambururlar (Astinomyces) guruhiga oid parazitlar — zambururlarni keltirib chiqaruvchi kasallik.

Aktinomisetlar (Actinomycetalis) — uzun, hujayralarga bo‘linmagan nursimon misellalardan iborat bakteriyalar guruhiga yaqin organizmlar. Ular tuproqda yashaydi va sporalar halqasini hosil qiladi ko‘payadi; parazit hamda saprofit shakllari bor.

Allel(grek. allyelon — bir-biriga mos, o‘zaro) allelomorf, ya’ni gen ayrim strukturaviy holatlarining imkoniyatlaridan biri.

Allergiya(grek. allos — boshqacha, ergon – ta’sir) organizmga yot bo‘lgan antigenlar (mikroblar, yot oqsillar va boshqa omillar ta’sirida yuzaga keladigan organizmning o‘ta sezgirligi.

Albinizm(lot. albus — oq) muayyan turdagi organizmlarga xos normal pigmentatsiyaning tug‘ma bo‘lmasligi.

Amyobiaz(Entamoeba histolytica) dizenteriya amyobasi, qo‘zg‘atadigan ichak kasalligi.

Amniotlar — (Amniota) yuqori darajadagi umurtqalilar — sudralib yuruvchilar, qushlar va sutemizuvchilar guruhi. Ular Homilasining taraqqiyoti muvaqqat (provizor) organlar (amnion, xorion, allantois) hosil bo‘lishi bilan bog‘liq.

Anabioz — organizmning tirikligini ko‘rsatib turuvchi belgilari ko‘rinmay qolgan darajada hayotiy jarayonlari sustlashib ketgan holati. Zarur sharoit tug‘ilishi bilan hayot faoliyagi qayta tiklanadi.

Anaboliya — embriogenez taraqqiyoting so‘nggi bosqichida (morfogenez oxirida) yangi belgining qo‘shilishi; filoembriogenez shakllaridan biri. «Anaboliya» atamasini A. N. Seversev (1912) taklif qilgan.

Anaeroblar(an — inkor etuvchi old qo‘shimcha, ayeg — havo, bias — hayot) — erkin kislorod bo‘lmagan muhitda yashay oladigan organizmlar.

Androgenez — (grekcha ander — erkak va genesis — taraqqiyot) — urg‘ochi jinsni xujayra yadrosining shikastlanishi oqibatida faqatgina otalik yadrosi tutgan urug‘langan tuxum xujayra taraqqiyoti, ya’ni erkakcha partenogenez.

Anizogametalar(grek, anisos — bir xil bo‘lmagan, gemetes — er, gemete — xotin) o‘lchamlari bir xil bo‘lmagan gametalar (yirik mikrogametalar va mayda mikrogametalar). Sinonimi — geterogametalar.

Anizoxromiya — hujayralar buyalishining har xil darajasi.

Anizositoz(grek, anisos — bir xil bo‘lmagan, cytos — hujayra) hujayralarning, masalan, ayrim qon kasalliklarida eritrositlarning har xil kattalikda bo‘lishi.

Anti(grek, anti — qarshi) biror narsaga qarama-qarshi, zid, aks ma’nosini anglatuvchi old qo‘shimcha.

Antigenlar — taxassus immun javobini chaqirishga qodir bo‘lgan organizm uchun yot oqsillar.

Antimutagenlar — o‘z-o‘zidan ruy beruvchi yoki ataylab vujudga keltiruvchi mutatsiyalar chastotasini susaytiruvchi omillar.

Antiseptika — kasallik keltirib chiqaruvchilarni zararsizlantirishga qaratilgan davolash-profilaktika muolajalari kompleksi.



Antitelalar — organizmga yot oqsil kirganda hosil bo‘ladigan va shu yot oqsilning zararli ta’sirini yuqotadigan oqsil moddalar.

Antropo — murakkab so‘zlarning odamga tegishli ma’nosini anglatuvchi qismi.

Antropogenez — odamning kelib chiqishi; uning jamoa shakllanish jarayonida tur sifatida takomillashishi.

Apomiksis — pushtning taraqqiy etishi urug‘lanmasdan kechadigan kupayish usuli; organizm ko‘payishining jinsiy jarayonsiz ro‘y berishi.

Aromorfoz — hayotiy muhim organlarni qamrab olib ularning tuzilishi va hayot faoliyatini mukammallashishga, ya’ni morfofiziologik progressga olib keladigan tarixiy taraqqiyot jarayonida yuzaga kelgan organizmlardagi o‘zgarishlar.

Aseptika — jarohatni turli mikroorganizmlar tushishidan asrash uchun unga tegadigan barcha buyumlarni fizikaviy metodlar yordami bilan zararsizlantirish.

Assimilyasiya yoki Anabolizm — tashqaridan kirgan moddalarni organizmga qabul qilish, o‘zlashtirish va organizmning o‘z moddasiga aylantirish. U organizm bilan atrof-muhit o‘rtasidagi modda almashinuvi jarayonining bir tomoni hisoblanadi.

Atavizm — uzoq ajdodlarga xos belgi va xossalarning organizmda paydo bo‘lishi.

Autbriding(ingl. out — chet, tashqari breedihg urchitish, kupaytirish) — bir turning qarindosh bo‘lmagan shakllarining chatishishi.

Autosomalar(grek, autos — o‘zi, soma — tana) jinsiy bo‘lmagan, ya’ni ikkala jins individida ham bir xil tuzilishga ega bo‘lgan xromosomalar.



B

Binar bо‘linish — bir hujayrali organizmlarning bо‘linish usuli.

Biogen element — tirik organizmlar tarkibiga kiruvchi kimyoviy elementlar.

Biologik progress(lotincha progressus – “oldinga harakat”) organizmlarning ma’lum sistematik guruhlarining tashqi muhit sharoitlariga moslanishi bilan bog‘liq yuksalishini ifodalovchi evolyutsiya yo‘nalishi.

Biologik regress — (lotincha regressus – “qaytish”, “tubanlashish”) – organizmlar yashash sharoitiga moslanishlarining susayishini ifodalovchi evolyutsiya yo‘nalishi.

Biosfera (yunoncha bios – “hayot”, sfera – “shar”) — yerning tirik organizmlar tarqalgan qobigʻi. Biosferaning yuqori chegarasi ozon qatlami bilan belgilanadi.

Biosistema — o‘zaro aloqador va bir-biriga ta’sir ko‘rsatadigan, muayyan funksiyani bajaradigan, rivojlanish, o‘z-o‘zini barpo etish va atrof-muhitga moslanish qobiliyatiga ega biologik obyektlar.

Biotexnologiya — (yunoncha bios – “hayot”, techne – “mahorat”, “sanʼat”, logos – “taʼlimot”) – qishloq xoʻjaligi, sanoat va tibbiyotning turli sohalarida tirik organizm va biologik jarayonlardan foydalanadigan sanoat usullari majmui.

Biotop (yunoncha bios – “hayot”, topos – “joy”) — yer sirti (quruqlik yoki suv havzasi)ning muhit sharoitlari bir xil va muayyan biotsenoz bilan band boʻlgan qismi; turlarning makoni.

Buferlik — hujayra ichki muhitining kuchsiz ishqoriy holatda doimiy saqlash xususiyati.



Ch

Cheklovchi omil — tirik organizm, tur, jamoaning hayotiy faoliyati va rivojlanishini susaytirib yoki to‘xtatib qo‘yadigan omil.


D

Deletsiya — xromosoma bir qismining yo‘qolishi.

Denaturatsiya — birlamchi strukturasini saqlagan holda turli omillar ta’sirida oqsil tabiiy tuzilishining buzilishi.

Dissimilyatsiya (parchalanish) — organik moddalarning parchalanishi natijasida energiya ajralishi bilan boradigan jarayon.

Dizruptiv — bir populyatsiya doirasida bir-biridan farqlanuvchi bir nechta polimorf formalarning hosil bo‘lishiga olib keluvchi tabiiy tanlanishning bir shakli.

Duplikatsiya — xromosoma ayrim qismining ikki hissa ortishi.


E

Ekologik nisha — turning biotizim sifatida mavjudligini belgilab beruvchi barcha abiotik va biotik omillarning yig‘indisi.

Ekosistema (yunoncha oikos “uy”, “yashash joyi”) — biologik sistema sifatida o‘zaro moddalar almashinuvi orqali bog‘langan tarkibiy qismlar – biotop (yashash muhiti) va biotsenoz (tirik organizmlar jamoasi)dan tashkil topgan ochiq sistemalar. Masalan, hovuz, koʻl, oʻrmon, chiriyotgan toʻnka va tuvakdagi gul.

Embriogenez(yunoncha embryon – “embrion”) tuxum hujayraning urug‘lanishidan boshlanib, yosh organizmning tug‘ilishi yoki tuxum qobig‘ini yorib chiqishi bilan yakunlanadigan jarayon.Endonukleaza — DNK zanjirining kesuvchi qismlari (restriktaza).

Endotsitoz (endo – “ichkari”, sitoz – “hujayra”) – plazmatik membrananing yirik molekulalar yoki ular yig‘indisidan hosil bo‘lgan yirik zarrachalarni o‘tkazish xususiyati.

Eukariotlar — (yunoncha eu – “haqiqiy”, “yaxshi”, kario – “yadro”, “mag‘iz”) – hujayrasida yadro to‘liq shakllangan organizmlar (zamburug‘lar, lishayniklar, o‘simliklar, hayvonlar).Evolyutsiya – organik olamning vaqt mobaynida о‘zgarib borishi.

Evribiontlar — (yunoncha eurys – “keng”, biontos – “yashovchi”) – keng ko‘lamda o‘zgaruvchan muhit sharoitida yashashga moslashgan yoki chidamlilik chegaralari doirasi keng bo‘lgan organizmlar.



F

Fagotsitoz — (yunoncha fageo – “yemoq”, “hazm qilmoq”) – oqsillar, polisaxaridlar, asosan, qattiq zarrachalarning hujayra kirish jarayoni.

Filogenez — (filon – “ajdod”, genezis – “kelib chiqish”) – organizmlarning tarixiy taraqqiyoti.

Fototropizm — (yunoncha trope – “burilish”) yorug‘lik ta’sirida o‘simliklarning harakatlanishi, bunda harakat yo‘nalishi yorug‘lik yo‘nalishiga bog‘liq.


E

Evribiontlar — (yunoncha eurys – “uzun”, bios – “hayot”) keng tolerantlik chegaralariga va ekologik sharoitda sezilarli o‘zgarishlarga ega bo‘lgan, katta hududlarni egallay oladigan organizm turlari.


G

Gameta — organizmlarning jinsiy ko‘payishida hosil bo‘ladigan erkaklik va urg‘ochilik jinsiy hujayralari.

Gaploid — jinsiy hujayralardagi xromosomalar to‘plami.

Genetik kod — oqsillar tarkibiga kiruvchi har bir aminokislotaning nuklein kislotalarda ketma-ket joylashgan uchta nukleotid (triplet, kodon) yordamida ifodalanishi.

Genetika — barcha tirik organizmlarga xos bo‘lgan irsiyat va o‘zgaruvchanlik qonuniyatlarini o‘rganuvchi fan.

Genetik muhandislik — hujayra genetik apparatiga o‘zgarish kiritish orqali rekombinant DNK yaratish va shu asosda yangi biologik xususiyatlarga ega obyektlarni hosil qilish imkonini beruvchi usullar va texnologiyalar yig‘indisi.

Genotip (genos – “avlod”, tipos – “namuna”) — bir individning barcha genlarining yig‘indisi.

Geterogamiya (getero – “har xil”, gamos – “nikoh”) — jinsiy hujayralarning qо‘shilishi. Erkak va urg‘ochi gametalar harakatchan, lekin urg‘ochi gametalar erkak gametalarga nisbatan yirik bo‘lishi bilan xarakterlanadi.

Geterotroflar — tayyor organik moddalar bilan oziqlanuvchi organizmlar.

Gibridologik usul — bir-biridan keskin farq qiluvchi (alternativ) belgilarga ega bo‘lgan organizmlarni chatishtirish va bu belgilarning keyingi avlodlarda yuzaga chiqishini tahlil qilish.

Gidrofil — suvda yaxshi eriydigan moddalar.

Gidrofob — suvda yomon eriydigan yoki umuman erimaydigan moddalar.

Glikoliz (glikos – “shirin”, lizis – “parchalanish”) — glyukozaning kislorodsiz muhitda parchalanishi.

Gomeostaz (gomeo – “bir xil”, stazis – “turg‘un”) — organizmlarning tuzilishi va funksiyalarining nisbiy turg‘unlik holati.



I

Individual rivojlanish, ya’ni ontogenez — organizmlarning zigotadan boshlanib to nobud bo‘lishigacha bo‘lgan davr.

Inversiya — xromosoma qismining 180° C ga aylanishi.

Irsiyat — ota-ona belgi va xususiyatlarining avlodlarda namoyon bo‘lishi.


K

Kallus — hujayralarning bo‘linishidan hosil bo‘lgan deyarli ixtisoslashmagan hujayralar massasi.

Kariokinez — yadroning bо‘linishi.

Klon — jinssiz kо‘payish natijasida hosil bо‘lgan bir hujayra yoki organizmning avlodlari.

Kodominantlik — genotipda ikki dominant genning bir-birini inkor qilmasdan belgilarni yuzaga chiqarishi.

Konsument (lotincha consume – “iste’mol qilaman”) — tayyor organik birikmalar bilan oziqlanuvchi va oziq tarkibidagi energiyani oziq zanjiri bo‘ylab uzatuvchi geterotrof organizmlar.



M

Matritsa — genetik axborot nusxasi kо‘chiriladigan asos, ya’ni DNK qо‘sh zanjirining biri.

Mikrobiologiya (yunoncha micros – “kichik”, bios — “hayot”, logos – “taʼlimot”) — mikroorganizmlar va ularning boshqa tirik organizmlarga ta’siri bilan shug‘ullanadigan fan sohasi.


O‘

O‘zgaruvchanlik — avlodlarda yangi belgi va xususiyatlarning namoyon bo‘lishi.


O

Ontogenez (yunoncha onton – “mavjudot”, genesis – “rivojlanish”) — organizmning individual rivojlanishi.

Oogamiya (oo – “tuxum”, gamos – “nikoh”) — jinsiy hujayralarning qо‘shilishi. Yirik, harakatsiz urg‘ochi gametalar mayda, harakatchan erkak gametalar bilan qo‘shilishi orqali sodir bo‘ladi.

Optimum (lotincha optimus – “eng yaxshi”) – omilning organizm o‘sishi, rivojlanishi va ko‘payishi samarali kechadigan diapazoni.

Osmos — erituvchining membrana orqali erigan modda konsentratsiyasi past muhitdan erigan modda konsentratsiyasi yuqori boʻlgan muhit tomon o‘tishi.

Ovogenez — tuxum hujayraning rivojlanish jarayoni.

Oziq zanjiri — bir bo‘g‘in (manba)dan ikkinchi bo‘g‘in (iste’molchi)ga moddalar va energiya o‘tadigan organizmlarning tizimli ketma-ketligi.



P

Pinotsitoz (yunoncha pino – “ichaman”, sitoz – “hujayra”) — moddalarning eritma holida membranadan hujayra ichiga o‘tishi.

Pleyotropiya — bir genning bir necha belgilarni nazorat qilishi yoki ko‘p tomonlama ta’siri.

Poliembrioniya — bir zigotadan bir nechta mustaqil embrionlarning rivojlanishi.

Poliploidiya — xromosomalar sonining karra marta ortishi.

Populyatsiya — morfofiziologik, genetik, ekologik, etologik jihatdan o‘xshash, kelib chiqishi umumiy bo‘lgan, o‘zaro erkin chatishib, nasldor avlod beradigan individlarning yig‘indisi.

Produtsent (lotincha producens – “yaratuvchi”) — anorganik moddalardan organik birikmalarni hosil qiluvchilar, avtotrof organizmlar.

Prokariot — hujayrasida membrana bilan chegaralangan yadrosi boʻlmagan yoki to‘liq shakllanmagan organizm (bakteriyalar).


R

Reaksiya normasi — bitta genotipning tashqi muhit sharoitiga qarab har xil fenotipni yuzaga chiqara olish chegarasi.

Redutsentlar (lotincha reduco – “qaytaraman”, “tiklayman”) yoki destruktorlar (lotincha destruo – “parchalayman”) — hayot faoliyati davomida organik qoldiqlarni anorganik moddalarga parchalaydigan geterotrof organizmlar (chirituvchi bakteriyalar, zamburug‘lar).

Rekombinatsiya — duragaylashda genlarning qayta taqsimlanishi natijasida avlodlarda ota-onalarida bо‘lmagan belgilarning yuzaga chiqishi.

Renaturatsiya (lotincha re – “yangilanish”) — omilning ta’siridan so‘ng oqsil asl holatini tiklashi.



T

Tabiiy tanlanish — yashash uchun kurashda foydali belgi, xossalarga ega organizmlarning yashab qolishi, bunday belgi, xossalarga ega bo‘lmaganlarining nobud bo‘lishi.

Tolerantlik (lotincha tolerantia – “sabr-toqat”) — ekologik omil ko‘rsatkichlarining tirik organizmlar yashashi mumkin bo‘lgan chidamlilik chegarasi.

Transduksiya — bitta bakteriya hujayrasidan ikkinchisiga faglar orqali genlarning o‘tishi.

Transformatsiya — bir organizm irsiy molekulasi har qanday bo‘lagining ikkinchi organizm irsiy molekulasi tarkibiga birikish hodisasi.

Translokatsiya — nogomologik xromosoma qismlarining almashinishi.

Trisomiya — xromosoma sonining bittaga ortishi (2n+1).


U

Urbanoekosistema (lotincha urbs – “shahar”) — inson tomonidan sun’iy yaratilgan va boshqariladigan ekosistema (shaharlar, shaharchalar).

Urug‘lanish — jinsiy hujayralarning qо‘shilish jarayoni.



V

Vektorlar — (genetika va molekulyar biologiyada) genetik materialni hujayraga kiritish uchun foydalaniladigan DNK molekulasi.


X

Xromosoma — hujayra siklining profaza va metafaza bosqichlarida xromatinning spirallashuvi natijasida hosil bo‘ladigan ixcham tanacha.

Xromosoma (yunoncha xroma – “bo‘yoq”, soma – “tana”) —shaklan yadrodan farq qiluvchi, ba’zi bo‘yoqlar yordamida bo‘yaladigan yadroning eng muhim tarkibiy qismi.


Ya

Yashash uchun kurash — organizmlarning o‘z hayotini saqlab qolishga hamda o‘z avlodlarining hayotini ta’minlashga qaratilgan joriy faoliyati.

 


Leave a Reply