Texnologiya faniga oid terminlar izohi - Ta’lim / Образование

Texnologiya faniga oid terminlar izohi

Ushbu sahifada umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qitiladigan «Texnologiya» faniga oid terminlar va atamalar izohi bilan yaqindan tanishib chiqishingiz mumkin.

texnologiya_promo

Ushbu keltirilgan terminlar o‘quvchilarga «Texnologiya va dizayn» hamda «Servis xizmati» yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olishlari vaqtida metall va metallmas materiallarga ishlov berish usullarini, turli hajmdagi uy-ro‘zg‘or buyumlari tayyorlashni, elektrotexnika ishlarini bajarishni, milliy, jahon taomlarini pishirishni, kiyim hamda buyumlar bichish-tikishni, to‘qishning oddiy va murakkab usullarini o‘rganib, amaliy ko‘nikmalarni ega bo‘ladilar.



Applikatsiya – lotincha so‘z bo‘lib, yopishtirish degan ma’noni anglatadi, ya’ni bu bir material turini ikkinchisining ustiga qo‘yib tikish yoki yopishtirishdir.

Akustika – biror binoda tovushlarning eshitilish sharoiti va xususiyatlari, tovushlarning yaxshi eshitilishi yoki eshitilmasligi holati.

Akvamarin – yashil-havorang qimmatbaho tosh.

Astar – kiyim yoki ko‘rpa, ko‘rpacha singari narsalarning ichki qavati, ichki tomoniga tikilgan material.

Baba – texnik bolg‘aning zarb bilan uriladigan qismi.

Bronza – mis, qo‘rg‘oshin, alyuminiy, qalay va hokazolardan iborat qotishma. Uning mexanik xossalari tarkibidagi elementlarning miqdoriga bog‘liq bo‘lib, mashinasozlikda bronzadan keng foydalaniladi.

Burav – dastaki parma. Yog‘och tolalariga ko‘ndalang yo‘nalishda chuqur silind rik teshiklar ochishda ishlatiladi.

Ventilatsiya – shamollatish, tozalab turish; binoning havosini almashtirib, tozalab turish uchun xizmat qiladigan qurilma.

Verstak – dastgoh. Duradgorlik, slesarlik, tunukasozlik ishlari bajariladigan maxsus stol.

Gidravlik – suyuqlik bosimi ta’sirida ishlaydigan.

Go‘niya (yunon. gonia – burchak) – burchakning to‘g‘riligini tekshirish uchun ishlatiladigan chizmachilik yoki duradgorlik asbobi.

Defekt – defekt, kamchilik, nuqson.

Dorpech – dorga osib qo‘yilgan kiyim-kechakning ustiga yopiladigan bezakli buyum.



Dopusk – detallarga ishlov berishda ularning nominal o‘lchamlariga nisbatan o‘lchamlarda yo‘l qo‘yiladigan chetga chiqish miqdorini ko‘rsatuvchi son. Chizmalarda detalning nominal o‘lchami yoniga ishlov berishda yo‘l qo‘yiladigan chetga chiqishning eng katta va eng kichik miqdori (dopusk) yozib qo‘yiladi.

Dub – dub, eman (daraxti va yog‘ochi).

Jiyak – do‘ppi, to‘n va shu kabilarning chetiga tutiladigan maxsus ensiz tasma.

Jilvir qog‘oz – qayroq qum qoplangan qog‘oz yoki mata (buyumlarning sirtini silliqlash, sayqallash, jilolash uchun ishlatiladi).

Jun – junli hayvonlarning teri qatlamidagi shoxsimon o‘simtalar.

Zajim – qisqich, siqish, qisish.

Zardevor – devorga shiftga taqab osib qo‘yiladigan, zarli ip yoki ipakdan har xil gullar, naqshlar tikilgan mato.

Zulfin – zanjirli ilmoq; darvoza, eshik, sandiq kabilarda qulf osish uchun mo‘ljallangan halqasimon moslama. Temir va misdan kallakli va dumli qilib ishlanadi.

Izma – tugma qadash uchun mo‘ljallangan, tugma o‘lchamidan 0,3 sm ortiq o‘lchamga teng ochiq joy.

Iskana – yog‘och, taxtani o‘yish, teshish uchun qo‘llanadigan, uchi yapaloq o‘tkir po‘lat asbob.

Iskanja – narsalarni siqadigan, jipslaydigan asbob.

Ichki yonuv dvigateli – yonilg‘ining kimyoviy energiyasini mexanik ishga aylantirib beradigan porshenli issiqlik dvigateli.

Kahrabo – sariq rangli, shaffof, yaltiroq, tosh qotgan yelim (ziynat buyumlari tayyorlash va imoratlarni bezashda ishlatiladi).

Kalka – chizma, rasm va shu kabilardan nusxa ko‘chirish uchun ishlatiladigan shaffof qog‘oz yoki gazlama; shunday shaffof qog‘oz yoki gazlamaga ko‘chirib olingan nusxa.

Kanifol – ignabargli daraxt qatronidan olinadigan sarg‘ish shaffof modda.

Kant – ag‘darma chokdagi bir detal ikkinchi detalga nisbatan baxyaqator zihidan surilgan joy.

Kirpech – kir taxlangan tokcha oldini to‘sib, berkitib qo‘yish uchun ishlatiladigan bezakli buyum.

Kitoba – qabr toshi, katta darvoza va bino peshtoqiga bitilgan yoki o‘yilgan yirik yozuv.



Konstruktor – ko‘plab har xil modellarni yig‘ish mumkin bo‘lgan standart detallar to‘plami.

Kvilling – qog‘ozning uzun va qisqa tasmalarini spiral shaklida burab yupqa yoki hajmli kompozitsiyalar yasash san’ati.

Ko‘nchilik – terini pishirish, pardozlash, charm tayyorlash ishi bilan shug‘ullanuvchi korxona.

Luft ishlash – mexanizmlarning me’yordan chetlashib ishlashiga aytiladi.

Malyar skotch – lentani izsiz olishga yordam beruvchi, yuzaga nisbatan kam adgeziya darajasiga ega bo‘lgan qog‘oz asosidagi o‘zi yopishuvchi lenta turi.

Manipulator – radioaktiv moddalar bilan masofadan turib ishlashda foydalaniladigan moslama.

Maket – maket biror joy, narsa, bino, mashina va hokazolarning kichraytirib tayyorlangan fazoviy tasviri, nusxasi.

Material – material, xomashyo, narsa. Biror buyum, inshoot va hokazolarni tayyorlash uchun zarur bo‘lgan ashyo.

Mag‘iz – detal ziylarini ishlash uchun va bezak uchun ishlatiladigan gazlama tasmasi.

Moda – ma’lum bir davrda, ma’lum muhitda kishilarning ta’biga, didiga mos bo‘lgan va keng tarqalgan kiyim-kechak.

Model (lot. modulus – o‘lchov, me’yor so‘zidan) – namuna, andaza, nusxa. Biror narsa, ayollar kiyimi, mashina, bino, inshoot va hokazolarning kichraytirib yoki kattalashtirib tayyorlangan namunasi, masalan, aviamodel–samolyot yoki boshqa uchish apparatining uchadigan modeli.

Milk (halqa) – matoning ikki yonidan uzunasiga chiqarilgan qirg‘oq.

Mixcho‘p – etikdo‘zlikda ishlatiladigan maxsus yog‘och mixcha.

Molniya – zanjirsimon yopqich.

Nadlom – singan joy, siniq, yoriq.

Oftoba – obdasta.

Optika – fizikaning yorug‘lik tabiatini, yorug‘lik hodisalari qonuniyatlarini, yorug‘lik bilan boshqa moddalarning o‘zaro ta’sirini o‘rganadigan bo‘limi.

Parket – polga to‘shash uchun turli shakldan naqshli qilib tayyorlangan mayda taxtachalar yoki ulardan qilingan pol. Parketlar eman (asosan) qoraqayin, shumtol, zarang, tilog‘och va boshqalardan tayyorlanadi.

Paxta – g‘o‘za deb ataladigan o‘simlik urug‘ini qoplab turadigan ingichka tolalar bo‘lib, to‘qimachilik sanoatining asosiy xomashyosi hisoblanadi.

Payka – kavsharlash. Metall buyumlarning qismlarini eritilgan kavshar (pripoz) yordamida ajralmaydigan qilib biriktirish. Suyuqlangan kavshar biriktiriladigan sirtlar orasiga kiritiladi va qotgandan so‘ng buyumning qismlari ajralmaydigan bo‘lib birikadi. Kavsharlab biriktirilgan joy kavshar chok deyiladi.

Palak – osmon gumbaziga o‘xshash doira shaklidagi gulnaqshlar bilan qoplangan, odatda, uy devorlariga bezak uchun osib qo‘yiladigan kashtachilik buyumi.

Panno – maxsus joylarga mo‘ljallab ishlangan rangtasvir asari yoki bo‘rtma tasvir.

Parma – aylanma harakat qilib, tig‘i bilan narsalarni teshadigan asbob.

Piltakach – qog‘ozdan pilta o‘rab, tepchik orasiga tiqish uchun ishlatiladigan dastali ingichka sim.

Plazma (yunon. plasma – yasalgan, shakllangan) – ionlashgan gaz; unda zaryadlangan zarralar plazmasini hosil qiluvchi musbat va manfiy elektr zaryadlarning hajmiy zichligi amalda bir xil, plazma egallagan joyning chiziqli o‘lchami nisbatan katta bo‘ladi.



Pnevmatik – siqilgan havo yordamida harakat qiladigan, ishlaydigan yoki amalga oshiriladigan; siqilgan havo bilan to‘ldirilgan.

Popopchilik – popop mashinada yo‘rma choki bilan badiiy buyumlar (choyshab, so‘zana, palak, do‘ppi va shu kabilar) tayyorlash.

Punktir chiziq – alohida-alohida o‘zaro yaqin joylashgan nuqtalar (…) yoki chiziqchalardan (—) tashkil topgan uzun chiziq.

Razrez – kesish, kesim, qirqim, kesilgan joy.

Salt – bu elektr mashinasi va transformatorlarning yuklamasiz ishlashiga aytiladi.

Silikatlar – silikat kislotalarning tuzlaridan iborat murakkab moddalar. Tabiiy silikatlarning kimyoviy tarkibi va tuzilishi juda murakkab bo‘lganligidan ularni faqat rentgen tahlili yordamida o‘rganish mumkin.

Sintetik – sintez yo‘li bilan hosil qilingan, olingan.

Srez – kesish, qirqish, ko‘ndalangiga qirqilish, qirqim.

Strujka – qirindi, payraha. Yog‘och yoki metall zagotovkadan kesuvchi asbob lar bilan kesib olingan metall yoki yog‘och qatlami.

Surp – sidirg‘a ip gazlama va undan tikilgan kiyim.

Tabiiy ipak – ipak qurti o‘raydigan ingichka ip.

Tekstura – yog‘ochning tabiiy guli. Tekstura yog‘och kesilganda, randalanganda tolalari, o‘zak nurlari va yillik halqalari kesilishi bilan uning kesik sirtida namoyon bo‘ladigan fizik xossa.

Topaz – turli rangda bo‘ladigan qimmatbaho qattiq tosh, mineral.

Shaber – egovlangan metall detallarning sirtlarini, umuman dag‘al ishlangan sirtlarni toza va aniq pardozlash uchun sirtlardan yupqa metall qatlamini qirib olishda qo‘llanadigan chilangarlik asbobi.

Shtangensirkul – detallarning tashqi va ichki chiziqli o‘lchamlari, diametrlari va chuqurliklarini o‘lchash uchun mo‘ljallangan asbob.

Chakich – nonni chakichlash uchun dastali yog‘och kallakka bir tekisda sim qoqib yoki parranda patlarini dastalab bog‘lab yasalgan uy-ro‘zg‘or asbobi.

Chaqmoqtosh – bir-biriga yoki temir parchasiga urganda o‘t chiqaradigan qattiq tosh.

Faner – juda yupqa kesilgan yog‘och qatlami; shunday yog‘och qatlamidan yasalgan taxta.

Fason – kiyimdagi detallar shaklini, chiziqlarini, turli bezaklarni aniqlaydigan detal shakli.



Qotirma – astar bilan avra orasiga qo‘yilgan material bo‘lib, detalni yoki detal chetini qattiqroq qilish va shaklini saqlash uchun ishlatiladi.

O‘tim – kiyimni old bo‘lagidagi kenglik qo‘yimi, bu old bo‘lak o‘rtasidan bitta detal ikkinchi detal tomoniga o‘tishi uchun beriladi.

O‘miz – yelkaning qo‘l bilan tutashgan qismi; kiyimning yeng o‘tkazish uchun o‘yiladigan joyi.

G‘aladon – stol, javon va shu kabilarning narsa solib qo‘yiladigan tortmasi.

Ergonomika (qad. yun. ergon – ish va nomos – qonun) – inson organizmining jismoniy va ruhiy o‘ziga xosliklaridan kelib chiqqan holda ishchining eng xavfsiz va samarali mehnat yuritishi uchun lavozim vazifalari, ish joyi, buyum va obyektlarga ko‘nikma hosil qilish haqidagi fan.

Yaltiroq – gazlama ustida namlab-isitib ishlov berish natijasida hosil bo‘lgan joy.

 


Leave a Reply