O‘quvchini bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish tartibini bilasizmi? Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali bu haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ota-onalar o‘z xohishiga ko‘ra o‘quv yilida yoki u tugaganidan so‘ng farzandini bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish huquqiga ega.
Bunda bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish uchun uning sabablarini ko‘rsatib maktab direktori nomiga ariza beriladi.
Ariza 1 ish kunida ko‘rib chiqiladi va o‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktabga taqdim etish uchun maktabdan ketish taloni beriladi.
Ota-onalar farzandi o‘qishni davom ettirishi uchun tanlangan maktab direktoriga ariza beradi. Arizaga maktabdan ketish taloni ilova qilinadi.
O‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktab direktori ariza va talonni qabul qilgach, shu kunning o‘zida ota-onalarga o‘quvchi ta’lim olayotgan maktabga taqdim etish maktabga kelish talonini beradi.
❗️O‘quvchi o‘qiyotgan maktab direktori maktabga kelish talonini olgach, shu kunning o‘zida o‘quvchini maktab o‘quvchilari safidan chiqarish to‘g‘risida buyruq qabul qiladi.
Maktab direktori mazkur buyruq bilan ota-onalarni tanishtirganligi to‘g‘risida imzo qo‘ydirib, ularga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi va hujjatlar berilganligi to‘g‘risida tilxat oladi:
- o‘quvchining maktab o‘quvchilari safidan chiqarilganligi to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma;
- o‘quvchining baholar (o‘zlashtirish) tabeli;
o‘quvchining tibbiy kartasi.
O‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktab direktori boshqa maktabdan o‘tkazilayotgan o‘quvchining o‘quv jarayonlaridan chetda qolib ketmasligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi shart.