Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, ichki ishlar vazirligi, mudofaa vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasining qo‘shma qarori e’lon qilindi.
O‘quvchilar davomatini yuritish, ta’limga jalb qilish ishlarini nazorat qilish va umumiy o‘rta ta’lim maktablarida huquqbuzarliklar holati yuzasidan toifalarga ajratish to‘g‘risida nizom e’lon qilindi.
Mazkur Nizom umumiy o‘rta ta’lim maktablarida davomatni yuritish, o‘quvchilarning dars mashg‘ulotlariga muntazam qatnashishini nazorat qilish, maktablarni huquqbuzarlik holatidan kelib chiqqan holda, “qizil”, “sariq”, “yashil” toifaga ajratish mezonlari va tartibini belgilaydi.
O‘quvchilar davomati mazkur Nizomga muvofiq, ularning darslarda ishtirok etishlari va xulq-atvorlari bilan bog‘liq me’yorlar maktablarning ustavlariga muvofiq belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Mazkur Nizom jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilar, Prezident, ijod, ixtisoslashgan, nodavlat ta’lim muassalari, o‘rta-maxsus va professional ta’limga nisbatan tatbiq etilmaydi.
O‘quvchilarning davomati sinf miqyosida fan o‘qituvchilari va sinf rahbarlari tomonidan “e-maktab” platforma orqali har kun belgilab boriladi.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarda o‘quvchilar davomatini yuritish, kunlik nazorat qilish ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari sababsiz darsga kelmagan o‘quvchilar ro‘yxatini inspektor-psixologlarga ushbu Nizomning 2-ilovasida keltirilgan bildirishnomaga asosan kunlik taqdim etadi.
Direktor, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, sinf rahbari, fan o‘qituvchisi tomonidan o‘quvchilarni darsda ishtiroklari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z muddatida belgilamaslik hamda statistik hisobotlarni haqqoniy yuritilmaslik holatlari aniqlangan taqdirda belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasini qo‘llashga sabab bo‘ladi.
Noqonuniy diniy ta’lim olayotgan, xorijga chiqib ketgan, darslarga muntazam qatnashmayotgan o‘quvchilar to‘g‘risida ma’lumotlarni uch kun ichida inspektor-psixolog va tuman-shahar Ichki ishlar bodinmalarga xabar berishga maktab direktorlari shaxsan mas’ul ekanligi belgilanadi.
O‘quvchilarning davomatini maktab miqyosida muvofiqlashtirish ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor ohinbosariga, o‘quvchilar davomatini to‘g‘ri yuritilishini ta’minlash hamda nazorat qilish direktor zimmasiga yuklatiladi.