Boshlang’ich ta’lim o’qituvchilar toifasi tarbiya hamda informatika fanlariga ham tatbiq etiladi - Ta’lim / Образование

Boshlang’ich ta’lim o’qituvchilar toifasi tarbiya hamda informatika fanlariga ham tatbiq etiladi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining UzASBO-2 dasturiga toifalarni kiritish boʻyicha Iqtisodiyot va moliya vazirligiga 3.10.2024-yildagi 03-14-2632-sonli xatiga ko’ra, o‘qituvchilarga malaka toifalarini berish Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom asosida amalga oshiriladi.

Boshlang’ich ta’lim o’qituvchilar toifasi tarbiya hamda informatika fanlariga ham tatbiq etiladi

Ushbu Nizomning 18-bandida pedagog kadrlar oliy ma’lumot olganligi yoki qayta tayyorlash kurslaridan o‘tganligi haqidagi diplomda ko‘rsatilgan tayyorlov, ta’lim yo‘nalishi, mutaxassislik yoki ixtisosligiga mos keladigan o‘quv fanlari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tishi va pedagog kadrlarning diplomida ko‘rsatilgan o‘quv tayyorlov yo‘nalishi, mutaxassislik yoki ixtisosligi ko‘rsatilgan bo‘lsa, ular dars berayotgan har bir o‘quv fani bo‘yicha alohida attestatsiyadan o‘tishi belgilab qo‘yilgan.



Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomda o‘quv fanlarining nomi ko‘rsatilmaganligi uchun, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilarining malaka toifa sinovlari boshlang‘ich sinflarda o‘qitilayotgan asosiy o‘quv fanlari (ona tili va adabiyot, matematika, tarbiya, tabiiy fanlar, texnologiya va h.k.)dan umumlashtirilgan holda o‘tkaziladi. Shu sababli, boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha berilgan malaka toifasi ular boshlang‘ich sinflarda dars beradigan barcha o‘quv fanlariga nisbatan shu jumladan tarbiya hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlariga ham tatbiq etilishi maqsadga muvofiq.



Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 26-maydagi 79-son Farmoni bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining boshlang‘ich sinflarida informatika fani joriy etilgan.