O‘quv yili yakunida ko‘pchilik o‘quvchilar ijaraga berilgan darsliklarni yo‘qotib qo‘yishgani ma’lum bo‘ladi. Ota-onalarni va ayniqsa sinf rahbarlarini qiziqtirgan savolga javob berishga harakat qilamiz.
Demak, o‘quvchilar tomonidan ijaraga berilgan kitoblar yo‘qotib qo‘yilsa, yetkazilgan zarar kim tomonidan qoplanishi kerak?
❗️O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va bir qator hamkor tashkilotlarning 2014 yil 20 martdagi «Umumta’lim maktablarini darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida» qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan nizomning 51-bandida darsliklar yoki o‘quv metodik qo‘llanmalardan (O‘MQ) foydalanish usulidan qat’i nazar, ular yo‘qolgan yoki foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolgan taqdirda, o‘quvchining ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoxud homiylar zararni xuddi shunday darslik yoki O‘MQlar bilan qoplaydi yoxud uning birlamchi hujjatlarda (hisob-fakturada, yuk xatida) ko‘rsatilgan qiymatini quyidagi:
- 1-sinf o‘quvchilarining har bir darslik va (yoki) O‘MQlari uchun — uning bir baravari miqdorida;
- 2-4-sinf o‘quvchilarining har bir darslik va (yoki) O‘MQlari uchun — uning ikki baravari miqdorida;
- 5-11-sinf o‘quvchilarining har bir darslik va (yoki) O‘MQlari uchun — uning to‘rt baravari miqdorida to‘laydi.