Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi avlod muhandislarini tayyorlash va muhandislik taʼlimini rivojlantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Unga koʻra:
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimida “Yangi Oʻzbekiston” universiteti hamda Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida muhandislik maktablari tashkil etiladi.
2026-2027-oʻquv yilidan boshlab:
— mazkur maktablarga oʻquvchilarni saralab olish va qabul qilish boshlanadi hamda bir sinfda oʻquvchilar soni 24 nafar, umumiy cheklangan soni 240 nafar etib belgilanadi;
— birinchi oʻquv yilida 7-10-sinflarga, ikkinchi oʻquv yilidan boshlab umumtaʼlim maktablarining 6-sinf bitiruvchilari orasidan 7-sinfga qabul qilinadi;
— oʻquv jarayoni 5 yillik dastur asosida STEM modeli boʻyicha tashkil etiladi hamda dastlabki 3 yilda fizika, matematika va xorijiy til fanlaridan, keyingi 2 yilda muhandislik fanlari boʻyicha boshlangʻich tayyorgarlikka eʼtibor qaratiladi;
— muhandislik maktablarining 11-sinf oʻquvchilari uchun ikki oylik majburiy ishlab chiqarish amaliyoti (stajirovka) joriy etiladi;
— muhandislik maktablarida oʻquv jarayonini tashkil etish va boshqarish boʻyicha akademik direktor lavozimi joriy etiladi;
2026-yil 1-yanvardan boshlab:
— har yili umumtaʼlim maktablari oʻrtasida Prezident sovrini uchun “Ilgʻor muhandislik maktabi” milliy tanlovi oʻtkaziladi;
— tanlovning Respublika bosqichi gʻoliblari uchun xorijiy davlatlarga taʼlim sayohati tashkil etiladi;
— tanlovning Respublika bosqichida 1-oʻrinni egallagan maktabga muhandislikka oid laboratoriyalar jamlanmasini oʻz ichiga olgan Innovatsion texnopark tashkil etish uchun 1 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratiladi.