Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) - Ta’lim / Образование

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)

Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) — yer yuzida tinchlikni mustahkamlash va xavfsizlikni ta’minlash, davlatlarning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan xalqaro tashkilot. 1945 yilda tuzilgan. BMTni barpo etish haqidagi qaror Sobiq Ittifoq, AQSH, Angliya va Xitoy tashqi ishlar vazirlarining Moskvadagi kengashida 1943 yilda, Ustavi esa San Fransisko konferensiyasida 1945 yilda qabul kilindi. BMT Ustaviga dastlab 51 davlat imzo chekkan, 2000 yilda esa ular soni 189 ga yetdi. BMTning doimiy ish o‘rni (shtab kvartirasi) — Nyu-York shahridir.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)

BMT Ustavida ko‘rsatilganidek, u xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, xalqlarning teng huqukdi bo‘lishi va o‘z takdirini o‘zi belgilashi qoidasiga amal qilib, millatlar o‘rtasida do‘stlik munosabatlarini rivojlantirishni, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muammolarni hal etishda xalqlar o‘rtasida hamkorlik bo‘lishini ta’minlashni ko‘zda tutib, shu umumiy maqsadlarga erishishda millatlar harakatini uyg‘unlashtirib turadigan markaz hisoblanadi.



2000 yil 6—8 sentyabrda BMTning 55-sessiyasi doirasida «Ming yillik sammiti» bo‘lib o‘tdi. Unda 155 dan ortiq mamlakatning davlat va hukumat boshliqlari ishtirok etdi. Mazkur anjumanda umumbashariy ahamiyatga ega bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy, ekologiya va xavfsizlikka doir muammolar muhokama qilinib, yangi yuz yillikning dastlabki yillarida amalga oshirilishi mo‘ljallanayotgan tadbirlar belgilandi. Sammit ishtirokchilari yakdillik bilan kabul qilgan deklaratsiyada Bosh Assambleya va BMT boshqa organlari qarorlari amalda bajarilishida yordam beradi. Kotibiyat quyidagi departamentlar va boshqarmalarga bo‘linadi:

  • Siyosiy masalalar va Xavfsizlik Kengashi ishlari departamenti;
  • Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti;
  • Vasiylik va o‘z-o‘zini boshqarmaydigan hududlar departamenti;
  • Nazorat boshqarmasi;
  • Xodimlar boshqarmasi;
  • Bosh kotibning ma’muriy idorasi;
  • Ijtimoiy axborot boshqarmasi;
  • Konferensiyalarga xizmat qilish boshqarmasi;
  • Umumiy xizmat boshqarmasi;
  • BMTning Jeneva bo‘limi.

BMT sessiyasi yilda bir marta chaqiriladi. Xavfsizlik Kengashining yoki BMT a’zolari ko‘pchiligining talabi bilan har qanday masala yuzasidan maxsus sessiyalar chaqirilishi mumkin. BMTning rasmiy tillari — ingliz, fransuz, rus, ispan va xitoy tillari bo‘lib, ingliz, fransuz, ispan tillarida ish yuritiladi.



O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qilganidan keyin ko‘p o‘tmay — 1992 yil 2 martda BMTga a’zo bo‘ldi. Shu kuni BMT Bosh Assambleyasi binosi oldida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i ko‘tarildi. BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi ochildi (1993.24.8). BMTda O‘zbekiston Respublikasi vakolatxonasi ish boshladi. O‘zbekiston Respublikasi BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bilan shug‘ullanuvchi tashkiloti — YUNЕSKOga ham a’zo bo‘ldi.

O‘zbekiston o‘z ovozi va mavqeiga ega bo‘lgan a’zo sifatida BMT oldiga muhim va dolzarb masalalarni qo‘moqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning BMT Bosh Assambleyasi 48-sessiyasida (1993 yil sentyabr), BMT tashkil etilganining 50 yilligiga bag‘ishlangan sessiyada (1995 yil oktyabr), BMT Bosh Assambleyasining «Ming yillik sammiti» (2000 yil sentyabr) da so‘zlagan nutqlari dunyo jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otdi. Xususan, ushbu xalqaro tashkilotning 20-asr so‘nggidagi eng yirik anjumanida O‘zbekiston rahbari xalqaro terrorizm va narkobiznes bilan bog‘liq muammolarni hal etish; mintaqaviy xavfsizlik, jumladan Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash; jahon xavfsizligi tizimini takomillashtirish, BMT faoliyati va tarkibiy tizimini isloh qilishga taalluqli takliflar bilan chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasi BMTning teng huquqli a’zosi sifatida bu eng nufuzli xalqaro tashkilotning maqsad va qoidalariga qat’iy amal qilmoqda.


Birlashgan Millatlar Tashkiloti qanday faoliyat ko‘rsatadi?

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 1945-yil 24-oktabrda, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va yalpi xavfsizlikni mustahkamlash tufayli tinchlikni barqaror etish jur’ati bilan to‘lib-toshgan 51 mamlakat tomonidan tashkil etildi. Bugungi kunda 185 mamlakat, ya’ni dunyoning qariyb barcha mamlakatlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining a’zolaridir. Birlashgan Millatlar Tashkilotining a’zosi bo‘lgan davlat xalqaro munosabatlarning asosiy tamoyillari aks etgan, xalqaro shartnomalardan iborat bo‘lgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomida bayon etilgan majburiyatlarni qabul etadi. Nizomga binoan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti to‘rtta asosiy maqsadga amal qiladi:

  • xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga ko‘maklashish;
  • millatlar o‘rtasida do‘stona aloqalarni rivojlantirish;
  • xalqaro muammolarni hal etishda va inson huquqlarini hurmatlashni rag‘batlantirishda, xalqaro hamkorlikni barqaror etish;
  • ushbu umumiy maqsadlarga erishishda millatlar sa’y-harakatlari, kelishuvlari uchun markaziy rolni o‘ynash.


Birlashgan Millatlar Tashkiloti a’zolari — mustaqil davlatlardir. Birlashgan Millatlar Tashkiloti butunjahon hukumati emas va u qonunlar qabul qilmaydi. Biroq xalqaro mojarolarni bartaraf etishga va bizning barchamizga daxldor bo‘lgan masalalarni hal etish siyosatini ishlab chiqishga yordam bera oladigan mablag‘larga ega bo‘ladi. Birlashgan Millatlar Tashkilotiga barcha katta-kichik, boy va kambag‘al, turli siyosiy qarashlar va ijtimoiy tizimdagi davlatlar a’zo bo‘lib, ular ovoz berish va ovoz berishda ishtirok etish huquqiga ega.

Birlashgan Millatlar Tashkilotida oltita bosh organ mavjud. Ulardan beshtasi — Bosh Assambleya, Xavfsizlik Kengashi, Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengash, Vasiylik Kengashi va Kotibiyat — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi Markaziy qarorgohida, oltinchi organ — Xalqaro Sud esa Niderlandiyaning Gaaga shahrida faoliyat ko‘rsatadi.


Xavfsizlik Kengashi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomiga muvofiq xalqaro tinchlik va xavfsizlikni barqaror etish borasida Xavfsizlik Kengashi bosh javobgarlikni zimmasiga oladi va u tinchlik xavf ostida qolgan kecha yoki kunduzning har qanday daqiqasida chaqirilishi mumkin.

Kengash 15 a’zodan tashkil topgan. Ularning beshtasi – Xitoy, Rossiya Federatsiyasi, Birlashgan Qirollik, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Fransiya – doimiy a’zolar hisoblanadi. Kengashning qolgan o‘n a’zosi Bosh Assambleya tomonidan ikki yil muddatga saylanadilar. Keyingi yillarda Birlashgan Millatlar Tashkilotida Kengashning a’zolar tarkibini o‘zgartirish, bu tadbir zamonaviy va iqtisodiy voqelikni yanada yorqinroq aks ettirishi masalasi muhokama qilinayapti. Kengashning qarorlari, uning uchun to‘qqiz a’zo ovoz bergan taqdirdagina qabul qilingan hisoblanadi. Kun tartibidagi masalaga Kengashning doimiy a’zolaridan birortasi qarshi ovoz bersa, shuningdek, veto huquqidan foydalansa qaror qabul qilinmaydi. Xalqaro tinchlikka xavf solinganligi haqida kengashga xabar berilganda bu mojaro avvalo tinchlik yo‘li bilan bartaraf etish nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqiladi. Kengash, balki bartaraf etish tamoyillarini ishlab chiqadi yoki hakam vazifasini o‘taydi. Harbiy harakatlar boshlanib ketgan taqdirda Kengash o‘t ochishni to‘xtatish choralarini ko‘radi. Shuningdek, u tomonlarni yarashtirish yoki bir-birlari bilan janjallashayotganlarni ajratishga yordam beradigan, tinchlikni barqaror etuvchi missiya yuborishi mumkin.

Kengash o‘zi qabul etgan qarorlarning bajarilishini ta’minlash bo‘yicha tadbirlar qabul qilishi mumkin. U iqtisodiy jazo choralari qo‘llashi yoki qurollarni yetkazib berishga embargo qo‘yishi mumkin. Juda kamdan-kam hollarda Kengash o‘zi qabul qilgan qarorni bajarish uchun a’zo-mamlakatga birgalikdagi harbiy harakatlarga qadar bo‘lgan «barcha zarur vositalarni» qo‘llashga vakolat beradi. Shuningdek, Kengash Bosh kotib lavozimiga muayyan nomzodni va Birlashgan Millatlar Tashkilotiga yangi a’zolarni tavsiya etadi.



Bosh Assambleya

Bosh Assambleya – o‘ziga xos butunjahon parlamentining insoniyatning eng dolzarb muammolari ko‘rib chiqilayotgan majlislarida Birlashgan Millatlar Tashkiloti a’zosi bo‘lgan barcha mamlakatlar vakillari qatnashadi. Har bir a’zo-mamlakat bir ovozga ega. Xalqaro tinchlik va xavfsizlikni muayyan darajada saqlab qolish tavsiyalari yangi a’zolarni qabul qilish yoki Birlashgan Millatlar Tashkiloti budjetini tasdiqlash, shu jumladan, tinchlikni saqlash operatsiyalariga mablag‘ ajratish singari muhim masalalar ko‘pchilik, aniqrog‘i, uchdan ikki qism ovoz bilan qabul etiladi.

Boshqa masalalar bo‘yicha qarorlar, odatdagidek, ko‘pchilik ovoz bilan qabul etilaveradi. Keyingi yillarda Assambleya qarorlari rasmiy ovoz berish yo‘li bilan emas, balki, konsesus asosida qabul etilishi uchun maxsus sa’y-harakatlar olib borilmoqda. 1999/2000 yilgi sessiyalarda yadroviy qurolsizlanish, taraqqiyot, atrof muhitni muhofaza etish va yangicha demokratiyani mustahkamlash singari kun tartibidagi turli-tuman 173 masala ko‘rib chiqilishi kerak edi. O‘z qarorlari g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lsa ham, ular jahon jamoatchiligi fikrlarini ifodalasa va xalqaro jamoatchilikning axloqiy talabi hisoblansa ham Assambleya o‘z qarorlarini majburan qabul qildirmaydi.

Assambleyaning har yilgi navbatdagi sessiyasi sentabrdan dekabrga qadar bo‘lgan muddat davomida o‘tkaziladi. Assambleya zarurat tug‘ilganda o‘z ishini qayta chaqirilgan sessiyada davom ettirishi yoki jiddiy tashvish tug‘dirgan masalalar bo‘yicha maxsus yoki favqulodda sessiyalar o‘tkazishi mumkin. Assambleyalar orasidagi muddat davomida uning ishlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining oltita bosh qo‘mitalarida, boshqa organlarida va Kotibiyatda davom etadi.


Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengash

Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengash Bosh Assambleyaning umumiy rahbarligi ostida harakat qilib Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning tizimidagi muassasalar faoliyatini ijtimoiy va iqtisodiy sohada muvofiqlashtirib turadi. Xalqaro iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni muhokama etish va shu sohadagi siyosat borasida tavsiyalar ishlab chiqish uchun bosh anjuman hisoblangan Kengash taraqqiyot maqsadlarida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi. Kengash ish faoliyatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Fuqarolar jamiyati o‘rtasidagi o‘sha muhim hayotiy muloqotni qo‘llab-quvvatlagan holda tegishli nohukumat tashkilotlari bilan maslahatlashadi.

Kengash tarkibiga Bosh Assambleya tomonidan uch yilga saylanadigan 54 nafar a’zo kiradi. Kengash har yili – Nyu-York va Jenevada, galma-galdan – o‘zining bir oy muddatga cho‘ziladigan sessiyasini o‘tkazadi. Sessiya davomida muhim iqtisodiy va ijtimoiy masalalarni muhokama etish uchun vazirlar darajasida majlis, 1998 yildan esa sessiya doirasida insonparvarlik masalalarini ko‘rib chiqish bosqichi o‘tkazilmoqda.

Kengashning ishlari yil mobaynida o‘z yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazib turadigan va Kengashga hisobot beradigan yordamchi tashkilotlar tomonidan olib boriladi. Masalan, inson huquqlari komissiyasi dunyoning barcha mamlakatlarida inson huquqlariga qanday rioya etilayotganligini nazorat qiladi. Boshqa tashkilotlar ijtimoiy taraqqiyot, xotin-qizlarning ahvoli, jinoyatchilikdan ogoh etish, giyohvandlikka qarshi kurash va atrof muhitni muhofaza etish masalalari bilan shug‘ullanadilar. Beshta hududiy komissiya iqtisodiy taraqqiyot va o‘z hududlarida iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga yordam beradi.



Vasiylik Kengashi

Vasiylik Kengashi 7 a’zo-mamlakat qo‘l ostidagi 11 vasiylik hududida xalqaro nazoratni ta’minlash, shuningdek, ularning hukumatlari bu hududlarda o‘z-o‘zini boshqarish yoki mustaqillikning zarur chora-tadbirlarini ko‘rishlari uchun xalqaro nazoratni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan. 1994 yilga kelib vasiylik hududlarining barchasi o‘zlarini boshqara boshladilar yoki alohida davlatga aylanib mustaqillikka erishdilar, yoxud mustaqil qo‘shni davlatlar bilan qo‘shilishdi. eng oxiri bo‘lib bunday tadbirni Qo‘shma Shtatlari qo‘l ostida bo‘lgan Tinch okean orollari (Palau) vasiylik hududi amalga oshirdi va 185-a’zo davlat bo‘lib qoldi.

Hozirgi paytda, tarkibiga Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi kirgani sababli Vasiylik Kengashi ishlari, asosan, tugallandi, uning ish tartibi qoidalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi, ya’ni u o‘zining yig‘ilishlarini faqat shart-sharoit taqozo etgan hollardagina o‘tkazadigan bo‘ldi.


Xalqaro Sud

Xalqaro Sud – Butunjahon sudi sifatida hammaga ma’lum bo‘lib, u Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh sud organidir. Bosh Assambleya va Xavfsizlik Kengashi tomonidan saylangan 15 sudyadan tashkil topgan Xalqaro Sud davlatlar o‘rtasidagi mojarolarni bartaraf etish bilan shug‘ullanadi. Davlatlarning – sud muhokamasida qatnashishlari ixtiyoriydir, biroq davlatlar shunga rozi bo‘lsalar, ular Sud qaroriga bo‘ysunishlari shart. Shuningdek, Bosh Assambleya va Xavfsizlik Kengashi iltimoslari bilan Sud konsultativ xulosalar chiqarish ishlari bilan ham shug‘ullanadi.



Kotibiyat

Kotibiyat Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi, Xavfsizlik Kengashi va boshqa tashkilotlari ko‘rsatmalariga muvofiq tezkor va ma’muriy ishlarni amalga oshiradi. Uni umumiy ma’muriy rahbarlikni olib boradigan Bosh kotib boshqaradi. Hozirgi vaqtda Kotibiyat qariyb dunyoning 160 mamlakatidan bo‘lgan 8900 kishi ishlaydigan yetti deportament va turli boshqarmalardan tashkil topgan. Bundan tashqari Nyu-York, Jeneva, Vena va Nayrobida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bo‘limlari mavjud.

BMT tinchlikni barqaror etish uchun nimalar qiladi?

Birlashgan Millatlar Tashkilotining eng bosh vazifalaridan biri – butun dunyoda tinchlikni barqaror etishdir. Nizomga binoan a’zo-mamlakatlar o‘zlarining xalqaro kelishmovchiliklarini tinch yo‘l bilan hal etadi, qurolli kuchlarni boshqa davlatlarga nisbatan qo‘llamaydilar, ularga tahdid solmaydilar.

Ko‘p yillar mobaynida xalqaro muammolarni bartaraf etish va paydo bo‘lgan mojarolarni hal qilishga yordam berishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti muhim rol o‘ynadi. U tinchlikni o‘rnatish, tinchlikni saqlab qolish va insonparvarlik yordami ko‘rsatish borasida ko‘plab operatsiyalar turkumini amalga oshirdi. Shuningdek u birmuncha jiddiy tus olgan mojarolarni ham bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi. Mojarolar kelib chiqqan hollarda u zo‘ravonlikning tub ildizlarini qirqish va mustahkam tinchlik uchun asoslar yaratishga yo‘naltirilgan va koordinatsiyalashtirilgan yanada qat’iy chora-tadbirlar qabul qiladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti bu borada diqqatga sazovor natijalarni qo‘lga kiritdi. Masalan, 1962 yilgi Karib mojarosini, 1973 yilgi Yaqin Sharq janjalidagi keskinlikni bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi. 1988 yili Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi sa’y-harakatlari Eron-Iroq urushini bartaraf etish imkonini berdi, undan keyingi yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashabbusi bilan o‘tkazilgagn muzokaralar tufayli qo‘shinlar Afg‘onistondan olib chiqildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti 90-yillarda Quvayt mustaqilligini tiklashga yordam berdi, Kambodja, Salvador, Gvatemala va Mozambikda fuqarolar urushini to‘xtatishda, Gaiti va Serra-Leonda demokratiya asosida saylangan hukumatni tiklashda katta rol o‘ynadi, shuningdek, qator boshqa mamlakatlardagi kelishmovchiliklarni bartaraf etdi va hal qildi.

manba

 


Leave a Reply