Tarix o’qituvchilari “Davlat va huquq asoslari” fanidan dars bera oladimi? - Ta’lim / Образование

Tarix o’qituvchilari “Davlat va huquq asoslari” fanidan dars bera oladimi?

Tarix o’qituvchilari “Davlat va huquq asoslari” fanidan dars bera oladimi? Sahifada ushbu savolga javob topasiz.

Tarix o’qituvchilari Davlat va huquq asoslari fanidan dars bera oladimi?

Xabaringiz bor, avval tarix yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan bitiruvchilar umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Davlat va huquq asoslari” fanidan dars bera olgan. Bunga ularning oliy ta’lim muassasalarida “Huquq” fanini o‘rganishi sabab bo‘lgan. Ammo, amaldagi huquqiy-me’yoriy hujjatlar bu tartibga o‘zgartirish kiritdi.

2024-yil 1-avgust kuni qabul qilingan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 238-sonli buyrug‘iga muvofiq, quyidagi talablar belgilangan:

– fan o‘qituvchisi dars berayotgan fan yo‘nalishiga mos kamida bakalavr darajasidagi oliy pedagogik ma’lumotga ega bo‘lishi;

– kamida bakalavr darajasidagi boshqa oliy ma’lumotga ega bo‘lib, tegishli qayta tayyorlash kurslarini tamomlagan bo‘lishi zarur.

Mazkur talablar asosida tarix yo‘nalishi bitiruvchilari uchun “Davlat va huquq asoslari” fanidan dars berish huquqi belgilanmagan. Masalan, 5120300 – Tarix (jahon mamlakatlari bo‘yicha) bakalavriat ta’lim yo‘nalishining ta’lim dasturida ushbu fan ko‘zda tutilmagan.



2030-yilga mo‘ljallangan tartib

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-apreldagi 189-son qaroriga ko‘ra, 2030-yildan boshlab yuridik fanlardan faqat oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan yoki maxsus pedagogik qayta tayyorlash kurslarini tamomlagan shaxslar dars bera oladi.

Shuningdek, 2024-yil 27-avgustdagi 532-son qaror bilan umumta’lim muassasalarida huquq fanini o‘qitayotgan pedagoglar bepul qayta tayyorlash kurslaridan o‘tkazilishi belgilangan. Ushbu jarayon 2026-yilga qadar davom etadi.



Metodik materiallar

“Davlat va huquq asoslari” fanini o‘qituvchi pedagoglar uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan metodik yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, ularga quyidagi o‘quv materiallari taqdim etiladi:

– videodarslar;

– taqdimotlar;

– ko‘rgazmali qurollar;

– o‘quv-uslubiy materiallar.

Mazkur yangilanishlar ta’lim sifatini oshirish va huquqiy bilimlarni chuqurlashtirishga qaratilgan bo‘lib, bitiruvchilarning o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishlashini ta’minlashga qaratilgan.

manba