1 maydan elektr energiyasi uchun yangi tarif joriy etiladi - Ta’lim / Образование

1 maydan elektr energiyasi uchun yangi tarif joriy etiladi

O‘zbekistonda joriy yil 1 maydan boshlab 201 kilovatt soatdan 500 kilovatt soatgacha elektr energiyasiga 900 so‘mdan emas, 800 so‘mdan to‘lanadi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

1 maydan elektr energiyasi uchun yangi tarif joriy etiladi

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika resurslari iste’molchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2024-2025 yillarda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich o‘zgarish grafigiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida” 194-son qarori qabul qilingan.



Davlat rahbarining topshirig‘iga muvofiq ishlab chiqilgan mazkur qaror bilan Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 apreldagi 204-son qarori bilan tasdiqlangan 2024-2025 yillarda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich o‘zgarish grafigiga aholi uchun yengillik yaratadigan o‘zgartishlar kiritilmoqda. Masalan, yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining oshishi muddati 1 apreldan 1 may sanasiga ko‘chirilgan.

Bildirilishicha, 201 kilovatt soatdan 1000 kilovatt soatgacha bo‘lgan differensiallashgan tarif bo‘yicha iste’mol miqdori orasiga yangi miqdor kiritilmoqda. Ya’ni 2025 yil 1 maydan e’tiboran aholi iste’molchilari 201 kilovatt soatdan 500 kilovatt soatgacha bo‘lgan yangi miqdor oralig‘ida har bir kilovatt soat uchun 800 so‘mdan to‘laydi (shu paytgacha 201 kilovatt soatdan 1000 kilovatt soatgacha bo‘lgan qismi uchun 900 so‘mdan haq to‘langan).



1 maydan elektr energiyasi uchun yangi tarif joriy etiladi

“Aytish joizki, bir oyda o‘rtacha 500 kVt·soat miqdorida elektr energiyasi sarflaydigan xonadon vakillari buning uchun 2025 yilning 1 may sanasiga qadar 360 ming so‘m to‘lashardi (200 kVt·soat bazaviy norma uchun 90 ming so‘m, 201 kVt·soatdan 500 kVt·soat uchun 270 ming so‘m). Tarif o‘zgarishlaridan so‘ng bir oyda o‘rtacha 500 kVt·soat tok ishlatadigan xonadon buning uchun… 360 ming so‘m to‘laydi (200 kVt·soat bazaviy norma uchun 120 ming so‘m, 201 kVt·soatdan 500 kVt·soat uchun 240 ming so‘m). Ya’ni ular uchun narx oshayotgani yo‘q”, deyiladi xabarda.



Bundan tashqari, qaror bilan elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari har yili 1 maydan bir marotaba yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda 10 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilib borilishi belgilanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezidentning “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan kam ta’minlangan oilalarga elektr va gaz to‘lovlarida davlat kompensatsiyasi joriy etilishi xabar qilingan edi.

manba