Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining qo‘shma buyrug‘i bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilarini o‘rgangan kasb-hunari bo‘yicha amaliy imtihondan o‘tkazish va ularga elektron sertifikat berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Kasb-hunar ta’limi yo‘nalishi bo‘yicha amaliy imtihonni o‘tkazish sanasi va vaqti maktab pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlanadi va hududiy kasb-hunarga o‘qitish markaziga rasman xabar qilinadi, shuningdek, imtihon boshlanishidan kamida 15 kun oldin maktabda e’lon qilinadi.
Amaliy imtihonni o‘tkazish uchun maktab direktorining buyrug‘i bilan kamida 5 kishidan iborat tarkibda komissiya tuziladi. Har bir kasb turi bo‘yicha baholash mezonlari va imtihon savollari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Amaliy imtihon 10-11-sinf o‘quvchilari tomonidan o‘rganiladigan kasb-hunar ta’limi o‘quv dasturi asosida o‘tkaziladi. Imtihonda amaliy topshiriqni bajarish uchun har bir kasbning murakkabligi va xususiyatidan kelib chiqqan holda 120 daqiqagacha vaqt ajratiladi.
Komissiya a’zolari natijalarni 100 ballik tizimda baholaydilar:
86-100 – “a’lo”;
72-85 – “yaxshi”;
56-71 – “qoniqarli”;
0-55 – “qoniqarsiz”.
56 va undan yuqori ball to‘plagan bitiruvchi amaliy imtihonni topshirgan hisoblanadi.
O‘quv yili davomida kasb-hunar ta’limi bitiruvchisining choraklik baholari va amaliy imtihon natijalari (25 iyunga qadar) elektron platformaga kiritiladi. Shundan so‘ng pedagogik kengash sertifikat berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Bitiruvchilarga sertifikat har yili 30 iyungacha, amaliy imtihonni takroran topshirgan bitiruvchilarga esa 10 iyulga qadar beriladi. Bitiruvchilar sertifikatni elektron platforma orqali bepul yuklab olishi mumkin.