Pedagoglarning kontrakt asosida o‘qiyotgan farzandlariga beriladigan 30 foizlik chegirmani olish uchun onlayn ariza topshirish boshlandi. Imtiyoz davlat oliy ta’lim tashkilotlarining kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalariga tatbiq etiladi.
Avvalroq xabar berilganidek, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab davlat OTMlarining kunduzgi bakalavriatida tahsil olayotgan pedagoglar farzandlari uchun to‘lov-kontrakt summasiga 30 foizlik chegirma beriladi.
Mazkur imkoniyatdan foydalanish uchun kontrakt.edu.uz platformasi orqali ariza berish boshlandi.
Imtiyoz faqat davlat oliy ta’lim tashkilotlarining kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalariga beriladi. Chegirma har bir farzand uchun alohida qo‘llanadi. Ya’ni, agar pedagogning bir nechta farzandi kontrakt asosida o‘qisa, ularning har biri ushbu imtiyozdan foydalanishi mumkin.
Chegirma olish uchun qanday ariza beriladi?
Imtiyozdan foydalanish uchun kontrakt.edu.uz platformasi orqali ariza yuborish kerak. Ariza ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Talabaning pedagog farzandi ekanligi tasdiqlanganidan so‘ng chegirma avtomatik ravishda qo‘llanadi.
Chegirma har bir o‘quv yili uchun bir marta beriladi. Shu sababli talabalar undan har yili qayta foydalanishlari mumkin. Agar pedagog ota yoki ona pedagog maqomidan chiqarilsa, uning farzandiga chegirma qo‘llash keyingi o‘quv yilidan boshlab to‘xtatiladi.
Kimlarga chegirma berilmaydi?
Mazkur imtiyoz quyidagi ta’lim tashkilotlari va ta’lim shakllariga tatbiq etilmaydi:
- oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim tashkilotlari;
- nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari;
- O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari;
- qo‘shimcha va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish;
- xorijiy hamkor oliy ta’lim tashkilotlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari va ularning fakultetlari;
- kechki, masofaviy va sirtqi ta’lim shakllari.
Qaysi pedagoglarning farzandlari imtiyozdan foydalanishi mumkin?
Adliya vazirligida 2026-yil 9-iyunda 3849-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatida 465 ta lavozim nomi tasdiqlangani qayd etilgan. Ushbu ro‘yxatga kiruvchi lavozimlarda ishlaydigan pedagoglarning farzandlari chegirmadan foydalanishi mumkin.
Jumladan, maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi tarbiyachilarning farzandlariga ham imtiyoz tatbiq etiladi.
Biroq oliy ta’lim muassasalaridagi tyutorlar hamda o‘quv markazlarida ishlaydigan o‘qituvchilarning farzandlariga, keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, chegirma berilmaydi.
Shuningdek, pedagog xususiy ta’lim tashkilotida ishlashi imtiyozdan foydalanishga to‘sqinlik qilmaydi. Xususiy oliygoh, maktab yoki bog‘chada faoliyat yurituvchi pedagoglarning farzandlari ham belgilangan talablarga javob bergan taqdirda chegirmadan foydalanishi mumkin.





