2024-2025 o‘quv yiliga mo‘ljallangan variativ o‘quv rejalari - Ta’lim / Образование

2024-2025 o‘quv yiliga mo‘ljallangan variativ o‘quv rejalari

Ushbu sahifada Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida variativ o‘quv rejalarini joriy etish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tavsiyasi bilan tanishib chiqishingiz mumkin.

papka-dokumenty

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida variativ o‘quv rejalarini joriy etish bo‘yicha tavsiya

(O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2024 yil 20 iyundagi 190 sonli buyrug‘iga 1 ilova)

 

I. Umumiy qoidalar

1. 1. Ushbu tavsiya quyidagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq ishlab chiqildi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi PF-5712-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi;



O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi PF-27-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 12-avgustdagi PQ-4805-son qarori;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fizika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 19-martdagi PQ-5032-son qarori.



2. Maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 7-11-sinflarida variativ o‘quv rejalari ixtiyoriy ravishda joriy qilinadi.

3. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quv yili davomida variativ o‘quv rejalari joriy etilgan sinflar (keyingi o‘rinlarda – tanlov sinfi) yo‘nalishini o‘zgartirishga va an’anaviy sinfga aylantirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida pedagogika kengashi tomonidan tanlov sinfining yo‘nalishi joriy o‘quv yili yakunlanib, yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida o‘zgartirilishi mumkin.



4. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida sinfdagi o‘quvchilar, ularning ota-onalari hamda o‘qituvchilarning uchdan bir qismi norozi bo‘lsa ushbu sinfda variativ o‘quv reja joriy qilinmaydi.


II. Variativ o‘quv rejalarining maqsadi

5. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida variativ o‘quv rejalarini joriy etishning asosiy maqsadi:

  • o‘quv jarayonini tashkil etishda o‘quvchining manfaatlarini inobatga olish;
  • o‘quv jarayonini kompetensiyaviy yondashuv asosida tashkil etish;
  • o‘quvchilarning individual xohish-istaklari, qobiliyatlarini inobatga olgan holda o‘quv jarayonini tashkil etish;
  • ta’lim muassasalarining o‘zida o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga
    tayyorgarlik ko‘rishlari uchun sharoitlar yaratish va bu orqali ota-onalarning repetitorlarga ortiqcha mablag‘ sarflamasliklariga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish.


III. Variativ o‘quv rejalarini joriy etish tartibi

1-§. Tanlov sinfi

6. 6. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining tegishli buyrug‘i bilan tasdiqlanadigan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejasi asosida o‘qitiladigan an’anaviy sinflar bilan birga, variativ o‘quv reja asosida o‘qitiladigan tanlov sinfi ham tashkil etilishi mumkin.

7. Tanlov sinfidagi o‘quvchilar soni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida Nizom”ga muvofiq bo‘lishi lozim.



Tanlov fanlari, ikkinchi xorijiy til, biznes va kasb-hunar yoʻnalishlari hamda ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan davlat umumtaʼlim muassasalarining ixtisoslashtirilgan sinflarida variativ o‘quv rejalar tatbiq qilinmaydi.

Tanlov sinfi umumiy o‘rta ta’lim muassasasida mavjud 7-11-sinflar o‘quvchilari kontingenti hisobidan tashkil etiladi.

8. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida bir nechta yo‘nalishda tanlov sinfi tashkil etilishi mumkin. Bunda, ta’lim muassasasida 7-11-sinflarning biridan bitta sinf mavjud bo‘lgan taqdirda ham tanlov sinfi tashkil etiladi.



Bunda, tanlov sinflarini quyidagi yo‘nalishlarda tashkil etish tavsiya etiladi:

birinchi yo‘nalish: 7-11-sinflar uchun – filologiya yo‘nalishi;
ikkinchi yo‘nalish: 7-11-sinflar uchun – xorijiy tillar yo‘nalishi;
uchinchi yo‘nalish: 7-11-sinflar uchun – moliya – iqtisod yo‘nalishi;
to‘rtinchi yo‘nalish: 7-11-sinflar uchun – veb-frilanser (internet tarmog‘i orqali mehnat daromadi olish) yo‘nalishi;
beshinchi yo‘nalish: 7-11-sinflar uchun – muhandislik (texnologiya) yo‘nalishi;
oltinchi yo‘nalish: 7-11-sinflar uchun – tabiiy fanlar yo‘nalishi;
yettinchi yo‘nalish: 7-11-sinflar uchun – ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishi;
sakkizinchi yo‘nalish: 7-11-sinflar uchun – boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi;
to‘qqizinchi yo‘nalish: 7-11-sinf uchun – kimyo-texnologiya yo‘nalishi;
o‘ninchi yo‘nalish: 7-11-sinflar uchun – geografiya va geologiya yo‘nalishi;
o‘n birinchi yo‘nalish: 7-11-sinflar uchun – maktabgacha ta’lim va psixologiya yo‘nalishi;
o‘n ikkinchi yo‘nalish: 7-11-sinflar uchun – tarix va arxeologiya yo‘nalishi;
o‘n uchinchi yo‘nalish: 7-11-sinflar uchun – turizm yo‘nalishi;
o‘n to‘rtinchi yo‘nalish: 8-11-sinflar uchun – yurisprudensiya yo‘nalishi;
o‘n beshinchi yo‘nalish: 7-11-sinflar uchun – ijtimoiy ish yo‘nalishi;
o‘n oltinchi yo‘nalish: 7-11-sinflar uchun – yo‘l harakati va hayot xavfsizligi faoliyati yo‘nalishi;
o‘n yettinchi yo‘nalish: 7-11-sinflar uchun – sport yo‘nalishi;
o‘n sakkizinchi yo‘nalish: 10-11-sinflar uchun – harbiy vatanparvarlik yo‘nalishi.



9. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining tegishli tanlov sinfida ta’lim jarayoni
faqat bitta yo‘nalishda olib boriladi. Bitta tanlov sinfiga ikkita yo‘nalishni tanlashga ruxsat berilmaydi.

10. Tanlov sinfi yo‘nalishi tegishli sinflar kesimida o‘quvchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish orqali aniqlanadi.

11. O‘quvchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish va natijasini umumlashtirish uchun maktabda tanlov komissiyasi tuziladi.



Tanlov komissiyasi tarkibi quyidagicha shakllantiriladi:

  • komissiya raisi – maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari;
  • komissiya a’zolari – maktab psixologi, amaldagi tegishli sinf rahbarlari, fan metod birlashma rahbarlari va ota-onalardan vakil kiritiladi;

Bunda, tanlov komissiyasi a’zolari tarkibiga fan o‘qituvchilari kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi (fan metod birlashma rahbarlari, sinf rahbarlari bundan mustasno).

12. So‘rovnomani o‘tkazish shakli tanlov komissiya tomonidan belgilanadi.

13. O‘quvchilar o‘rtasida tanlov sinfi yo‘nalishini aniqlashga qaratilgan so‘rovnomani o‘tkazish jarayonida ota-onalar ham farzandlari bilan birga ishtirok etishi mumkin. Bunda, bir nafar o‘quvchi faqat bitta yo‘nalishni tanlaydi.



14. So‘rovnomani o‘tkazish va natijalarini umumlashtirish jarayonining shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik nazoratini o‘rnatish maqsadida ushbu jarayonlarda maktabning Kuzatuv kengashi a’zolari kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin.

15. So‘rovnoma natijasida tegishli tanlov sinfida o‘qishni xohlagan o‘quvchilar soni 35 nafardan oshib ketsa, bunday holda o‘quvchilar tanlov komissiyasi tomonidan tashkil etiladigan tegishli fan bo‘yicha sinov natijalari asosida tanlov sinfiga qabul qilinadi. Sinovdan o‘tolmagan o‘quvchi an’anaviy sinfda o‘qishini davom ettiradi.

Agarda tanlov sinfida o‘qishni xohlagan o‘quvchilar soni 35 nafardan ortiq bo‘lmasa, bunday holda o‘quvchilar tanlov sinfiga sinovsiz qabul qilinadi. Bundan tashqari, maktabda tegishli sinf bitta bo‘lsa, ushbu sinfning barcha o‘quvchilari belgilangan yo‘nalishlardan birida ta’lim olish istagini bildirsa, bunday holda ushbu sinfdagi o‘quvchilarning sonidan qat’iy nazar barcha o‘quvchilar tanlov sinfiga sinovsiz qabul qilinadi.



16. Ota-onalar farzandlarini tanlov sinfiga qabul qilishi to‘g‘risida direktor nomiga ariza yozishadi.

17. O‘quvchilarga o‘quv yili davomida tanlov sinfidan an’anaviy sinfga yoki an’anaviy sinfdan tanlov sinfiga o‘tishiga ruxsat berilmaydi.

18. O‘quvchilar eng ko‘p tanlagan yo‘nalish bo‘yicha sinflar soniga mutanosib ravishda yangidan sinflarga ajratiladi. Bunda, sinflar soni mavjud tegishli sinflar sonidan oshib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

19. Maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari va fan metodbirlashma rahbarlari tomonidan tanlov sinfi yo‘nalishi, tanlov fanlari, dars soati, o‘quvchilar ro‘yxati, sinf rahbari va mazkur fanlardan dars beruvchi o‘qituvchilar to‘g‘risida ma’lumot tayyorlanadi.

20. Ushbu ma’lumot maktab pedagogika kengashida muhokama qilinib, kengashda tanlov sinfi yo‘nalishi, tanlov fani o‘qituvchilari, ularning dars soati, sinf rahbarini belgilash, o‘quvchilar ro‘yxatini tasdiqlash bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinadi. Ushbu pedagogika kengashi qarori asosida maktab direktorining buyrug‘i chiqariladi.



21. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining tanlov sinfida tegishli tanlov fanlaridan birinchi navbatda oliy, birinchi yoki ikkinchi toifali o‘qituvchilar, ular mavjud bo‘lmagan taqdirda izlanuvchan mutaxassis o‘qituvchilar ham dars berishi mumkin.

22. Tanlov sinfi yo‘nalishidan kelib chiqib, direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, tegishli fan metodika birlashmasi va tanlov fani o‘qituvchilari birgalikda Respublika ta’lim markazi tomonidan ishlab chiqilgan namunaviy taqvim-mavzu rejalari asosida (ushbu rejaga 30%gacha o‘zgarishlar kiritilishi mumkin) tanlov sinfining taqvim-mavzu rejasini tuzadi va ushbu reja maktab direktori tomonidan tasdiqlanadi.

23. Variativ o‘quv rejalar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Variativ o‘quv reja majburiy va tanlov fanlaridan iborat bo‘ladi.



24. Tanlov fani uchun ajratilgan soatlarda quyidagilar amalga oshiriladi:

  • o‘quvchilarga fanlarni chuqur o‘rgatish va tegishli mavzularga doir qo‘shimcha ma’lumotlar berish;
  • o‘quvchilar bilimini mustahkamlash va mavzularni to‘liq o‘zlashtirilishini
    ta’minlash;
  • Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tavsiya etiladigan ta’lim resurslari platformalaridan foydalanish;
  • qo‘shimcha adabiyotlardan misol va masalalar, testlar yechish;
  • oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilarini jalb qilgan holda amaliy mashg‘ulotlar tashkil etish;
  • o‘quvchilarni oliy ta’lim muassasalarining kirish imtihonlariga tayyorlash.

25. Tanlov fanlarini o‘qitishda darsliklardan tashqari, qo‘shimcha adabiyot va manbalardan foydalanish mumkin.

26. Variativ o‘quv reja asosida ta’lim olgan 11-sinf bitiruvchilarining umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomasiga yakuniy baholar quyidagicha qo‘yiladi:

  • variativ o‘quv reja bo‘yicha 11-sinfda o‘qitilgan barcha fanlardan yillik (yakuniy) baholari sinf jurnallari (bosma yoki elektron) asosida qo‘yiladi;
  • 10-11-sinflarda variativ o‘quv reja asosida tashkil etilgan sinflarda o‘tilmagan fanlarning baholari 9-sinf tayanch o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomasidan ko‘chiriladi;
  • variativ o‘quv reja asosida tashkil etilgan sinflarda o‘tilmagan “Tadbirkorlik asoslari” va “Astronomiya” fanlari bo‘yicha baholar qo‘yilmaydi.


IV. Yakuniy qoidalar

27. Tanlov sinfini tashkil etish yoki uni tugatish maktabning pedagogika kengashi qarori asosida amalga oshiriladi. .


 



Leave a Reply