Maktabda uslub (metod) birlashma nima maqsadda tuziladi va asosiy vazifalari nimalardan iborat? Sahifada ushbu savollarga javob topasiz.
Metodbirlashmalar faoliyatini tashkil etish
Umumta’lim maktabida metodbirlashmalar «Umumiy o‘rta ta’lim maktabining Metodbirlashmalari to‘g‘risida nizom» (Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 8 sonli buyrug‘iga 2-ilova 05.01.2024) bilan tartibga solinadi.
Umumta’lim maktabida boshlang‘ich ta’lim, sinf rahbarlari yo‘nalishi hamda 5-11-sinflarda esa alohida fanlar yoki bir-biriga yaqin bo‘lgan fanlar turkumi bo‘yicha metodbirlashmalar faoliyat ko‘rsatadi.
Umumta’lim maktabida bitta fan yoki turkum bo‘yicha kamida uchta o‘qituvchi bo‘lsa metodbirlashma tashkil etiladi.
Agar tegishli fan bo‘yicha o‘qituvchilar soni uch nafardan kam bo‘lsa, u holda ushbu fan o‘qituvchilari shu turkumdagi fan o‘qituvchilari bilan birgalikda bitta metodbirlashmaga birlashadi.
Metodbirlashma rahbari metodbirlashma a’zolari bilan kelishgan holda, maktab direktorining buyrug‘i bilan, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha metodik ishlarni yaxshi yo‘lga qo‘ygan, doimiy ravishda uzluksiz metodik xizmatni tashkil eta olgan, ijodkor va tajribali o‘qituvchilardan tayinlanadi.
Umumta’lim maktabining har bir o‘qituvchisi (o‘rindoshlik tariqasida ishlayotgan o‘qituvchilar ham) o‘z yo‘nalishlari yoki tegishli fan turkumi bo‘yicha metodbirlashmaga a’zo bo‘lishlari shart.
Metodbirlashma tarkibi umumta’lim maktabi direktorining buyrug‘i bilan shakllantiriladi.
Metodbirlashmaning faoliyati umumta’lim maktabi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan nazorat qilinadi.