O‘zbek tilining o‘quv imlo lug‘ati - Ta’lim / Образование

O‘zbek tilining o‘quv imlo lug‘ati

Ushbu lug‘at umumta’lim maktablari, akademik litseylar o’quvchilari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda 27000 ortiq so‘z va so‘z shakllarining to‘g‘ri yozilishi ko‘rsatib berilgan. Shuningdek, lug‘atdan keyingi yillarda hozirgi o‘zbek adabiy tiliga o‘zlashgan, o‘zbek adabiy tilida barqarorlashgan yangi o‘zlashmalar ham joy olgan.

O‘zbek tilining o‘quv imlo lug‘ati

Adabiy til yozma shaklining me’yorlashuvi va takomilida, shuningdek, og‘zaki hamda yozma nutq orasidagi bog‘liqlik va yaqinlikni mustahkamlashda imlo lug‘atlari muhim rol о‘ynaydi. Imlo lug‘atlari nafaqat sо‘zlarning yozma shakli, balki og‘zaki talaffuz shaklining ham me’yorlashuvi va uning muayyan turg‘un, adabiy holatda bо‘lishiga xizmat qiladi, zero aksariyat sо‘zlar yozma shaklga asoslangan holda talaffuz qilinadi. Imlo lug‘ati tilning lug‘aviy boyligini о‘zida jamlovchi va saqlovchi ishonchli manba hamdir. Chunki u boshqa tip lug‘atlarga kiritilmaydigan ba’zi sо‘z va sо‘z shakllarni ham qamrab oladi.

О‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti xodimlari tomonidan tuzilgan, 85000 ga yaqin sо‘z va sо‘zshakllarni qamragan o‘zbek lotin yozuvidagi katta hajmli imlo lug‘ati bundan o‘n yil oldin nashr etilgan edi.



Qayd qilingan lug‘at tuzilgandan keyin о‘tgan davr mobaynida о‘zbek tilining lug‘aviy boyligida, imloviy me’yorlarida bir qator siljishlar, о‘zgarishlar yuz berdi. Tilda yangi sо‘z va terminlar paydo bо‘ldi, о‘zbek tiliga yangi davrning ijtimoiy, ilmiy, moddiy-ma’naviy, siyosiy-mafkuraviy sohalarida rо‘y bergan о‘zgarishlarni, tushunchalarni anglatuvchi yangi sо‘z va terminlar kirib keldi. Ba’zi hollarda sо‘zlarni sо‘zlashuvga xos talaffuz shakllarida yozish ham kо‘zga tashlanmoqda.

О‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining yetakchi ilmiy xodimlari tomonidan ushbu «О‘zbek tilining oʻquv imlo lug‘ati» tuzildi va nashga tayyorlandi. Unda 27000 dan ortiq sо‘zning tо‘g‘ri imloviy shakli berilgan. Mazkur lug‘at о‘zbek tilining hozirda mavjud oʻquv imlo lug‘atlaridan:

  • sо‘zligining boyligi;
  • imlosi qiyin va munozarali bо‘lgan, hozirga qadar imlo lug‘atlariga kiritilmay kelayotgan sо‘zlarni ham qamrab olganligi;
  • nashr etilgan va etilayotgan boshqa tip lug‘atlarning ijobiy imloviy tajribalarini hisobga olganligi; e) keyingi о‘ttiz yil davomida о‘zbek tili imlosi amaliyotida yuz bergan, kо‘pchilik tomonidan ma’qul deb topilayotgan ijobiy imloviy о‘zgarishlarga e’tibor berganligi;
  • nihoyat, mustaqillik davrida о‘zbek tiliga kirib kelgan yangi sо‘z va terminlar yozilish shaklining ilmiy-imloviy baholangan holda lug‘at tarkibiga kiritilganligi bilan farqlanadi.


«О‘zbek tilining oʻquv imlo lug‘ati» sо‘zligi «О‘zbek tilining imlo lug‘ati» (2013), 5 jildli «Oʻzbek tilining izohli lugʻati» (2020), 12 jildli «Ўзбекистон миллий энциклопедияси», bir qator sohalar terminologik lugʻatlari, oliy va o‘rta maktab darsliklari, gazeta va jurnallardan tо‘plangan so‘zlardan foydalanib tuzildi. Lug‘at O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 24-avgustdagi 339-sonli «O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida»gi qarori bilan qabul qilingan «O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari»ga asoslangan holda yaratildi.

Lug‘at filologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim A.P.Madvaliyev, filologiya fanlari doktori, professor Y.R.Odilov hamda filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori A.K.Saidnoʻmonovlar tomonidan tuzildi.


Janr / bo‘lim: Til va lingvistika, O‘quv va metodik qo‘llanmalar
Muallif: A.Madvaliyev, Y.Odilov, A.Saidnoʻmonov.
Nashr yili: 2022
Tili: O‘zbek (lot)
Betlar: 412
Fayl turi: PDF