Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 1-sinf o‘quvchilariga beriladigan “Prezident sovg‘alari” ni hududlarga jo‘natish va yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik bo‘yicha olib borilayotgan jarayonlar targ‘ibotiga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi.
Vazirlik Axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-2027-o‘quv yilida 10 225 ta maktabda, 550 mingdan ortiq o‘qituvchilar 6,7 mln. nafardan ortiq o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berishi kutilmoqda.
Yangi oʻquv yilida 795 mingdan ortiq bolalar 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan boʻlib, joriy yil 5-avgustga qadar 680 ming nafar (rejaga nisbatan 85 %) oʻquvchilar qabul qilingan. 1-sinfga qabul qilingan o‘quvchilar uchun beriladigan 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘asi” joriy yil 15-avgustga qadar mamlakatimizdagi barcha hududlarga, 25-avgustga qadar esa qabul qilingan oʻquvchilar soniga mos ravishda barcha maktablarga toʻliq yetkaziladi.
Ushbu 12 nomdagi o‘quv qurollari:
- 1 ta oʻquv sumkasi;
- 12 ta oʻn ikki varaqli daftar;
- 1 ta ruchka;
- 2 ta oddiy qalam;
- 1 ta oʻn ikki rangdagi qalamlar toʻplami;
- 1 ta rangli qogʻoz toʻplami;
- 1 ta plastilin;
- 1 ta rasm daftari;
- 2 ta oʻchirgʻich;
- 1 ta oʻn ikki rangdagi akvarel buyogʻi;
- 1 ta yelim (kley);
- 1 ta qalamdon to‘plamidan iborat.
Prezident sovgʻasi sifatida tayyorlangan ushbu oʻquv qurollari “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbirlaridan soʻng bolajonlarga tantanali ravishda topshiriladi. Shuningdek, oʻquv qurollari nodavlat maktablar, boshqa vazirlik va idoralar tasarrufidagi taʼlim tashkilotlari bolalariga ham beriladi.
Aytish lozimki, 1-sinfga qabul qilinayotgan har bir bolani “Prezident sovgʻasi” bilan oʻz vaqtida taʼminlash maqsadida vazirlikning adm.maktab.uz elektron platformasi orqali maktablar kesimida bolalarning roʻyxati nomma-nom shakllantirildi (bunda nodavlat maktablar va boshqa vazirlik tasarrufidagi maktab oʻquvchilari ham inobatga olingan).
Press-tur tadbir davomida 1-sinf oʻquvchilari uchun beriladigan darslik majmualarining taqdimoti ham tashkil etildi. Unda mutaxassislar tomonidan yangi darsliklarning oʻziga xos jihatlari hamda mavzuga doir muhim maʼlumotlarga atroflicha toʻxtalib oʻtildi.
Prees-tur tadbiri tashkil etilgan Chilonzor tumanidagi 202-umumtaʼlim maktabida yangi oʻquv yilida 1260 nafardan ortiq oʻquvchi taʼlim olishi, 175 nafar bola 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Maktabda alohida taʼlim ehtiyojlari mavjud boʻlgan bolalarni taʼlimga jalb etish uchun inklyuziv sinflar tashkil etilgan va ular uchun barcha qulay sharoitlarga ega “toʻsiqsiz muhit” yaratilgan.
Hozirda maktabda 13 nafar bola (shundan 2 nafari bu yil 1-sinfga qabul qilingan) inklyuziv sinflarda taʼlim olmoqda.





