Ushbu sahifada Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2024-yil 23-avgustdagi 273-sonli buyrugʻiga 6-ilova, ya’ni “Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻquvchilar davomatini yuritish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnoma” bilan tanishib chiqishingiz mumkin.
Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻquvchilar davomatini yuritish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnoma
Mazkur yoʻriqnoma umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻquvchilar davomatini yuritish, dars mashgʻulotlariga sababsiz kelmayotgan yoki muntazam ravishda qatnashmayotgan oʻquvchilarni aniqlash, hisobotini yuritish va ularni taʼlimga jalb qilish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu yoʻriqnoma Мaktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi barcha turdagi umumiy oʻrta taʼlim maktablari uchun majburiy hisoblanadi.
2. Mazkur yoʻriqnomada quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Darslarga kelmaslik – darslar uchun belgilangan vaqtlarda (kun, hafta davomida) ishtirok etmaslik;
Sababli ravishda darslarga qatnashmaslik, dars qoldirish, darslarga (soat, kun, hafta davomida) qatnashmaslik, sogʻligi tufayli (tibbiy maʼlumotnoma asosida), favqulodda va boshqa holatlarda darslarga sababli kechikish, darslarda (soat, kun, hafta davomida) qisman yoki toʻliq qatnashmaslik — taʼlim muassasasi rahbariyatining (direktor, direktorning maʼnaviy-maʼrifiy ishlari yoki oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosarlari), sinf rahbarining ruxsati bilan, ota-onasining (ularning oʻrnini bosuvchi shaxsning) ogʻzaki va yozma murojaatiga koʻra amalga oshirilishi;
Sababsiz ravishda darslarga kechikish, dars qoldirish, darslarga (soat, kun, hafta davomida) qatnashmaslik yuqorida 3-xatboshida koʻrsatilgan sabablar boʻlmagan hollarda darslarga qisman yoki toʻliq qatnashmaslik;
Muntazam dars qoldirish – sababsiz ravishda bir oʻquv haftasida 3 kun va undan ortiq, bir oy mobaynida 10 kun va undan ortiq dars mashgʻulotlariga uzluksiz qatnashmaslik.
2-bob. Oʻquvchilar davomatini yuritish
3. Umumiy o‘rta ta‘lim o‘quvchilarining davomati har bir sinf, maktab, tuman (shahar) viloyat va Respublika miqyosida yuritiladi.
4. Oʻquvchilar davomati sinf rahbari tomonidan elektron sinf jurnalida quyidagi tartibda qayd etiladi:
a) sababsiz:
- s- sababsiz dars qoldirganligini koʻrsatish uchun;
- m- surunkali dars qoldirayotganligini koʻrsatish uchun;
- ch- respublikadan tashqariga ruxsatsiz chiqib ketganligini koʻrsatish uchun;
- q- taʼlim olishga ota-onasi qarshilik qilayotganligini koʻrsatish uchun;
- ns- ota-ona nazoratsizligi sababli darsga kelmaydiganligini koʻrsatish uchun;
b) sababli:
- dq- sababli dars qoldirilganligini koʻrsatish uchun;
- k- kasallik sababli dars qoldirganligini koʻrsatish uchun;
- kq- darsga kechikib kelganligini koʻrsatish uchun;
- tq- turmushga chiqqanligi tufayli darsga kelmaydiganligini koʻrsatish uchun belgilanadi.
5. Fan oʻqituvchilari tomonidan oʻquvchilarning darsdagi davomatlari dars boshlanishida onlayn tarzda quyidagi tartibda qayd etiladi:
- s- sababsiz dars qoldirganini koʻrsatish uchun;
- dq- sababli dars qoldirilganligini koʻrsatish uchun;
- kq- darsga kechikishni koʻrsatish uchun ( baholash mumkin).
6. Oʻquvchilar davomati maktab miqyosida nazorat qilish va muvofiqlashtirish maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari tomonidan amalga oshiriladi.
3-bob. Dars mashgʻulotlariga sababsiz kelmayotgan yoki muntazam
ravishda qatnashmayotgan oʻquvchilarni aniqlash hamda hisobini yuritish
7. Oʻquv haftasi yakuni boʻyicha direktorning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari oʻquvchilarning davomatini tahlil qilib, roʻyxat asosida sababsiz va muntazam ravishda darslarga qatnashmayotgan oʻquvchilarni dars mashgʻulotlariga va muntazam ravishda darslarga qatnashmayotgan oʻquvchilarni dars mashgʻulotlariga va taʼlimga toʻliq jalb qilish choralarini koʻradi.
Zarur hollarda Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiyasi, inspektor-psixologlar hamda mahalla faollari hamkorligida oʻquvchilarni taʼlimga jalb qilish choralari koʻriladi.
8. Maktab direktori tomonidan oʻquvchilarni dars mashgʻulotlariga va taʼlimga qaytarish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar (muntazam ravishda) nazorat qilinadi. Mahalla fuqarolar yigʻini, profilaktika inspektorlari hamda ota-onalar bilan hamkorlikda taʼlim-tarbiya jarayoni samaradorligini oshirish maqsadida oʻquvchilarni darsga qaytarish choralarini koʻradi.
9. Muntazam ravishda darslarga qatnashmayotgan oʻquvchilarni taʼlimga jalb qilish borasida maktab rahbariyati tomonidan olib borilgan ishlar samarasiz yakunlangan holatlarda, bunday oʻquvchilar haqidagi batafsil maʼlumotlar tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimiga taqdim etiladi.
10. Tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tomonidan oʻqishdan boʻyin tovlaydigan oʻquvchilarni tuman (shahar) mahalla, ichki ishlar idoralari, hokimliklar qoshidagi Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiyasi bilan hamkorlikda taʼlimga qaytarish choralari koʻriladi. Nazoratsiz va qarovsiz qolganligi aniqlangan voyaga yetmaganlarni joylashtirish boʻyicha vasiylik organlariga taklif kiritadi.
11. Nazoratsiz va qarovsizlik oqibatida yoki oʻzboshimchalik bilan taʼlim muassasalarini tark etgan oʻquvchilarni taʼlimga jalb qilish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalari, joylardagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam koʻrsatish markazlari bilan doimiy hamkorlikda faoliyat olib boradi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
12. Mazkur yoʻriqnoma talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.