Mazkur yo‘riqnoma 2024-yil 4-9-noyabr kunlari birinchi guruh fanlaridan o‘tkaziladigan asosiy olimpiadaning uchinchi – hududiy bosqichini (keyingi o‘rinlarda – Olimpiada) tashkil etish va o‘tkazish jarayonida qo‘llaniladi.
Matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan Olimpiada topshiriqlari va ularning baholanishi
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2024-yil “11” – oktyabrdagi 331 – son buyrug‘iga 2b-ilova
Olimpiada matematika, fizika, kimyo va biologiya fanlaridan ikkita turda tashkil qilinadi. Bunda ishtirokchilarga turli qiyinlik darajasidagi 5 ta yozma ish topshiriqlari 7, 7, 10, 10 va 16 balli topshiriqlar, jami 50 ball bilan baholanadi. Topshiriqlarni bajarish uchun 180 daqiqa vaqt ajratiladi hamda ishtirokchilarga turli qiyinlik darajasidagi 30 ta test savollari taqdim qilinib, ularni bajarish uchun 90 daqiqa vaqt beriladi.
Test topshiriqlarining dastlabki 10 tasi sodda darajadagi yopiq test (А, В, C, D javob variantlaridan tanlanadi) bo‘lib, har bir to‘g‘ri javob 0,9 ball bilan baholanadi.
Keyingi 10 tasi o‘rta qiyinlik darajadagi yopiq test (А, В, C, D javob variantlaridan tanlanadi) bo‘lib, har bir to‘g‘ri javob 1,5 ball bilan baholanadi.
Qolgan 10 tasi ochiq test (javobi yoziladigan) bo‘lib, har bir to‘g‘ri javob 2,6 ball bilan baholanadi, jami 50 ball (10*0,9+10*1,5+10*2,6=50).
lshtirokchilar ikki tur bo‘yicha umumiy 100 ball bilan baholanadi.
Informatika va axborot texnologiyalari fanidan olimpiada bitta turda tashkil qilinadi.
Ishtirokchilarga turli qiyinlik darajasidagi 5 ta masala (7, 7, 10, 10, 16 ballik masalalar)ni onlayn portalda yechishlari uchun 180 daqiqa vaqt beriladi, to‘liq ishlangan va tizimda qabul qilingan masalalarga tegishlicha ball beriladi, jami 50 ball. lshtirokchilar masala uchun dastur kodlarini faqat C++, Python, Java dasturlash tillarida yozishlari talab etiladi.
Umumiy natijalariga ko‘ra, har bir fan va sinf kesimida ishtirokchilar orasidan ballar ketma-ketligida 3 nafar g‘olib (1-, 2-, 3-o‘rinlar) aniqlanadi va hakamlar hay’ati qarori asosida tashkiliy qo‘mita tomonidan keyingi bosqichda ishtirok etish uchun tavsiya etiladi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘olib o‘rinlar uchun bir nechta ishtirokchilarning ballari teng bo‘lgan taqdirda, yozma ish natijalari bo‘yicha ko‘p ball to‘plagan o‘quvchi ustunlikka ega bo‘ladi.
Agar yozma ish natijalari ham teng bo‘lsa, yozma ishdagi murakkab topshiriqlar bo‘yicha ko‘p ball to‘plagan o‘quvchi ustunlikka ega bo‘ladi.
Informatika va axborot texnologiyalari fanidan bir nechta ishtirokchilarning ballari teng bo‘lgan taqdirda, tizim avtomatik ravishda tez ishlagan o‘quvchining reytingini yuqorida ko‘rsatadi, ya’ni o‘quvchilarning masalani ishlashga sarflagan vaqtlari hisobga olinadi.
Barcha holat bo‘yicha ham ballar teng bo‘lgan taqdirda o‘quvchilarga hakamlar hay’ati tomonidan qo‘shimcha 3 ta ochiq test (javobi yoziladigan) beriladi va g‘olib aniqlanadi.