Kuzning salqin kunlari boshlandi. Yogʻingarchilik mavsumi yaqin. Bu — oʻtkir respirator virusli infektsiyalar (OʻRVI) avj olishi uchun qulay muhit. Ana shu davrda shamollash va gripp singari mavsumiy kasalliklar bolalar oʻrtasida keng tarqaladi.
Ammo Oʻrviga chalingan bemor farzandlarni uy sharoitida davolashda shifokor tavsiyasisiz, oʻzboshimchalik bilan amalga oshiriladigan notoʻgʻri muolajalar qator asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Abdumannop Abduqayumov bunday pallada ota-onalar tomonidan eng koʻp yoʻl qoʻyiladigan xatolar haqidagi xulosalarini ma’lum qildi.
— Isitmasi yuqori bolaning tomogʻini yod yoki zelyonka bilan artish koʻp kuzatiladigan yanglish xatti-harakat, — deydi mutaxassis. — Chunki kichik yoshli bemorning nafas yoʻli shilliq qavati juda nozik, qolaversa, virusdan yalligʻlangan va shishgan boʻladi.
Agar yuqorida aytilgan surtmalar bilan ishlov berilsa, shilliq qavat jarohatlanib, shish kattalashib, laringit yuzaga kelishi va boshqa asoratlar kuzatilishi xavfi bor.
Tana harorati 38,5 darajadan koʻtarilganda, paratsetamol yoki ibuprofen berish tavsiya etiladi. Ammo ba’zi ota-onalar tibbiyotdan yaxshi xabardor boʻlmagan tanishi, qoʻshnisini chaqirib, analgin, dimedrol, novokain qoʻshib mazkur aralashmani isitma tushirishda qoʻllashadi. Bu mutlaqo mumkin emas! Analgin qonni suyultirib yuboradi. Dimedrol esa bolada yoʻtal paydo boʻlgan, bronxlari torayib qolgan paytda asoratlarni yanada kuchaytiradi.
Bundan tashqari, allergik yoʻtal, astma, yuqori nafas yoʻllarining yalligʻlanishi kuzatilayotgan bolalar bor xonalarda isiriq tutatish mumkin emas. Chunki tutun kichkintoy organlari spazmini koʻpaytirib, yoʻtalni yanada kuchaytirishi ehtimoli mavjud.
Tana harorati koʻtarilgan bolani qalin kiyintirish, koʻrpa-adyollar oʻrab-chirmab tashlash ham notoʻg‘ri. Negaki, bu xatti-harakat organizmning isitmadan xalos boʻlishiga toʻsqinlik qiladi.
Shamollash chog‘ida bolaning ishtahasi pasayishi mumkin. Bu — organizmning tabiiy reaktsiyasi. Ammo ba’zi ota-onalar shunday paytda farzandini koʻp miqdorda ovqat eyish yoki ichimlik ichishga majburlaydi. Ushbu holat kichintoyning oʻzini yomon his qilishi yoxud hazm qilish jarayoni buzilishiga olib kelishi mumkin.
OʻRVI yoki gripp tashxisi qoʻyilgan bolani havo aylanmaydigan va nam xonada saqlash ham yaramaydi. Bunday sharoitda viruslar koʻpayishi osonlashadi va bemorning nafas olishi qiyinlashadi.
Oʻz navbatida, tumov belgilari kuzatila boshlasa, oʻzboshimchalik bilan oʻg‘il-qizlarga antibiotiklar berish ham katta xato. Sababi, bunday preparatlar virusli xastaliklarda yordam bermaydi. Aksincha, aks ta’sir koʻrsatadi.
Shamollash chog‘ida va tana harorati koʻtarilganda koʻp suyuqlik ichish kasallikni tezroq engishga yordam beradi.
Agar bolada pnevmoniyaning ilk belgilari kuzatilsa, shifoxonada davolanish tavsiya etiladi.
O‘tkir respirator kasalliklar va grippda ota-onalar uchun tavsiyalar
1. Kasallanishni oldini olish:
– har kuni xonani 3–4 marta shamollating, haroratini 18–22°Cda saqlang.
– bolani ortiqcha kiyintirmang, sovuqda bo‘lganda qo‘l-oyoqlari issiq boʻlishi yetarli.
– qo‘l yuvish odatini bolalarga o‘rgating — ovqat oldidan, hojatxonadan keyin, koʻcha va jamoat joylaridan so‘ng.
– gripp va boshqa o‘tkir respirator kasalliklarga qarshi vaksinatsiyani o‘z vaqtida oling.
– bolalar ovqatida vitamin C, D va temirga boy mahsulotlar bo‘lsin.
– o‘tkir respirator kasalliklar va gripp mavsumida kichik bolalarni jamoat joylariga kamroq olib chiqing.
– bolaning shaxsiy buyumlarini alohidalang.
2. Kasallikni ilk alomatlari paydo bo‘lganda:
– isitma, yo‘tal, burun bitishi, holsizlik — bu kasallikning dastlabki belgilaridir.
– suyuqlikni ko‘p bering: qaynatilgan suv, choy, kompot va boshqalar.
– harorat 38,5°C dan yuqori bo‘lsa — shifokor tavsiyasi bilan paratsetamol yoki ibuprofen bering.
– antibiotiklarni o‘zboshimchalik bilan qo‘llamang!
– nafas olishi qiyinlashsa, labi ko‘karsa yoki harorat 3 kundan ortiq tushmasa — oilaviy shifokorga murojaat qiling, tungi vaqtlarda tez yordam chaqiring.
3. Kasallik davrida bolani parvarishlash:
– bolani tinch, toza havo va shamollatilgan xonada saqlang.
– taomni majburlab bermang, lekin suyuqlikni doim taklif qiling.
– tana haroratini har 4–6 soatda (lozim bo‘lsa bir necha marotaba) tekshiring.
– yo‘tal yoki burun bitishi kuzatilsa, shifokor tavsiya etgan dorilarni bering.
– boshqalarga yuqmasligi uchun bolani imkon qadar alohidalang, bog‘cha va maktabga yubormang, niqob taqing, idish-tovoqlarini alohida qiling.
– har kuni bir marta oilaviy shifokor yoki patronaj hamshira bilan bog‘lanib maslahat olib turing.





