Bugungi kunda, taʼlim sohasini tubdan isloh qilish, taʼlim sohasining eng muhim subʼektlari sanalgan oʻqituvchi pedagoglarning huquqiy maqomini mustahkamlash masalasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu maʼnoda, taʼlim sifatini yanada oshirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Taʼlim sifatini oshirishda, pedagoglarni malakasini tizimli shaklda oshirib borish, ularni qayta tayyorlovdan oʻtkazish muhim faktorlardan biri sanaladi.
Pedagoglarni qayta tayyorlash ularga qoʻshimcha kasbiy bilim, malaka va koʻnikmalarni egallash hamda oʻzining tayanch mutaxassisligi va kasbiga muvofiq mehnat faoliyatini olib borish imkoniyatini berish maqsadida amalga oshiriladi.
Pedagoglar malakasini oshirish ularga oʻz kasbiy bilim, malaka va koʻnikmalarini chuqurlashtirish hamda yangilab borish, shuningdek toifasini (lavozimini) oshirish imkoniyatini berish maqsadida amalga oshiriladi.
Pedagoglarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga doir faoliyat kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha taʼlim tashkilotlari (institut, markaz, fakultet va boshqalar) tomonidan amalga oshiriladi.
Pedagoglarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish shakllari hamda muddatlari tegishli davlat taʼlim talablari bilan belgilanadi.
Qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonida pedagog oʻzining kasbiy fanlaridan tashqari qoʻshimcha fanlarni (chet tilini, axborot texnologiyalarini, ijtimoiy-gumanitar fanlarni va boshqalarni) ixtiyoriy ravishda oʻzlashtirishi mumkin.
Oʻquv rejasi va oʻquv dasturi oʻzgarganda (yangi fan kiritilganda yoki mavjud fan chiqarib tashlanganda) davlat taʼlim tashkilotlarining pedagoglarini yangi turdosh fan boʻyicha qayta tayyorlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Davlat taʼlim tashkilotlari pedagoglarining malakasini belgilangan muddatlarda va hajmda oshirish xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Nodavlat taʼlim tashkilotlari pedagoglarining malakasini oshirish ish beruvchi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Bekjon Ismailov





