“Yangi yil” bayram tadbirini o‘tkazish bo‘yicha vazirlik rasmiy ko‘rsatma xati - Ta’lim / Образование

“Yangi yil” bayram tadbirini o‘tkazish bo‘yicha vazirlik rasmiy ko‘rsatma xati

Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi “Yangi yil” bayram tadbirini o‘tkazish bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalariga 2024-yil 17-dekabr 04-37-4269-son ko‘rsatma xatini yubordi.

maktabda-yangi-yil-bazmi

Maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim, ixtisoslashtirilgan, ijod va Prezident maktablari (keyingi oʻrinlarda – ta’lim tashkilotlari) hududida Yangi yil bayrami tadbirlarini sermazmun va qiziqarli tarzda tashkil etish hamda yongʻin xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilgan holda oʻtkazish boʻyicha quyidagi tavsiya va koʻrsatmalarga rioya etilishini ta’minlashingiz soʻraladi.



Birinchidan, Yangi yil bayrami munosabati bilan ta’lim tashkilotlari hududi, binosi hamda sinf xonalarini tartibga keltirish, ta’lim tashkilotlari hovlisidagi tabiiy archani (mavjud boʻlsa) oʻquvchi va tarbiyalanuvchilar qoʻl mehnati bilan yasalgan turli bezaklar bilan bezatish;

 

Bunda, bayram bahonasida tabiiy archa daraxtlarining shox va novdalarini sindirish yoki ularni boshqa joyga koʻchirish mumkin emas.

 

Ikkinchidan, Yangi yil bayramini oʻtkazish uchun ta’lim tashkilotlari foyesi, faollar yoki sport zallarini oʻquvchi va tarbiyalanuvchilar qoʻl mehnati bilan yasalgan turli bezaklar bilan bezatish, bunda, turli xil elektr yoritgichlar bilan yasatilishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish;



— bayram tadbirlarini ta’lim tashkilotlari hududida, qiziqarli tarzda tashkil etish va ta’lim muassasasi hududini bayramona bezatish;

 

— bayram tadbirlarini ta’lim tashkilotlarining guruhlarida va boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun sinf xonalarida, dars mashgʻulotlariga xalaqit bermagan holda oʻtkazish;

 

— ta’lim tashkilotlarining yuqori sinflari oʻrtasida qoʻl mehnati bilan tayyorlanadigan bezaklar (qogʻozdan yasalgan qor parchalari va boshqa Yangi yil bayramiga xos boʻlgan bezaklar) tanlovi, “Eng chiroyli bezatilgan sinf” va “Eng yaxshi Yangi yil tabriknomasi” (sinf nomidan maktabga, oʻqituvchilarga, ota-onalarga) kabi koʻrik-tanlovlar tashkil etish;

 

— oʻquvchilar tomonidan Yangi yil bayrami bilan bogʻliq turli xil ertaklar va sahna koʻrinishlarini namoyish etish tavsiya etiladi.



Uchinchidan, oʻquvchilar tomonidan turli xil pirotexnik vositalarni olib kelish hamda ulardan foydalanishga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish;

 

Bundan tashqari, ta’lim tashkiloti rahbariyati tomonidan “Ertalabki saflanish”lar davomida, sinf rahbarlari tomonidan esa “Sinf soatlari” va “Ota-onalar majlisi”da turli xil pirotexnika vositalaridan foydalanishning ogʻir oqibatlari haqida oʻquvchilar va ularning ota-onalari bilan tushuntirish ishlari olib borish lozim.

 

Toʻrtinchidan, Yangi yil bayramini nishonlash bahonasida oʻquvchilar va pedagog xodimlar tomonidan noqonuniy pul yigʻimlarini tashkil etish, Yangi yil bayramini restoran, kafe va boshqa umumiy ovqatlanish shoxobchalarida oʻtkazish, shuningdek, oʻquvchilar, ularning ota-onalari tomonidan bayram munosabati bilan ta’lim tashkiloti rahbariyati va pedagog xodimlarga turli xil sovgʻalar taqdim etish qat’iyan taqiqlanadi.



Shu bilan birga, oʻquvchilar hamda ota-onalar oʻrtasida Yangi yil bayramini oila davrasida oʻtkazish yuzasidan targʻibot-tashviqot ishlarini tashkil etish talab etiladi.

 

1 kun muddatda mazkur tavsiya va koʻrsatmalarni tasarrufingizdagi barcha ta’lim tashkilotlariga yetkazilishi hamda ularga toʻliq rioya qilinishini ta’minlashingiz soʻraladi.

Vazir oʻrinbosari F. Boqiyev