Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2025-yil 6-oktyabrdagi 3515-1-sonli qo‘shma qaroriga ko‘ra xorijiy tillar va umumta’lim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Unga koʻra Cambridge Assessment English (KET, PET, FCE, CAE, CPE) sertifikati nomi oʻzgartirildi.
Yangi nomlash tizimiga muvofiq, ingliz tili darajalari quyidagicha belgilanadi:
A1 — Movers,
A2 — Key (120–139 ball),
B1 — Preliminary (140–159 ball),
B2 — First (160–179 ball),
C1 — Advanced (180–199 ball),
C2 — Proficiency (200–230 ball).
Bundan tashqari, yangi ro‘yxatga quyidagi xalqaro ingliz tili imtihonlari kiritildi:
— Aptis ESOL for Teachers, bu sertifikat A1, A2, B1, B2 va C1 darajalarini o‘z ichiga oladi;
— Aptis ESOL Advanced, u B1, B2, C1 va C2 darajalarini qamrab oladi;
— Cambridge Linguaskill, ushbu test B1, B2, C1 hamda C2 darajalarda ingliz tilini bilish ko‘nikmalarini baholaydi.
Shuningdek, 1-bobga nemis tili bo‘yicha TELC sertifikati ham qo‘shildi.
❌ Qarorga ko‘ra, Test of English as a Foreign Language (TOEFL iTP) va Microsoft Certified Educator (MCE) xalqaro sertifikatlari asosiy sertifikatlar ro‘yxatidan chiqarildi.
2025-yil 3-oktyabr sanasiga qadar olingan Test of English as a Foreign Language (TOEFL iTP) va Microsoft Certified Educator (MCE) xalqaro sertifikatlari uchun ularning amal qilish muddati tugagunga qadar (muddati cheklanmagan (belgilanmagan) sertifikatlar uchun sertifikat olingan kundan boshlab uch yildan ko‘p bo‘lmagan vaqt mobaynida) umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’limga o‘qishga kirish, ishga qabul qilish hamda ustamalar belgilash bo‘yicha imtiyozlar qo‘llaniladi.
Bunda, 2025-yil 3-oktyabr sanasidan keyin olingan yuqoridagi sertifikatlar uchun o‘qishga kirish, ishga qabul qilish hamda ustamalar belgilash bo‘yicha imtiyozlar qo‘llanilmaydi;
O‘qituvchilar uchun B2 darajali sertifikat majburiy bo‘ladi, ayrim TESOL va TEFL sertifikatlari endi imtiyoz bermaydi
Ushbu qaror besh bobdan iborat. 3- bobi imtiyozlar taqdim etilishi ikki qismga ajratildi.
— Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional taʼlim uchun;
— Oliy taʼlim uchun.
Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional taʼlim uchun quyidagi sertifikatlar qo‘shildi:
— International Test of English Proficiency (iTEP Academic — Plus) — B2, C1 va C2 darajalari;
— Aptis ESOL for Teachers — B2 va C1 darajalari;
— TELC (nemis tili) — Deutsch B2, Deutsch C1 va Deutsch C2 darajalari.
❌ Shuningdek, endilikda Teaching Knowledge Test (TKT), Teaching English for Speakers of Other Languages (TESOL), Teaching English as a Foreign Language (TEFL) hamda Teaching English as a Second Language (TESL) sertifikatlari xorijiy tillar o‘qituvchilarini ishga qabul qilish jarayonida inobatga olinmaydi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga xorijiy tillar o‘qituvchilari lavozimlariga ishga yangi qabul qilinayotgan talabgor kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi sertifikatga ega bo‘lishi lozim.
Barcha Teaching English for Speakers of Other Languages (TESOL), Teaching English as a Foreign Language (TEFL), Teaching English as a Second Language (TESL) sertifikatlari o‘qituvchi (trener) bilan kamida 100 kontakt soat shug‘ullanishi va kamida 40 soatlik o‘qituvchi-pedagogik amaliyotini qamrab olishi, bunda amaliyot qismi instruktor tomonidan kuzatilib baholanishi zarur
Endilikda instruktor tomonidan kuzatilib baholanishi tasdiqlanmagan TESOL,TEFL, TESL sertifikatlariga imtiyoz taqdim etilmaydi.