Ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilar o‘rtasida boshlang‘ich sinflarda jismoniy tarbiya fanidan dars berish masalasiga doir tarqalgan xabarlar yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi rasmiy izoh berdi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli qo‘shma qarori bilan “Umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga o‘zgartirishlar kiritilgan.
Mazkur Nizomning 15-bandida “boshlang‘ich sinflarda o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha dars soatlarini taqsimlashda o‘qituvchilarning boshlang‘ich taʼlim mutaxassisligiga egaligi yoki tegishincha ushbu fanni boshlang‘ich sinflarda o‘qitish metodikasi bo‘yicha taʼlim olganligi inobatga olinadi” deya qayd etilgan.
Mazkur band boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining yosh va psixologik xususiyatlarini inobatga olgan holda taʼlim va tarbiya sifatini oshirish hamda dars soatlari taqsimotidagi kelishmovchiliklarga chek qo‘yish maqsadida kiritilgan.
7–10 yoshli bolalarda tushunchalarni idrok etish va fanlarni o‘zlashtirish jarayoni yuqori sinf o‘quvchilarinikidan tubdan farq qiladi. Boshlang‘ich sinfda o‘qitiladigan fanlar xususan, jismoniy tarbiya alohida boshlang‘ich taʼlim metodikasini talab etadi.
Yangi tartib bilan o‘qituvchi boshlang‘ich sinflarda o‘qitish metodikasi bo‘yicha taʼlim olgan bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Taʼkidlash joizki, boshlang‘ich sinflarda jismoniy tarbiya metodikasi bo‘yicha taʼlim olgan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari dars o‘tish huquqiga ega.





