Dars soatlarini taqsimlashda qoʻllanadigan ustuvor oʻqituvchilarning ketma-ketligiga oʻzgartirishlar kiritilgan - Ta’lim / Образование

Dars soatlarini taqsimlashda qoʻllanadigan ustuvor oʻqituvchilarning ketma-ketligiga oʻzgartirishlar kiritilgan

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining “Umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qarori (Adliya vazirligidan 2025-yil 28-oktyabr kuni 3271-1-raqam bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan) qabul qilindi.

Dars soatlarini taqsimlashda qoʻllanadigan ustuvor oʻqituvchilarning ketma-ketligiga oʻzgartirishlar kiritilgan

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli qoʻshma qarori bilan “Umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga oʻzgartirishlar kiritildi. Unga koʻra:



2026-yil 1-avgustdan boshlab oʻqituvchilarga dars soatlari quyidagi koʻrsatkichlarning ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi:

oliy malaka toifasiga ega oʻqituvchilar (pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning amal qilish muddatiga koʻra);

milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega oʻqituvchilar (sertifikatning belgilangan darajasi va amal qilish muddatiga koʻra);

birinchi malaka toifasiga ega oʻqituvchilar (pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning amal qilish muddatiga koʻra);

ikkinchi malaka toifasiga ega oʻqituvchilar (pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning amal qilish muddatiga koʻra);

oliy maʼlumotli toifasiz oʻqituvchilar;

qayta tayyorlash boʻyicha diplomga ega oʻqituvchilar (oʻqituvchida qayta tayyorlash mutaxassisligi boʻyicha mazkur bandning ikkinchi – oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan koʻrsatkichlardan biri yoki bir nechtasi mavjud boʻlganda taalluqliligiga koʻra tegishli koʻrsatkichlar mavjud boʻlgan oʻqituvchilar bilan teng ustuvorlikka ega boʻladi);



oʻrindoshlik asosida ishlayotgan oliy maʼlumotli oʻqituvchilar;

pedagogika yoʻnalishi boʻyicha uchinchi va undan yuqori kurs talabalari;

oliy maʼlumotli oʻqituvchilar bilan taʼminlanguniga qadar oʻrta maxsus, professional maʼlumotga ega oʻqituvchilar (faqat boshlangʻich sinflarda dars beruvchi oʻqituvchilar uchun);

oliy maʼlumotli oʻqituvchilar bilan taʼminlanguniga qadar umumtaʼlim muassasasining tegishli mutaxassisligi boʻyicha rahbar xodimlari.

❗️ Boshlangʻich sinflarda dars soatlarini taqsimlashda oʻqituvchining boshlangʻich taʼlim mutaxassisligiga egaligi yoki ushbu fanni boshlangʻich sinflarda oʻqitish metodikasi boʻyicha taʼlim olganligi inobatga olinadi.