Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026 yil 19-yanvardagi 18-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining namunaviy odob-axloq qoidalari»ga rioya qilishda shuningdek, ta’lim muassasasida mobil telefondan foydalanishda o‘qituvchi va o‘quvchilar e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar, ularning qanday harakatlardan tiyilishlari lozimligi, qanday harakatlarni amalga oshirish odob-axloq qoidalariga mosligi, shuningdek, o‘quvchi va o‘qituvchilarning ta’lim muassasasidagi dars jarayonida, tadbirlar paytida, oshxonada, tanaffuslarda o‘zlarini qanday tutishlari lozimligi jonli misollar orqali ko‘rsatib berilgan.
Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining namunaviy odob-axloq qoidalari
(Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 18-sonli buyrug‘iga 4-ilova, 19.01.2026)
Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining namunaviy odob-axloq qoidalari yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Taʼlim toʻgʻrisida”, “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”, “Bola huquqlari kafolatlari toʻgʻrisida”, “Voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi toʻgʻrisida”, “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”, Qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2026-2030-yillarga moʻljallangan Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”, “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonlari hamda “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”, “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda uning tizimidagi muassasalar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari, Vazirlar Mahkamasining “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” va “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy hamda tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorlari va umumeʼtirof etilgan maʼnaviy-axloqiy tamoyillar asosida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining rahbariyati, pedagog va texnik xodimlari hamda oʻquvchilari, ularning ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillari (keyingi oʻrinlarda — taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari) uchun ishlab chiqildi.
1 bob. Umumiy qoidalar
1. Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari (keyingi oʻrinlarda – Qoidalar) umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari uchun odob-axloq tamoyillari, xulq-atvor meʼyorlariga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
Ushbu Qoidalar umumiy oʻrta taʼlim muassasasida (keyingi oʻrinlarda – taʼlim muassasalari) taʼlim va tarbiyaning oʻzaro uygʻunligini taʼminlash, oʻqituvchi mavqeyining daxlsizligini eʼtirof etish, doʻstona va ishchanlik muhitini yaratish, oʻquvchilar tomonidan oʻquv dasturini muvaffaqiyatli oʻzlashtirish, inson va uning huquqlariga hurmatni oshirish, bolalarga nisbatan turli turdagi tazyiq va zoʻravonliklarga qarshi kurashish, odob-axloq va muloqot madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan.
2. Mazkur Qoidalar taʼlim muassasalarida tatbiq etiladi, nodavlat va boshqa turdagi taʼlim muassasasi uchun tavsiyaviy xususiyatga ega.
3. Qoidalarning maqsadi taʼlim muassasasida sogʻlom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish, oʻquvchilarga zamon talablari va milliy qadriyatlar asosida taʼlim-tarbiya berish, shaxs va uning huquqlarini hurmat qilish, odob-axloq madaniyati va muloqot qobiliyatini rivojlantirish, yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarini shakllantirish, oʻquvchilar sogʻligʻini saqlash, bolalarga, taʼlim muassasasi xodimlariga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik koʻrinishlarini oldini olish, taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari xavfsizligini taʼminlashga imkon beradigan doʻstona ish muhitini yaratish va taʼlim muassasasi mulkini asrab-avaylashdan iborat.
4. Qoidalar taʼlim muassasasi va uning hududida, darsda, tanaffusda, darsdan tashqari mashgʻulotlar paytida, taʼlim va tarbiya bilan bogʻliq tadbirlarda taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining oʻzlarini tutishni tartibga soladigan meʼyorlar toʻplami hisoblanadi.
5. Mazkur Qoida talablari taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari uchun taʼlim muassasasi muassasasi hududi doirasida majburiy hisoblanadi
2-bob. Taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining qoidalarga
rioya qilishi
6. Taʼlim muassasasida shaffoflik, hamjihatlik, bagʻrikenglik, oʻzaro ishonch, izzat-hurmat, xavfsiz, zoʻravonlik koʻrinishlaridan holi, doʻstona muhitni yaratish taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining oʻzaro munosabatlaridagi muhim shartlardan biri hisoblanadi.
7. Taʼlim muassasalari har bir oʻquvchiga eʼtiborli va odilona munosabatda boʻladi, taʼlim-tarbiya jarayonida barcha oʻquvchilarning bilim olishlari uchun teng imkoniyatlarni yaratadi.
Taʼlim muassasasining taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari:
— taʼlim-tarbiya jarayonida vujudga kelgan muammolarni, shu jumladan, intizom bilan bogʻliq muammolarni Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari va qonun osti hujjatlariga va ushbu Qoidalarga koʻra hal etadi;
— oʻquvchilarning jismoniy, fiziologik va psixologik rivojlanish darajasi, ularning shaxsiy hayotini hurmat qilish, ota-onalarining (oila) qonuniy manfaatlarini hisobga olish, oʻquvchi haqidagi shaxsiy maʼlumotlar maxfiyligini saqlashga amal qilishi kerak.
8. Oʻquvchini oʻquv jarayonida ishtirok etishidan chetlatish, uni oʻz kuchi bilan erishgan imtiyozidan mahrum qilish, asossiz imtiyoz berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Taʼlim muassasasi hududida har bir taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari hamda tashrif buyuruvchi boshqa fuqarolar shaxsiy mobil aloqa vositalarini ovozsiz holatga keltirishlari, taʼlim muassasalarida ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda (maktab foyesi, maʼnaviyat xonasi, sinf xonalari va boshqa qulflanadigan joylarda) qulfli qutilar tashkil etilishi, taʼlim muassasasining binosiga kirilganda mobil aloqa vositalarini topshirish va dars jarayonlari tugagandan soʻng qabul qilib olish tartibini yoʻlga qoʻyish tavsiya etiladi.
Taʼlim muassasasida pedagog va texnik xodimlar hamda tashrif buyuruvchi boshqa shaxslar tomonidan mobil telefondan foydalanish qoidalariga rioya etilishini maktab rahbariyati, oʻquvchilar tomonidan mobil telefondan foydalanish qoidalariga rioya etilishini barcha pedagoglar, jumladan sinf rahbarlari shaxsan nazorat qiladi.
O‘qituvchi tomonidan ogohlantirilishiga qaramay dars jarayonida telefondan foydalanish holatlari davom etganda fan o‘qituvchisi, sinf rahbari, direktor o‘rinbosari, psixolog (inspektor-psixolog) ishtirokida o‘quvchining telefoni (smartfon, planshet va boshqa qurilmalar) olib qo‘yiladi va holat yuzasidan maktab direktori hamda o‘quvchining ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari ogohlantiriladi.
Maktabning “Oila-mahalla-ta’lim muassasasi” hamkorligi Jamoat kengashi va kuzatuv kengashi a’zolari ishtirokida holat muhokama etilib, tegishli tushuntirishlar olib borilganidan so‘ng mobil aloqa vositalari o‘quvchining ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillariga qaytarib beriladi.
Shunday holat o‘quv yili davomida bir o‘quvchi tomonidan ikki va undan ortiq marotaba takrorlanganda o‘quvchining ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddasi asosida ma’muriy javobgarlikka tortiladi, o‘quvchi ichki ishlar organlarining profilaktik ro‘yxatiga olinadi.
10. Taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari taʼlim muassasasida quyidagilarga amal qilishlari lozim:
— pedagog shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishlari;
— oʻzaro munosabatlarda yagona jamoa sifatida hurmat, doʻstlik, hamjihatlik, halollik va adolat tamoyillariga rioya etishlari;
— turli xil zoʻravonlik va kamsituvchi (bulling) xatti-harakatlariga yoʻl qoʻymaslik;
— ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan, taʼlim muassasalariga qatnamayotgan yoki darslarni muntazam ravishda qoldirayotgan, taʼlim jarayonida himoyaga va qoʻllab-quvvatlashga muhtoj boʻlgan bolalarni aniqlash hamda hisobga olish boʻyicha choralar koʻrishlari;
— pedagog va oʻquvchilar tasdiqlangan mashgʻulotlar jadvali asosida ishga va darsga oʻz vaqtida kelishlari;
— taʼlim muassasasining hududi va yoʻlaklarida tartib bilan yurishlari;
— bir-biri bilan salomlashishlari, bunda, oʻquvchilar pedagoglarga, kichik yoshdagilar katta yoshdagilarga birinchi boʻlib salom berishlari (ushbu holatlarda qoʻl berib soʻrashish istisno boʻlib, yoshi katta shaxslar yoki xotin-qizlar birinchi boʻlib qoʻl uzatganidan keyingina ularga javoban qoʻl uzatishlari tavsiya etiladi);
— pedagog va texnik xodimlardan ish vaqtida kasb etikasi hamda maktabning ustavi bilan tasdiqlangan talablarga koʻra kiyinishlari;
— kiyimlarning oʻta tor yoki oʻta keng bichimda boʻlmasligi;
— kiyimlarning toza va dazmollangan boʻlishi.
Taʼlim muassasasi ustavida taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining mehnat faoliyati davomida kiyinish madaniyatiga boʻlgan talablar aks ettirilmagan boʻlsa, quyidagilar namunaviy talab sifatida tavsiya etiladi:
— erkaklar mavsumga qarab – klassik uslubdagi shim, kostyum-shim (imkon qadar qora, toʻq koʻk rangdagi), koʻylak (oq, havorang va shu kabi), boʻyinbogʻ, poyabzal (qora rangda boʻlishi tavsiya etiladi) kiyishi;
— ayollar mavsumga qarab – klassik uslubdagi yubka, kostyum-yubka (imkon qadar qora, toʻq koʻk rangdagi), havo haroratiga qarab klassik uslubdagi shim (imkon qadar qora, toʻq koʻk rangdagi), tanani ochiq koʻrsatib turmaydigan yupqa (harir) boʻlmagan kofta (oq, havorang va shu kabi), koʻylak, past poshnali yoki poshnasiz poyabzal (qora rangda boʻlishi tavsiya etiladi) kiyishi;
(Taʼlim muassasa Ustavi bilan taʼlim muassasasi rahbariyati va pedagog xodimlari formasining rangi va qoʻshimcha belgilariga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin).
— umumeʼtirof etilgan milliy-anʼanaviy shakllarga va maʼnaviy-axloqiy tarbiyaga zid keladigan yoki sport (dars jarayonida maxsus yoki sport kiyimida jismoniy tarbiya va chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlik fanlari oʻqituvchilarining yurishiga ruxsat beriladi, shuningdek, taʼlim muassasasi hududida oʻtkaziladigan turli sport va koʻngilochar tadbirlar bundan mustasno) kiyimlarida boʻlmasligi lozim.
Shuningdek, taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining tashqi koʻrinishi boʻyicha quyidagi talablar belgilanadi:
tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirilmagan yoki pirsing qilinmagan boʻlishi, sochi tartibga keltirilgan va yorqin (gʻayrioddiy) ranglarga boʻyalmagan boʻlishi;
— erkaklarning soqoli olingan boʻlishi;
— ayollar quloq va barmoqlardan tashqari tananing turli qismlariga zirak yoki metall buyumlar taqib yurmasligi;
— oʻz faoliyatida manfaatlar toʻqnashuviga sabab boʻladigan holatlarga yoʻl qoʻymasliklari;
— pedagoglar oʻzining pedagogik va psixologik sohadagi bilim va koʻnikmalarini doim takomillashtirib borishi, shu bilan birga malakasini hamda professionallik darajasini oshirishga koʻmak beradigan tadbirlarda muntazam ishtirok etishi;
— pedagoglar huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlari bilan tanishib borishi, ularga ogʻishmasdan amal qilishi, mavjud barcha standartlar, bayonlar, tavsiyalardan xabardor boʻlishi lozim.
11. Taʼlim muassasasi hududida taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining munosabatlari oʻzaro hurmat va xushmuomalalik tamoyillariga asoslanishi lozim, biror bir taraf tomonidan boshqasining shaxsiyatiga zoʻravonlikni (bulling) aks ettiruvchi va kamsituvchi (diskriminatsiya) xatti-harakatlarning sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
— oʻquvchining ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari taʼlim muassasasidagi dars jarayoniga aralashishi mumkin emas, tomonlar oʻrtasida yuzaga keladigan bahsli vaziyatlar faqatgina muassasa rahbariyati (direktor va uning oʻrinbosarlari) hamda muassasa psixologi bilan dars jarayoniga xalaqit bermagan holatda hal etiladi;
— tomonlar bahsli vaziyatlar yuzasidan kelishuvga erishmagan holatlarda oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakili va taʼlim muassasasiga biriktirilgan ichki ishlar organlarining inspektor-psixologiga murojaat etiladi;
— taʼlim muassasasi oʻquvchi manfaatlari yoʻlida barcha maʼlumotni oʻquvchining ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillariga yetkazadi;
— pedagog taʼlim muassasasi, oila va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlarda pozitiv va faolligini namoyish etishi lozim.
12. Pedagoglar ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan, taʼlim muassasalariga qatnamayotgan yoki darslarni muntazam ravishda qoldirayotgan, taʼlim jarayonida himoyaga va qoʻllab-quvvatlashga muhtoj boʻlgan bolalarni aniqlash hamda hisobga olish boʻyicha choralar koʻradi;
— dars mashgʻulotlari boshlanganidan soʻng besh daqiqa ichida oʻquvchilarning davomatini aniqlash, surunkali va muntazam dars qoldirayotgan oʻquvchilar haqida muassasa rahbariyatiga yozma ravishda maʼlumot taqdim etishi talab etiladi.
13. Pedagog va xodimlarga qo‘yiladigan talablar:
— bolalarga nisbatan zoʻravonlikning har qanday shakllaridan himoya qilishi va tashkilotda bunday holatlarga bevosita yoki bilvosita guvoh boʻlgan taqdirda ish beruvchisi, “Inson” ijtimoiy markazi yoki huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berish;
— oʻquvchilarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish yoki ruhiy tazyiq oʻtkazish holatlariga yoʻl qoʻymaslik;
— oʻquvchining shaʼnini kamsitmaslik, tahqirlamaslik;
— zoʻravonlikning oldini olish boʻyicha targʻibot, tushuntirish ishlarini olib borish;
— oʻquvchilarning shaxsiga doir maʼlumotlarni sinfdoshlar oldida muhokama qilmaslik;
— oʻquvchini ommaviy izza qilmaslik;
— chet elga chiqib ketgan oʻquvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz vaqtida muassasa rahbariyatini xabardor qilish;
— oʻquvchining ota-onasi yoki ularning qonuniy vakillari bilan shaxsiy adovatga bormaslik;
— taʼlim muassasasi toʻgʻrisidagi axborotlardan uning manfaatlari va obroʻsiga ziyon yetkazish uchun yoki oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanmaslik;
— oʻquvchilarga ibrat boʻlib, shaxsiy namuna koʻrsatish, ular bilan doʻstona munosabatda boʻlish;
— taʼlim muassasasi manfaatlariga zid boʻlgan xatti-harakatlardan tiyilish va bunday holatlarni oldini olish;
— oʻquvchining psixologik holati, xulq-atvori va ijtimoiy moslashuvidagi oʻzgarishlarga vaqtida eʼtibor qaratish;
— ogʻir hayotiy vaziyat belgilari (oilaviy muammolar, iqtisodiy qiyinchilik, zoʻravonlik, nogironlik, sogʻliq muammolari va boshqalar)ni barvaqt aniqlay olish koʻnikmasiga ega boʻlish;
— giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda unga qarshi keskin kurashish borasida bilim va koʻnikmalarini oshirib borish;
— biror-bir noxush voqea yoki hodisa roʻy bersa, zudlik bilan taʼlim muassasasi rahbariyatini xabardor qilish;
— yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, ularni zararli odatlardan va boshqa turli halokatli tahdidlar hamda jamiyatimiz uchun yot boʻlgan diniy ekstremistik taʼsirlardan, past saviyali “ommaviy madaniyat” xurujlaridan ogoh etib borish;
— mazkur Qoidalarni har hafta dushanba oʻtkaziladigan “Kelajak soatlari”da oʻquvchilarga keng tushuntirib borish.
14. O‘quvchilarga qo‘yiladigan talablar:
a) ta’lim muassasasining binosi va uning hududida:
— dars jadvalida koʻrsatilgan fanlar boʻyicha barcha darsliklar va oʻquv qurollari sigʻadigan oʻquvchi uchun mos boʻlgan sumkadan foydalanish;
— taʼlim muassasasiga mashgʻulotlar boshlanishidan 10-15 daqiqa oldin, maktab ustavida belgilangan oʻquvchilar libosida kelish;
— toza va orasta kiyinish, sochlarni ozoda va tartibga keltirgan holda tutish;
— taʼlim muassasasining barcha xonalari, zina va yoʻlaklari, shuningdek, sport va faollar zallarini toza tutish, turli xil chiqindilar tashlamaslik;
— chiqindilarni muassasaning binosi va hududidagi maxsus belgilangan idishlarga tashlash;
— taʼlim muassasasining mulki (parta, stol, stul, doska, oʻsimliklar, hayvonot dunyosi va hokazolar) va oʻquv jihozlari (kompyuter texnikasi, laboratoriya jihozlari, sinfxonalardagi stend va bannerlar)ga zarar yetkazmaslik;
— oʻzidan kichiklarga nisbatan izzatda boʻlish, kattalarga esa hurmat koʻrsatish;
— zoʻravonlikdan tiyilish: urish-janjal, haqorat, tahdid, masxara qilish, kiberbullingdan voz kechish;
— maktublar, ijtimoiy tarmoqlarda odob-axloq meʼyorlariga amal qilish;
— oʻqituvchilar va taʼlim muassasasiga kelgan mehmonlar bilan uchrashganda salom berish;
— taʼlim muassasasi yoʻlaklarida tinchlikni saqlash.
b) dars mashg‘ulotlarida:
— tegishli darslik va zarur oʻquv qurollari bilan ishtirok etish;
— darslarda oʻquv jarayoni bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa ishlarga chalgʻimaslik;
— oʻqituvchiga murojaat qilmoqchi yoki savoliga javob bermoqchi boʻlganda qoʻlini koʻtarib ruxsat soʻrash;
— sanitariya-gigiyena va texnika xavfsizlik qoidalariga toʻliq amal qilish.
d) tanaffusda:
— oʻz oʻqish joyini toza saqlash va tartibga keltirish;
— navbatdagi dars boʻladigan sinf xonasiga oʻz vaqtida oʻtish;
— fan oʻqituvchisining koʻrsatmasi boʻyicha sinfni kelgusi darsga tayyorlash.
e) ta’lim muassasasining oshxonasida:
— ovqatlanishdan oldin va keyin qoʻllarini yuvish;
— umumiy ovqatlanish joylarida belgilangan tartib qoidalarga rioya qilish;
— taomlarni olishda navbatga turish va imkoni boricha ijtimoiy masofani saqlash;
— pedagoglar, oʻzidan kichiklarga va qizlarga hurmat koʻrsatish;
— ovqatlanish vaqtida shovqin solmaslik;
— ovqat va ichimliklarni oshxonaning oʻzida isteʼmol qilish;
— ovqatlangandan soʻng idishlarni yigʻishtirib qoʻyish
f) ta’lim muassasasining kutubxonasida:
— kutubxona xodimlari bilan xushmuomalada boʻlish;
— kitoblar va jihozlarga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish;
— kitoblarni olish va topshirish tartib-qoidalariga rioya qilish.
g) sport zali (majmuasi)da:
— sport zaliga xos boʻlgan kiyim va poyabzalda kirish;
— sport inventarlaridan oqilona va samarali foydalanish;
— mashgʻulotlardan keyin sport inventarlarini belgilangan joylarga qayta topshirish;
— sport majmuasining belgilangan tartib-qoidalariga toʻliq rioya qilish.
15. O‘quvchilarga ta’lim muassasasida quyidagilar taqiqlanadi:
— taʼlim muassasasi ustavida man etilgan libos va qiyofada, jumladan oʻgʻil bolalar kalta shim, futbolka, shippakda va qiz bolalar kalta, tor va tanani ochiq koʻrsatuvchi yupqa (harir) kiyimda kelishi hamda boʻyni va barmoqlariga turli xil taqinchoqlar taqishi;
— oʻzaro munosabatlarda inson shaxsiyatini va qadr-qimmatini kamsitish (diskriminatsiya), haqorat qilish va behayo soʻzlarni ishlatishi, turli xil (jismoniy, ruhiy va boshqa) zoʻravonlikni (bulling) koʻrsatishi;
— bir guruh bolalar yoki bitta bola tomonidan boshqa bolaga yoki bolalarga nisbatan haqoratli laqablardan foydalanish u (ular) bilan har qanday muloqotni cheklab qoʻyishi yoki cheklab qoʻyishga urinishi;
— tengdoshlarning yoki boshqa shaxslarning mol-mulkini olib qoʻyish va (yoki) mol-mulkiga zarar yetkazish, ularning oʻziga xos jismoniy, psixologik yoki intellektual xususiyatlarini ommaviy muhokama qilishi;
— qonun bilan taqiqlangan, milliy va umumbashariy qadriyatlarga xos boʻlmagan yoki taʼlim muassasasining faoliyatiga tegishli, shuningdek, taʼlim muassasasi, oʻqituvchi va oʻquvchilarning obroʻsini tushirishga qaratilgan munosabatlar aks etgan audio hamda videomateriallarni turli ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishi yoki undan turli gʻarazli maqsadlar yoʻlida foydalanishi;
— dars jarayonida quloqchinlar (naushnik) orqali uyali aloqa vositalari va turli xil audio qurilmalardan foydalanishi, dars jarayonini uyali aloqa vositasining kamerasi orqali tasvirga olishi;
— taʼlim muassasasi kompyuterlarida taʼlim muassasasiga tegishli boʻlmagan maʼlumotlarni, shuningdek, qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan bolalarning yosh xususiyatlariga mos boʻlmagan turli videomateriallar, taqiqlangan diniy maʼlumotlar, behayo suratlar, milliy, irqiy, etnik, diniy adovatni, zoʻravonlikni targʻib qiluvchi, pornografik xarakterdagi har qanday video, audio va fotomateriallarni tayyorlashi, saqlashi, foydalanishi va targʻib etishi;
— har qanday kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni isteʼmol qilish va boshqa tengdoshlarni jalb qilishi;
— taʼlim muassasasi hududida tugʻilgan kun, Oʻzbekiston qonunchiligida belgilanmagan turli bayram tadbirlarini nishonlashi.
16. Pedagog va xodimlarga quyidagilar taqiqlanadi:
— jamoa aʼzolari va boshqalarning shaxsiyatini, qadr-qimmatini kamsitish, ruhiy, jismoniy va boshqa zoʻravonlik koʻrsatish;
— oʻquvchilarni dars mashgʻulotlaridan sababsiz chiqarib yuborish yoki kiritmaslik;
— dars qoldirish holatlarini rasmiy tartibdan tashqari “oʻzboshimchalik” bilan hal qilish;
— oʻquvchining holatidan shaxsiy manfaat yoʻlida foydalanish, norasmiy pul yigʻish, moddiy bosim oʻtkazish;
— oʻquvchining oilaviy ahvoli, millati, jinsi, sogʻliq holati yoki ijtimoiy maqomi asosida farqlash;
— oʻquvchi bilan kasbiy chegaralarni buzuvchi munosabat oʻrnatish;
— “Chiqish” qoʻngʻirogʻi chalingandan keyin oʻquvchilarni sababsiz sinf xonasida ushlab turish;
— dars mashgʻulotlarida diniy tashviqot olib borish;
— taʼlim muassasasiga spirtli ichimliklar va kuchli taʼsir etuvchi moddalar isteʼmol qilgan holda kelish;
— taʼlim muassasasining hududi va binosida spirtli ichimliklar hamda tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish;
— muassasa hududi va binosida oʻquvchilarning taʼlim-tarbiyasiga aloqasi boʻlmagan turli xil tadbirlarni tashkil etish;
— taʼlim muassasalarida oʻtkaziladigan barcha tadbirlar va ularga tayyorgarlik ishlarini dars mashgʻulotlari vaqtida oʻtkazish.
17. Tajribali ustozlar va yosh oʻqituvchilarning taʼlim-tarbiya jarayonidagi oʻzaro munosabatlari “Ustoz-shogird” anʼanasi asosida tartibga solinadi.
18. Taʼlim muassasasida dars mashgʻulotlarining boshlanishi va tugashi maktab Ustavida koʻrsatilgan qoʻngʻiroqlar jadvali asosida amalga oshiriladi.
19. Ta’lim muassasasida o‘tkaziladigan dars mashg‘ulotlari boshlanishida:
— oʻqituvchi sinfga kirib kelishi bilan oʻquvchilar hurmat yuzasidan oʻrinlaridan turgan holda kutib olishlari, bir ovozdan “Assalomu alaykum” (rus tili yoki chet tili fanlarida tegishli tilda salomlashish) deb salom berishlari;
— oʻqituvchi “Va alaykum assalom” (rus tili yoki chet tili fanlarida tegishli tilda salomlashish) deb alik olishlari va uning ruxsatidan soʻng oʻquvchilar oʻrinlariga oʻtirishlari, bunda 1-4-sinf oʻquvchilari oʻquv kunining birinchi dars soatida, 5-11-sinf oʻquvchilari har bir darsda sinfga kirgan fan oʻqituvchisiga xuddi shunday tartibda munosabatda boʻlishi lozim.
20. Taʼlim muassasasida “Chiqish” qoʻngʻirogʻi chalinganda oʻquvchilar pedagogning ruxsati bilan sinf xonasini tark etadilar. Oʻz navbatida, pedagog dars mavzusini akademik soat reglamentiga muvofiq toʻgʻri taqsimlashi talab etiladi.
— Pedagog sinfdan chiqayotganda oʻquvchilar oʻrinlaridan turishlari, “Xayr, salomat boʻling!” deb hurmat koʻrsatishlari kerak.
3-bob. Ragʻbatlantirish va chora koʻrish tartibi
21. Oʻquv yili davomida Qoidalarga toʻliq rioya qilgan, taʼlim muassasasida maʼnaviy-axloqiy muhitning qaror topishiga va yanada mustahkamlanishiga xizmat qilgan taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari quyidagicha moddiy va maʼnaviy jihatdan ragʻbatlantiriladi:
— taʼlim muassasasi buyrugʻi bilan “Faxriy yorliq”, “Tashakkurnoma” eʼlon qilish, ularni tarmoq va davlat mukofotlariga tavsiya qilish;
— maktabdan tashqari topilgan mablagʻlar hisobidan qimmatbaho va esdalik sovgʻalar bilan mukofotlash;
— muassasaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali eʼlon qilish;
— “Eng faol oʻquvchi”, “Eng faol sinf” nominatsiyasini berish;
— oʻquvchilarning uyiga, ularning ota-onasining ish joyiga yoki mahalla fuqarolar yigʻiniga tashakkurnoma yuborish.
22. Pedagog va xodimlarga Qoidalarni buzganida ularga nisbatan muassasaning ichki mehnat tartibi qoidalari asosida intizomiy jazo choralari qoʻllaniladi.
23. Oʻquvchilar tomonidan Qoidalar buzilganida, ularga nisbatan quyidagi choralar koʻriladi:
— ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillarini ogʻzaki yoki yozma ogohlantirish;
— qoida buzilish holatlari takroran kuzatilganda, oʻquvchini muassasa ichki nazorat roʻyxatiga olish:
— oʻquvchi bilan vazirlikning 2020-yil 18-dekabrdagi 308-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan yoʻriqnoma asosida shugʻullanish;
— ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillarini muassasaga taklif qilish, muassasaga biriktirilgan inspektor-psixolog ishtirokida suhbat oʻtkazish;
— farzandi tarbiyasiga masʼuliyatsizlik bilan yondashayotgan taʼlim oluvchilarning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillarining ish joyiga yoki mahalla fuqarolar yigʻiniga maʼlumot yuborish.
24. Mazkur Qoidalarga rioya etmaganlik holatlari taʼlim muassasasidagi Kuzatuv kengashlarida muhokama qilib boriladi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
25. Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining namunaviy Qoidalar bilan barcha taʼlim oluvchilar, ularning ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillari, pedagog va texnik xodimlarni ilovaga muvofiq tasdiqlangan shaklda ish beruvchi tomonidan tanishtiriladi.
26. Mazkur Qoidalarda koʻrsatilgan vazifalardan kelib chiqib, har bir umumiy oʻrta taʼlim maktabi “Oila-mahalla-taʼlim muassasasi” hamkorligi Jamoat va Kuzatuv kengashlari aʼzolari bilan muassasaning odob-axloq qoidalarini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi, uning ijrosi shaxsan maktab rahbari tomonidan taʼminlanadi.
27. Qoidalarda aks ettirilmagan masalalar yuzasidan vujudga kelgan muammoli vaziyatlar amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi.






вы самые лучшие
здравствуйте,
спасибо за статью,было интересно.
не могли бы вы скинуть ссылку источника 1.1 права учащегося пункта 14?
заранее спасибо.
нимага узбекчасини юклаб булмаяпти
Ўзбекча варианти янгиланди. Юклаб олишингиз мумкин.