2026-2027 o'quv yilida o'tkaziladigan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar rejasi tasdiqlandi - Ta’lim / Образование

2026-2027 o’quv yilida o’tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar rejasi tasdiqlandi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 6-avgustdagi 288-sonli buyrug’i bilan Maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy hamda koʻngilochar tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish tartibi belgilandi.

2026-2027 o'quv yilida o'tkaziladigan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar rejasi tasdiqlandi

Maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy va koʻngilochar tadbirlarni tashkil etish hamda oʻtkazish tartibi maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy va koʻngilochar tadbirlarni rejalashtirish, tashkil etish, oʻtkazish hamda ularning natijalarini baholashga qoʻyiladigan yagona tashkiliy, pedagogik, psixologik va xavfsizlik talablarini belgilaydi.



Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tadbirlar qisqa, harakatli, koʻrgazmali va oʻyin faoliyatiga asoslangan boʻlishi, bolalarni uzoq vaqt bir holatda turishga, kutishga yoki murakkab matnlarni yodlashga majbur qilmasligi lozim.

Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida tadbirlar bolalarning yoshiga qarab ijodiy topshiriqlar, muhokama, loyiha, intellektual oʻyin, musobaqa, debat va boshqa interaktiv usullar asosida tashkil etiladi.

Tadbirlarni uzoq davom etadigan maʼruzalar, ketma-ket tabrik nutqlari yoki bolalarning faqat passiv tomoshabin sifatida ishtirok etishiga asoslangan shaklda oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Alohida taʼlim ehtiyojlariga ega bolalarning ishtirok etishi uchun zarur tashkiliy, pedagogik, texnik va kommunikatsion sharoitlar yaratiladi.

Tadbirning davomiyligi bolalarning yoshi, kun tartibi, taʼlim yuklamasi va dam olish ehtiyojlarini hisobga olgan holda belgilanadi.

Tadbirlarning uzluksiz davomiyligi:
maktabgacha yoshdagi bolalar uchun ularning yosh guruhi va kun tartibiga muvofiq:
kichik guruh tarbiyalanuvchilari uchun – 25 daqiqadan;
oʻrta guruh tarbiyalanuvchilari uchun – 30 daqiqadan;
katta guruh tarbiyalanuvchilari uchun – 35 daqiqadan;
maktabga tayyorlov guruhi tarbiyalanuvchilari uchun – 40 daqiqadan;



maktab yoshidagi bolalar uchun:
1-4-sinf oʻquvchilari uchun – 45 daqiqadan;
5-9-sinf oʻquvchilari uchun – 60 daqiqadan;
10-11-sinf oʻquvchilari uchun – 90 daqiqadan oshmasligi lozim.

Uzoq davom etadigan tadbirlarda bolalarning dam olishi, suv ichishi va fiziologik ehtiyojlarini qondirishi uchun tanaffuslar tashkil etiladi.

Tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish jarayonida bolalarni taʼlim mashgʻulotlaridan asossiz ravishda ajratish, dam olish va ovqatlanish vaqtini cheklash, uzoq yoki ketma-ket majburiy repetitsiyalar oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Tadbir davomida har bir bolaning shaʼni, qadr-qimmati, shaxsiy chegaralari, fikri va his-tuygʻulari hurmat qilinishi lozim.

Taʼlim tashkilotlari ushbu Tartib asosida oʻzlarining yillik maʼnaviy-maʼrifiy ishlar rejalari, tadbirlarni tashkil etishga oid ichki hujjatlari va amaliy shakllarini ishlab chiqishi yoki takomillashtirishi mumkin.