Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisida nizom (823) - Ta’lim / Образование

Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisida nizom (823)

Ushbu sahifada Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini ragʻbatlantirishning direktor jamgʻarmasini tashkil etish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” matni bilan tanishib chiqishingiz mumkin.

Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisida nizom

Ushbu Nizom umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini ragʻbatlantirishning direktor jamgʻarmasini tashkil etish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibini belgilaydi.



Jamgʻarma umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartlariga muvofiq oʻquvchilarga taʼlim beradigan barcha tur va nomdagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarida tashkil etiladi.

Jamgʻarma umumtaʼlim muassasasi direktori va uning oʻrinbosarlariga faoliyat samaradorligi koʻrsatkichlari (KPI) natijasiga koʻra har oylik ustamalar toʻlash, oʻquv-tarbiya jarayonining samaradorligi va sifatini oshirishni ragʻbatlantirish, pedagog, psixolog va kutubxona xodimlariga oylik ustama belgilash, umumtaʼlim muassasalari xodimlarini mukofotlash va ularga moddiy yordam berish, pedagog xodimlarning kasb mahorati va malakasini oshirishini ragʻbatlantirishni kuchaytirish maqsadida tashkil etiladi.



Jamgʻarmaning vazifalari quyidagilardan iborat:

— umumtaʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan pedagog (ular umumiy sonining koʻpi bilan 50 foizi), psixolog va kutubxona xodimlarining bazaviy tarif stavkasiga har oylik ustama belgilash yoʻli bilan ularni moddiy ragʻbatlantirish;

— umumtaʼlim muassasalari xodimlarini mukofotlash va ularga moddiy yordam berish;

— oʻz faoliyatida ijobiy natija koʻrsatgan jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilarini ragʻbatlantirish;

— umumtaʼlim muassasasining direktori va uning oʻrinbosarlariga faoliyat samaradorligi koʻrsatkichlari (KPI) natijasiga koʻra har oylik ustamalar toʻlash;

— umumtaʼlim muassasalarida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual klublarining koordinatori boʻlgan oʻqituvchilarga ularning taʼrif stavkasining 50 foizi miqdorida bir martalik toʻlov toʻlash;

— tejalgan mablagʻlar mavjud boʻlgan taqdirda, ushbu mablagʻlar hisobidan xodimlarning vaqtincha mehnatga layoqatsizligi boʻyicha toʻlanmagan nafaqalarni moliyalashtirish.


Ishchi guruh umumtaʼlim muassasasining pedagogik kengashi qarori asosida, muassasa direktorining buyrugʻi bilan kamida yetti kishidan iborat toq sonda quyidagi tarkibda tasdiqlanadi:

Ishchi guruhi rahbari — umumtaʼlim muassasasi direktori;

Ishchi guruh aʼzolari — oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari, kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi, umumtaʼlim muassasasi pedagog xodimlari orasidan hamda umumiy oʻrta taʼlim muassasasi kuzatuv kengashi va oʻquvchilarning ota-onalaridan vakillar.

Bunda umumtaʼlim muassasasining pedagoglari va boshqa xodimlari farzandlari mazkur umumtaʼlim muassasasida oʻqigan taqdirda, mazkur taʼlim muassasasi ishchi guruhi tarkibiga ota-onalardan vakil sifatida jalb etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Umumtaʼlim muassasasining oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari — Ishchi guruhning masʼul kotibi hisoblanadi.