Maktab bitiruvchilari va abituriyentlar uchun yagona imtihon joriy etish rejalashtirilmoqda - Ta’lim / Образование

Maktab bitiruvchilari va abituriyentlar uchun yagona imtihon joriy etish rejalashtirilmoqda

Maktab bitiruv imtihonlari va oliy ta’lim muassasalariga kirish testlarini bitta onlayn imtihonga birlashtirish rejalashtirilmoqda. Yangi format xarajatlarni kamaytirishga va o‘quvchilar uchun stressni kamaytirishga yordam beradi.

Maktab bitiruvchilari va abituriyentlar uchun yagona imtihon joriy etish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini o‘tkazish tartibini o‘zgartirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabov “O‘zbekiston 24″ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.



“Bugungi kunda bitiruvchilarimiz avval davlat bitiruv imtihonlarini, keyin esa OTMlarga kirish uchun alohida test sinovlarini topshirmoqda. Bu qo‘shimcha xarajat, vaqt sarfi va eng muhimi, farzandlarimiz uchun stressli vaziyatni keltirib chiqaradi,” – dedi Sardor Rajabov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu jarayonlarni birlashtirib, sun’iy intellekt elementlaridan foydalangan holda yagona imtihon joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Imtihon onlayn tarzda o‘tkazilishi va undagi baholar bir vaqtning o‘zida ham maktab yakuni, ham OTMga kirish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi rejalashtirilmoqda.

Avvalroq, O‘zbekistonda 12 yillik maktab ta’limiga o‘tish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edik. Bitiruvchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri bakalavriat dasturlariga o‘qishga kirishlari, shuningdek, xorijiy oliy o‘quv yurtlarida Foundation kurslarini o‘tash uchun bir yil sarflamasliklari mumkin bo‘ladi.