O‘zbekistonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish cheklanishi mumkin - Ta’lim / Образование

O‘zbekistonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish cheklanishi mumkin

O‘zbekistonda 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilishi mumkin. Bu haqda “Gazeta” E’zoza Karimovaga tayanib ma’lum qildi.

O‘zbekistonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish cheklanishi mumkin

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova 26-iyun kuni o‘tkazilgan tadbirdan so‘ng jurnalist bilan suhbatda bu masalada parlament deputatlari va senatorlar bilan muhokamalar o‘tkazilganini ta’kidladi.



“Biz ham hozir ushbu masalani o‘ylayapmiz. Bu bo‘yicha deputatlarimiz va senatorlarimiz bilan ham gaplashdik. Qonun loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘ymoqchimiz. Bu tartib bizda ham bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman”, deydi vazir.

E’zoza Karimova bolalardan telefonni to‘liq olib qo‘yishning imkoni yo‘qligini, biroq undan foydalanish madaniyatini shakllantirish zarurligini ta’kidlab, qo‘shimcha qildi:

“Hozir texnika asri, bolalarimizdan telefonlarni yulib ololmaymiz. Albatta, telefon kerak. Ammo undan foydalanish madaniyati va me’yori ham bo‘lishi zarur. O‘quvchining maktabga kirishdan oldin telefonini qoldirishga oid buyruq chiqqan va odob-axloq qoidalari ham mavjud. Lekin bu qoidalar qayerdadir ishlaydi, qayerdadir esa ishlamaydi. Buni endilikda qattiq nazoratga olib, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarimizni ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni qonun bilan cheklamoqchimiz”.

Avvalroq BAA 15 yoshdan kichik bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagani va bunday cheklov joriy etgan birinchi arab davlatiga aylangani xabar qilingandi.