Farzand tarbiyasiga oid majburiyatlarini bajarmagan ota-onalarga jarima kuchaytirildi - Ta’lim / Образование

Farzand tarbiyasiga oid majburiyatlarini bajarmagan ota-onalarga jarima kuchaytirildi

O‘zbekistonda farzand tarbiyasiga oid majburiyatlarini bajarmagan ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima solinadi.

Farzand tarbiyasiga oid majburiyatlarini bajarmagan ota-onalarga jarima kuchaytirildi

Bu Prezident tomonidan 14-oktyabr kuni imzolangan «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunda (O‘RQ–1180-son) belgilandi.



Qonun bilan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik ham kuchaytirildi. Xususan, 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan qonunda ko‘rsatilgan jinsiy zo‘ravonlik jinoyatlari uchun 15 yildan 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.

Shuningdek, bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyatni sodir etgan shaxslarga nisbatan shartli hukm qo‘llanilmaydi.

Bundan tashqari, ta’lim tashkiloti xodimi bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgani uchun javobgarlikka tortilsa, bu u bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga qo‘shimcha asos bo‘ladi.

Zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatilishi ham nazarda tutilgan.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.