Bir oydan so‘ng kuz fasli kirib kelib, sentyabrning ilk kunlaridan barcha ta’lim muassasalarida o‘qish mavsumi boshlanadi. Xo‘sh, yangi o‘quv yiliga farzandingiz tayyormi? Ha, hamma kerakli narsalar: kitob-daftar, kiyim-kechak, hammasini olib bo‘lganman demoqchisiz. Ammo farzandingiz ma’naviy jihatdan ham tayyormi? Bugun shu hususida o‘rtoqlashmoqchimiz.
Barcha ota-onalar birinchi sinfga boradigan farzandlarining maktabga ko‘nikish davrida jiddiy qiyinchiliklarga duch kelishadi. Ularning ko‘pchiligi o‘qituvchilarga, o‘quv bo‘limi mudiri va hatto direktorga ham yordam va maslahat so‘rab murojaat qilishadi. Shoshilinch ishlaringiz ko‘p bo‘lsa ham sizni bezor qilib yuborgan ota va onalar, buvi va bobolardan qochmang. Maktabda shtatda turuvchi ruxshunos bo‘lsa ham, yordam so‘rab kelganlarni uning oldiga jo‘natishdan oldin vaqt topib, har biri bilan shaxsan suhbatlashing.
Farzandingizga berishingiz mumkin bo‘lgan eng asosiy narsa – bu e’tiboringizdir!
Uning maktab to‘g‘risidagi hikoyalariga quloq soling, aniqlik kirituvchi savollarni bering. Esingizda bo‘lsin, siz uchun muhimday ko‘rinmagan narsa o‘g‘lingiz yoki qizingiz uchun kun davomidagi eng hayajonli voqea bo‘lishi mumkin. Agar farzandingiz uning ishlariga bo‘lgan qiziqishingizni ko‘rsa, u albatta sizning ko‘magingizni his etadi. Uni diqqat bilan tinglar ekansiz, bolangizga nimada yordam kerakligini, o‘qituvchi bilan nima haqda gapirish lozimligini, maktab eshigi oldida farzandingiz bilan xayorlashganingizdan so‘ng u bilan aslida nimalar yuz berishini tushunib yetasiz.
Farzandiga e’tiborli bir ona qizchasi maktab to‘g‘risidagi hikoyalarida boshqa bolalar va tanaffus paytidagi o‘yinlar haqida gapirmasligiga, ammo darslar va o‘qituvchilar haqida berilib hikoya qilishiga e’tibor qiladi. Onaning o‘qituvchi bilan suhbati bu borada unga ancha yordam beradi. Ma’lum bo‘lishicha, sinfdagi o‘quvchilarning to‘rtdan uch qismi bog‘chaga birga borishgan ekan, ular bir-birini yaxshi bilishgani bois, boshqa begona bolalarni o‘yinlariga unchalik qo‘shishmas ekan. Bu muammoni hal etishga juda oddiy narsa yordam berdi, ya’ni o‘qituvchi «tanishuvlar kechasi»ni tashkil etadi. Kechada barcha o‘quvchilar bir-birlari bilan aralashib ketib, o‘zlarining sinfdoshlari haqida kichik ma’ruza qilishadi va umumiy o‘yinlarni o‘ynashadi. Bir haftadan keyin esa, «yangi» bolalar jamoaga to‘liq qo‘shilib ketdi.
Sizning maktab va o‘qituvchilarga ijobiy munosabatingiz bolaning moslashish davrini osonlashtiradi.
Istalgan birinchi sinf o‘quvchisidan o‘qituvchisi qanaqaligini so‘rang. U sizga u juda yaxshi, eng chiroyli, eng mehribon, eng… degan so‘zlarini eshitishingiz turgan gap. Birinchi sinf o‘quvchisi uchun o‘qituvchi uning hayotidagi eng asosiy kattalardan biriga aylanadi. Maktabdagi dastlabki oylarida o‘qituvchi hatto bolaning ota-onasini ham «to‘sib qo‘yadi». Bolaning o‘qituvchiga nisbatan «oshiqligini» ushlab tursangiz va uni rashk qilmasangiz oqilona yo‘l tutgan bo‘lasiz.
Farzandingizning o‘qituvchilari bilan hamkorlik qiling, ularga yordamingizni taklif eting, faollik ko‘rsating. Ota-onalari faol sinflarda bolalar o‘rtasidagi munosabatlar ham yaxshiroq bo‘ladi, ularning hayoti qiziqarliroq kechadi, bayramlar va sayohatlar ham ko‘p bo‘ladi.
Sizda ota-ona sifatida o‘qituvchilarga savol bo‘lsa ham, nimanidir boshqacharoq qilish kerakdek tuyulsa ham barcha gap-so‘zlar kattalar orasida qolishi lozim. Aks holda bola ota-onasiga bo‘lgan muhabbat va o‘qituvchining nufuzi orasida qolib ketib, nima qilishini bilmay qoladi. Oilaviy davrada maktab va o‘qituvchilar to‘g‘risidagi salbiy yoki hurmatsiz gap-so‘zlar bolaning moslashuv davrini anchayin murakkablashtiradi, uning xotirjamligi va o‘zi uchun muhim bo‘lgan kattalarning g‘amxo‘rligiga bo‘lgan ishonchini chippakka chiqaradi.
Sizning maktab tashvishlari va hayotiga xotirjam munosabatingiz bolaga juda yordam beradi.
Ota-onasini xotirjam va o‘ziga ishongan holda ko‘rgan bola maktabdan qo‘rqmaslik kerakligini his etadi.
Bir buvi har kuni nevarasini maktabga tayyorlayotib, yig‘larkan. U bolaning boshini silab, nevarasining portfeli va kiyimi orasida yugurgan holda: «Seni qayerga qo‘yib yuboryapmiz! Axir u yerda kuni bilan och yurasan! U yerda mensiz yolg‘iz nima qilasan endi, a?», deb ko‘ziga yosh olib qo‘yarkan. Bu hol bir oy davomida har kuni ertalab takrorlanibdi. Bolani esa maktabdan xuddi urushdan tirik qaytganday kutib olisharkan.
Bir kuni bolaning ota-onasi farzandlari maktabdan qo‘rqayotganini sezishibdi va buni tushuntirib berishini so‘rab direktorning oldiga kelishibdi. U suhbatlashib, bolani nima bilan xafa qilishlari mumkinligini tushunishga harakat qilibdi. Ma’lum bo‘lishicha, uni xafa qilishmas ekan, aksincha, qo‘llashga harakat qilisharkan. Nihoyat bola bilan suhbatlardan keyin uydagi «xayrlashish odati» haqida bilib olishadi. Bola nima uchun o‘qishdan qo‘rqishini anglab yetishadi. Axir sevimli buvi nevarasini xuddi o‘limga jo‘natayotgandek kuzatib qo‘ysa, qo‘rqmasdan ham bo‘lmaydi-da. Shu bois asosiy ishni buvi bilan olib borishadi.
Uni bir kunga maktab mashg‘ulotlariga taklif qilishadi, u barcha darslarga kirib o‘tiradi, sinfdagi o‘quvchilar bilan birga nonushta qiladi, maktabning yechinish xonasini, tibbiyot kabinetini, sport zalini borib ko‘radi… Aytganday, bunda bolaning g‘ururiga tegib ketmaslikka ham harakat qilishadi. Unga agar o‘zi xohlasagina sinfdoshlariga bu uning buvisi ekanini aytishi mumkinligini va’da qilishadi. O‘sha kundan keyin buvi nevarasi ulg‘ayayotganini va endi u maktabda mustaqil o‘zi o‘qishi mumkinligini tushunib yetadi. Shuningdek, bolaning o‘zidagi qo‘rquvlar ham darrov o‘tib ketdi.
Bolaga tengdoshlari bilan aloqa o‘rnatishga va o‘zini dadil his qilishiga yordam bering!
Bu boradagi yordamingiz agar bola maktabgacha bog‘chaga bormagan bo‘lsa, judayam kerak bo‘ladi. Bu holatda u kattalarning e’tibori birdaniga bir nechta bola orasida taqsimlanishiga o‘rganmagan bo‘ladi. Bolaning kirishimli ekanini maqtang, maktabda yangi do‘stlar orttirganidan ovoz chiqarib xursand bo‘ling. Tengdoshlari bilan muloqot qilish qoidalari haqida u bilan suhbatlashing, farzandingizga u boshqa bolalar uchun qiziqarli bo‘lishida ko‘maklashing. Unga do‘stlariga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yangi o‘yinlarni o‘rgating. Bolangizning sinfdoshlarini shunchaki choy ichishga uyingizga taklif qiling, kichkina mezbon esa mehmonlarni qabul qilishni o‘rgansin.
Farzandingizning maktabdosh o‘rtoqlarining e’tiborini qimmatbaho o‘yinchoqlar va kiyim-kechak bilan «sotib olishga» urinmang! Bunda bolangiz boshqalarga shunchaki kerakli bo‘lishni o‘rganmaydi. O‘g‘lingiz yoki qizingiz xasadga va sinfdoshlarining noroziligiga duch kelishi mumkin.
Boshqa yana bir muhim chegaradan ham o‘tib ketmaslik kerak. Onaga go‘zal bo‘lish qanchalik muhim bo‘lsa, yetti yoshli qizchaga ham chiroyli bo‘lish juda ahamiyatli. O‘g‘il bola boshqalardan yaxshi tomonlari bilan ajralib turmasa, o‘zini boshqalar bilan solishtirgan holda haqiqiy azobga duch kelishi mumkin. Farzandingizga tez-tez yangi kiyim olib berolmasangiz ham uning kiyim-boshini saranjom-sarishta holatda tutish qo‘lingizdan albatta keladi. Agar akasining eski jemperi ko‘zga tashlanadigan joyida teshilgan bo‘lsa, o‘sha yerga chiroyli quroq qiling yoki cho‘ntakcha tikib bering, shunda o‘g‘lingizga ushbu jemper albatta yoqadi. Qizchangizning orqaga yig‘ilgan soch tutami modaga xos, uni ushlab turgan rezina esa yorqin rangda bo‘laqolsin. Sizning bejirim va qulay kiyim kiygan toza, saranjom-sarishta farzandingizga qarash yoqimli bo‘ladi. O‘ziga ishongan va dilkash bolakay istalgan vaziyatga tezroq va xotirjamroq moslashib ketadi.
Farzandingizga yangi hayot rejimiga ko‘nikishga yordam bering!
Bola maktabga nafaqat ruhiy jihatdan, balki jismoniy jihatdan ham o‘rganib ketadi. Ko‘pgina bolalar birinchi sinfda ilk bor ertalab bir vaqtda uyg‘onishga majbur bo‘lishadi. Maktabda kechadigan 3-6 soat davomida bola faol ravishda o‘qiydi. 6-7 yoshda bunday yuk katta kishining g‘ayrat bilan ishlashi bilan barobardir. Maktabda o‘qish boshlanishi bilan bolaning asab tizimi, umurtqasi, ko‘rish va eshitish qobiliyatlariga tushadigan yuk keskin ortadi.
Agar bola maktabgacha kun tartibiga rioya qilmagan bo‘lsa, unda buni asta-sekin, mayinlik bilan kirita boshlang. Qizingiz yoki o‘g‘lingiz muntazam va uzoqroq uyquga ehtiyoj seza boshlaydi. Bolaga har kuni bir paytda uxlashni o‘rganishiga yordam bering.
Farzandingizni darhol uy vazifalarini bajarishga majburlamang! Axir o‘zimiz ham uyga kelishimiz bilan darrov ishlab chiqarish muammolariga qaytishga majburlashlarini istamaymiz-ku. Bolaga hordiq chiqarishi uchun vaqt kerak bo‘ladi. Bu o‘qish jarayoni uchun ham foydali. Miya hordiq vaqtini «yangi bilimlarni kerakli tokchalarga qo‘yishga» ishlatadi. Bizga o‘xshab bolaga ham ish kunidan keyin tinchlik va hordiqning bir bo‘lagi kerak bo‘ladi. Etti yashar organizm uchun kunduzi uxlash odati yaxshi ko‘mak bo‘ladi. Bu bolaga bog‘cha rejimidan biroz qat’iyroq maktab rejimiga mayin o‘tishga yordam beradi. Farzandingizning salomatligiga ham e’tibor bering, chunki maktabdagi dastlabki oylarda kun tartibidagi talablar bolaga oldingidan ham jiddiyroq ta’sir qiladi.
Ota-onalarning maktabda olingan baholarga donolarcha munosabati bolada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noxushliklarning uchdan bir qismini yo‘q qiladi.
Ko‘pgina ota-onalar farzandlaridan shunchalik g‘ururlanishni istashadiki, ularning baholari haqida shunchalik qayg‘urishadiki, bu bilan bolani maktab kundaligining ilovasiga aylantirib qo‘yishadi. Albatta, maktabdagi yutuqlar juda muhim. Ammo bu farzandingizning butun hayoti emas-ku. O‘z sinfdoshlaringiz va do‘stlaringizni eslang. Xo‘sh, maktabda a’lochilar orasida bo‘lmagan, ammo hozirda muvaffaqiyatli ish yuritayotgan kishilarning nechtasini bilasiz?
Maktabda olingan baho – bu shu lahzada shu fanning shu mavzusi bo‘yicha bola bilimlarining ko‘rsatkichidir. Buning bola shaxsiyatiga hech qanday aloqasi yo‘q. Bolani «uch»ga o‘qiydigan deb aytish bilan biz uni go‘yoki kundalikdagi kichkina raqamlarga zanjir bilan bog‘lab qo‘ygandek bo‘lamiz. Uni «a’lochi» deganimizda esa, «Inson» degan butun bir borliqni yakkayu-yagona fazilatga jamlaymiz. Bolani maktabdagi yutuqlari uchun maqtang. Murakkab fanlardan yordam bering. Faqat esingizda bo‘lsin, farzandingiz qancha ko‘p «besh» olmasin, baribir uning baxtidan muhimroq narsa yo‘q.
Maktablardan birida o‘qituvchilar juda mas’uliyatli va qobiliyatli qizcha yomon o‘qiy boshlaganini sezishibdi. U ijodiy vazifalar, zehnni ishlatishga majbur etadigan mashqlar, og‘zaki javoblarni bajara olmay qopti. Qizcha injiqlik qila boshlabdi, o‘qituvchining savollariga javob berishdan qo‘rqa boshlabdi.
Kunlarning birida esa doskaning oldida yig‘lab yuboribdi. O‘qituvchi uning ota-onasi bilan suhbatlashib, qizchaning onasi kattagina tanaffusdan so‘ng ishga qaytganini va butun diqqat-e’tiborini amal pog‘onasidan ko‘tarilishga jamlaganini va hatto o‘zi erisholmagan narsalarni qizidan talab qilayotganini aniqlabdi. Yosh menejer qizchasidan faqat «a’lo» bahoga o‘qishni talab qilib, har bir xatosining ustidan mazax qilar, olgan to‘rtlari uchun koyishni kanda qilmaskan.
Natijada boladagi o‘qish, rivojlanish va yangi bilimlarni olish istagi onasining besh baho olish bo‘yicha talablarini qondirishga almashibdi. Zotan kimki xato qilishdan qo‘rqsa, yangi narsani yaxshi o‘zlashtira olmaydi, gipotezalarni ilgari surib, ularni amalda sinab ko‘rolmaydi. Oxir-oqibatda onaning faqat «a’lo bahoga o‘qish» talablari qizchasining o‘zlashtirishi pasayib ketishiga olib kelib, pedagoglarning ishini ancha qiyinlashtirgan va o‘qishdan olinadigan quvonchni yo‘qqa chiqargan.
Qizchaning onasini maktab direktori o‘z oldiga chaqirib oladi. U qizchani hech narsada ayblamasdan, onasidan yuzaga kelgan vaziyatni qanday to‘g‘irlash mumkinligi haqida maslahat so‘raydi. Direktor bu borada yordam berishga harakat qiladi. Maktabdagi baholar hali muvaffaqiyat mezoni emasligini tushuntiradi.
Ona va uning qizini Psixologik ko‘mak markaziga maslahat olish uchun jo‘natadi. Natijada vaziyat asta-sekin yaxshi tomonga o‘zgara boshlaydi. Qizcha yana qiziqish bilan yaxshi o‘qiy boshlaydi. Bundan mamnun ona endi muntazam ravishda maktab bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Uning g‘ayrat-shijoati va tashkilotchilik qobiliyati nufuzli kishilar, biznesmenlar, jumladan farzandlari hech qachon shu maktabda ta’lim olmaganlarni ham jalb etgan holda vasiylik kengashini tuzishga yordam berdi.
Kattalarning barchasi o‘z farzandlarining muvaffaqiyatlaridan doim xursand bo‘lishadi. Shu yutuqlar uchun ular juda ko‘p narsalarga qo‘l urishga qodirlar. Shunday ekan, har bir kichkintoy tomonidan maktab hayotida bosilgan ilk qadamlar bolaning o‘zi uchun ham, uning oila a’zolari uchun ham quvonchli va dadil bo‘lishiga harakat qilaylik!
Dono va mehribon pedagoglar, ruhshunoslar va ota-onalar yordamida bola bu qiziqarli yangi dunyoni tez o‘zlashtirib oladi. Shaxsan siz bilan maktab esa qobiliyatli o‘quvchilaringizning do‘stlari va ota-onalari timsolida albatta ko‘plab do‘stlar va ittifoqchilarga ega bo‘lasiz.