O‘qituvchilarga ta’til puli 36 kunga to‘lanadimi yoki 48 kunga? Malakali huquqshunoslar ushbu savolga javob berishdi.
Savol: Men maktabda Ingliz tili fani o‘qituvchisiman. 2023-2024-o‘quv yilida Jizzax viloyati umumta’lim maktabida to‘liq bir o‘quv yili davomida ishladim va 31.08.2024 y sanasida o‘z xohishim bilan ariza yozib ishdan bo‘shadim. Keyin 4.09.2024 y sanasidan boshlab hozirgi kungacha Samarqand viloyatidagi maktabda ishlab kelyabman. Kecha tuman buhgalteri 1.06.2025 sanasidan mehnat ta’tiliga chiqishimni va menga 48 ish kuni davomida ta’til berilib, 36 ish kuni uchun haq to‘lanishini aytdi. Lekin menga Jizzaxdagi maktabimdan “raschyotnoy” puli to‘lanmagan. Shunda mening mehnat faoliyatimda uzilishlar yo‘qligi va avvalgi ish joyimdan “raschyotnoy” puli olmaganligim uchun 48 ish kuni uchun haq to‘lanishi kerak emasmi? Savolimga qonuniy va batafsil javob kutib qolaman.
Huquqshunos javobi: Ha shunday, sizga 36 kun uchun haq to‘lanadi. Siz bir maktabdan boshqa maktabga o‘tganingizda umumiy ish stajingiz saqlanadi.
Lekin mehnat ta’tili uchun ish staji aynan shu maktabga ishga qabul qilingan vaqtingizdan boshlab hisoblanadi.
Mehnat kodeksining 227-moddasiga asosan birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat ta’tilidan foydalanish huquqi xodimda u ushbu ish beruvchida uzluksiz ishlagan olti oy o‘tganidan keyin yuzaga keladi.
Bunda birinchi ish yili aynan shu ish beruvchi mehnat shartnomasi tuzilgan vaqtdan boshlab hisoblanadi. Mehnat kodeksining 233-moddasida har yilgi mehnat ta’tilida bo‘lgan vaqti uchun xodimga ushbu Kodeksning 257-moddasiga muvofiq hisoblab chiqariladigan o‘rtacha ish haqining saqlanishi kafolatlanishi belgilangan.
Bunda o‘rtacha ish haqi u hisoblanadigan oydan oldingi o‘n ikki oyni tashkil etuvchi hisob-kitob davri yoxud agar xodim o‘n ikki oydan kam ishlagan bo‘lsa, amalda ishlangan davr uchun xodimga hisoblangan ish haqidan kelib chiqqan holda belgilanadi (MK 257-m 1-qism).
Shu qoidaga ko‘ra xodimning o‘rtacha oylik ish haqini hisoblashda u 12 oydan ortiq ishlagan bo‘lsa, uning ta’tilga chiqishdan oldingi 12 oylik davrda korxonadan olgan barcha to‘lovlari (ish haqi, moddiy yordam, mukofot puli va boshqalar) qo‘shilgan holda 12ga bo‘linadi. Bunda sizga to‘lanadigan ustama ham qo‘shiladi.
Endi qarang! Bunda Mehnat kodeksining 218-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 26 iyundagi 263-son qaroriga binoan o‘qituvchilarga 56 kalendar kunidan iborat ta’til beriladi va ta’tilning 48 kuniga ta’til puli to‘lanadi.
❗️Bunda siz 4 sentyabrdan ishga qabul qilingan bo‘lsangiz, sizga 56 kalendar kuniga ta’til beriladi va 36 kun uchun ta’til puli to‘lanadi.