Oʻquvchilar Kengashi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizom - Ta’lim / Образование

Oʻquvchilar Kengashi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizom

Ushbu sahifada Umumiy oʻrta ta’lim muassasalarida oʻquvchilar kengashi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizom bilan tanishib chiqishingiz mumkin.

Oʻquvchilar Kengashi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizom


Umumiy oʻrta ta’lim muassasalarida
Oʻquvchilar Kengashi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi
nizom

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining
2026-yil 25-sentabrdagi
365-son buyrugʻiga 2-ilova

 

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom umumiy oʻrta ta’lim muassasalaridagi (keyingi oʻrinlarda – Maktab) oʻquvchilarining oʻzini oʻzi boshqarish organi boʻlgan Oʻquvchilar kengashi (keyingi oʻrinlarda – Kengash) faoliyatini tartibga soladi.

2. Kengash – Muhammad al–Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab ijobiy tajribasi hamda “Milliy qadriyatlar asosida global fikrlaydigan lider shaxsni shakllantirish” mafkurasi asosida tashkil etiladi.

Kengash “Tengdosh-tengdoshga” tamoyili asosida qo‘shimcha ta’lim muhitini shakllantiruvchi tizim boʻlib, oʻzini oʻzi boshqarish organi hisoblanadi.

3. Kengash oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari, Prezident Farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda “Kelajak” markazining meʻyoriy hujjatlari, shuningdek, maktab Ustavi va ushbu Nizomga amal qiladi.

4. Kengash maktab direktori huzuridagi maslahat organi hisoblanadi hamda uning faoliyati maktab maslahatchisi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

5. Kengash yuridik shaxs maqomiga ega emas va mustaqil moliyaviy faoliyat yuritmaydi.

6. Ushbu Nizomning bir nusxasi maktab ma’muriyati tomonidan roʻyxatga olinadi.


2-bob. Kengashning maqsadi va vazifalari

7. Kengashning maqsadlari quyidagilardan iborat:

o‘quvchilarda ona Vatanga muhabbat, uning ravnaqi uchun mardlik, fidoyilik, birdamlik va halollik tuygʻularini shakllantirish;

o‘quvchilarda oʻz qarorlari va xatti-harakatlariga javobgarlik, vazifalarni oʻz vaqtida va mas’uliyat bilan bajarish, vaqtni samarali taqsimlash, jamoa manfaatlarini hisobga olish kabi fazilatlarni shakllantirish;

bilimli, kreativ, keng fikrlaydigan, kompetent, mustaqil va oʻz fikriga ega oʻquvchilarni tarbiyalash.

8. Kengash quyidagi vazifalarni bajaradi:

oʻquvchilarda Yangi Oʻzbekiston islohotlariga daxldorlik hissini oshirish;

oʻquvchilarda vatanparvarlik ruhida sadoqat, milliy gʻurur, faxr va iftixor tuygʻularini yuksaltirish;

oʻquvchilar tashabbuslarini ilgari surish va qoʻllab-quvvatlash;

oʻquvchilarni qoʻshimcha ta’lim muassasalariga jalb etishda faol ishtirok etish;

ijtimoiy, ekologik, kitobxonlik, madaniy va sport loyihalarini amalga oshirish;

maktab jamoasi, ma’muriyat va oʻquvchilar oʻrtasida ochiq muloqot koʻprigini yaratish;

oʻquvchilar portfoliolarini boyitishga yordam beruvchi tadbirlarni tashkil etish;

inklyuziv muhitni qoʻllab-quvvatlash va oʻquvchilarning psixologik farovonligini mustahkamlash;

maktab imidjini oshirish va oʻquv madaniyatini targʻib qilish.