Yangi o‘quv yili boshlanishiga sanoqli haftalar qoldi. Hozirdanoq bozoru do‘konlarda o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar savdosi avjida. Bunday vaziyatda eng ko‘p xarid qilinadigan mahsulotlardan biri — maktab sumkalari!
Ko‘pincha farzandi boshlang‘ich sinfda o‘qiyotgan ota-onalar bolalarining sumkalari og‘irligidan shikoyat qilishadi. Mavzuni o‘rganish maqsadida poytaxtimizdagi maktablarda bo‘lib, o‘quvchilarning sumkalari vazni qanchaligini kuzatdik. Birinchi sinf o‘quvchilarining ayrimlarini sumkasi 3 kilo-yu 300, boshqalariniki esa uch yarim kilogrammni tashkil etar ekan.
To‘g‘ri, sumkada kitob-daftardan tashqari termos yoki baklajkada qaynatilgan choy, non, shirinlik yoki sport formalari ham bor. Barchasi o‘quvchi uchun zarur buyumlar ekanini hisobga oladigan bo‘lsak, bulardan voz kechish mushkul.
Xo‘sh, 7-8 yoshli bolalarning og‘ir sumka ko‘tarishlari salomatligiga ta’sir qilmaydimi? Umuman, o‘quvchilar ko‘taradigan sumkalarning vazni necha kilogramm bo‘lishi kerak?
Ushbu savollarga javob olish maqsadida travmatolog-ortoped Suhrob Soliyevga murojaat qildik.
– Suhrobjon, travmatologiya sohasida o‘quvchilarni sumka vazni bilan bog‘liq qanday o‘rganishlar yoki tahlillar mavjud?
– Bolalarning birinchi sinfdan uchinchi sinfgacha bo‘lgan davri muhim sanaladi. Bu davrlar haqida olimlarimiz juda ko‘p izlanishlar olib borishgan. Xalqaro sog‘liqni saqlash va biomexanika jurnalida 2018 yilda chop etilgan maqola aynan ushbu mavzuga bag‘ishlangan. Olimlar tomonidan oxirgi 30 yil ichida olib borilgan 3 ta xalqaro tadqiqotlar natijalari berilgan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, bolaning vazni 20-22 kilogramm bo‘lsa, u ko‘taradigan sumkaning og‘irligi 2 kilogrammdan oshmasligi kerak. Birinchi sinf bolalarining ko‘pchiligi vazni 20-24 kilogrammni tashkil etadi. Demak, ular 2 kilogramm sumkani ko‘tarishlari mumkin. Ikkinchi xulosaga ko‘ra, 1 sinfdan 3 sinfgacha sumkaning vazni bir yarim kilogrammdan oshmagani ma’qul, degan fikrga kelingan. 3 sinfdan 5 sinfgacha 3 kilogrammdan va 5 sinfdan 9-10 sinfgacha 4-5 kilogrammdan oshmasligi kerak, degan tavsiyalarni berishgan.
— Sumkaga kitoblarni to‘g‘ri joylashtirish ham bola sog‘lig‘i uchun muhimligi haqida eshitgandim. Bu fikr nechog‘li haqiqatga yaqin?
– Bugungi kunda boladan ko‘p kitob o‘qish talab qilinmoqda. Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, kitoblarni sumkaga joylashtirish mexanizmi ham bor. Papkaga eng birinchi bo‘lib og‘ir kitob va buyumlarni solish kerak. Keyin yengilroq narsalar solinsa, xuddi piramidaga o‘xshab sumka pastga tushadi. Bolalar sumkani taqqan paytida eng og‘ir yuk uning umurtqasiga yaqin joyda tursa, vaznni birdek ushlab turadi, natijada ikkilamchi qiyshayishlar bo‘lmaydi.
– Hozir sumkalarning zamonaviy turlari ko‘payib ketgan. O‘quvchilar maktabga qanday sumka tutishlari kerak?
– O‘quvchilarga ikkita bog‘lamli (ranes) sumkalarni taqish tavsiya qilinadi. Ikkita bog‘lamli sumka taqishning ham o‘z uslubi bor. Aynan bog‘langan joyi bolaning qo‘ltig‘i tagida turishi kerak.
Ba’zi bolalar uni standart qilib osib yurishadi. Sumka bolaning belidan past qismida osilgan holda tursa, o‘z-o‘zidan tanasi orqaga tortiladi, keyin boshini oldinga og‘dirib yurishga to‘g‘ri kelib qoladi. Sumkadan bunday foydalanish bolaning bel, ko‘krak sohalarida assimetrik o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Shu bois sumkaning iplarini tortib, yaxshilab bog‘lash kerak. Bola orqasida papka turganini his qilishi zarur.
Bitta bog‘lamli sumkalardan foydalanish, ya’ni o‘ng yoki chap tarafga osib yurishlar, ikkilamchi o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.
– Sumka ipining uzunligi necha santimetr bo‘lishi tavsiya etiladi?
– 1-2-3-sinf o‘quvchilarining sumkasi uzunligi iloji boricha 25 santimetrdan oshmasligi kerak. O‘rta maktab davridagilarga 30-35, undan katta sinflarga 40 santimetrdan oshib ketmasligi bir metrga yetmasligi tavsiya etiladi.
– Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini og‘ir sumkalardan xalos qilish uchun qanday tavsiyalar berasiz?
– Agar imkon bo‘lsa, maktablarda har bir o‘quvchi uchun kitob-daftarlar turishiga mo‘ljallangan qulflanadigan shkaflar tashkil qilinsa… Bola maktabga borganidan keyin asosiy yukini shkafning ichiga solib, kerakli narsasidan foydalanib, yana uyiga olib ketsa qulay bo‘lardi. Bu takliflar ham olimlar tomonidan o‘rganilib, tavsiya sifatida berilgan.
– Og‘ir sumka ko‘tarish o‘quvchilarda qanday kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin?
– Ota-onalar iloji bo‘lsa, oyiga bir marotaba bolasining sumkasini o‘lchab ko‘rishlari kerak. Bola bir kunda qancha yuk ko‘taryapti? Shunga qarab nazorat qilish zarur. Bolaning bel dumg‘aza qismida burchak bor. 4 kilogrammdan oshgan sumkani 25 kilogramm tana vazniga ega bola tutib yurishi natijasida o‘sha burchak kengayib, keyinchalik bel dumg‘aza sohasida umurtqalar orasidagi o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.
Sumkani bir tarafda uzoq vaqt tutib yurish ham umurtqa pog‘onasi va ko‘krak qafasi sohasida, suyak yoki tog‘ay to‘qimalarida o‘zgarishlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bola katta yoshga qadam qo‘ygan paytda osteoxondroz yoki skolyativ o‘zgarishlar sodir bo‘lishi mumkin. Yuqori sinf o‘quvchilari bir tomonlama, ya’ni yelkasiga sumka osib yurishlari kelajakda ortopedik o‘zgarishlarga olib keladi. Shu bois ularga ham ikki tomonlama ranis tipidagi sumkalarni taqishni tavsiya qilamiz.
Og‘ir sumka ko‘tarish nafas olishga va asab tizimlariga ham ta’sir qilishi mumkin. Shu bois ota-onalardan bolalarning sumkasini doim nazorat qilib turishini tavsiya qilamiz.