Bizning sog‘ligimiz kunimizni qanday rejalashtirishimizga bog‘liqmi? Bizning kunimizni qanday rejalashtirishimiz kerak? Ushbu sahifada sinf rahbarlari uchun «Mening kun tartibim» mavzusida 1 soatlik tarbiyaviy soat dars ishlanmasi bilan tanishib chiqishingiz mumkin.
Mavzu: «Mening kun tartibim»
Maqsad:
— Ta’limiy: o‘quvchilarga mavzu bo‘yicha yangi bilimlar berish, bilim va malakalarini oshirish, o‘quvchilarga kun tartibi haqida tushuncha berish, kun tartibini tuzishga o‘rgatish. O‘quvchilarga sog‘lom turmush tarzi bu kun tartibiga rioya qilish orqali amalga oshishi haqida tushuncha berish;
— Tarbiyaviy: berilgan rasm va savollar ustida ishlash orqali o‘quvchilarda Vatanga muhabbat tuyg‘usini shakllantirish;
— Rivojlantiruvchi: o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga o‘rgatish, nutq madaniyatini rivojlantirish, ularni o‘zini-o‘zi mustaqil bo‘lishga yo‘naltirish, sezgirlik, topqirlik xususiyatlarini rivojlantirish.
O‘zini o‘zi rivojlantirish kompetensiyasi — doimiy ravishda o‘z-o‘zini jismoniy, ma’naviy, ruhiy, intellektual va kreativ rivojlantirish, kamolotga intilish, hayoti davomida mustaqil o‘qib-o‘rganish, va mustaqil qaror qabul qila olish ko‘nikmalarini egallaydi;
Ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasi — jamiyatda bo‘layotgan voqea, hodisa va jarayonlarga daxldorlikni his etish va ularda faol ishtirok etish, o‘zining fuqarolik burch va huquqlarini bilish, unga rioya qilish, va huquqiy madaniyatga ega bo‘lish layoqatlarini shakllantiradi.
Ta’lim turi: interaktiv.
Dars metodi: Aqliy hujum, aralash, interfaol (guruhlarda ishlash, “kim epchil-u, kim chaqqon”, “ko‘rsam tezroq o‘rganaman”, “muammo va yechim” shu kabi metodlar).
Dars jihozi: Tarqatma materilallar, darslik, jadvallar, kartochkalar.
Texnik jihozlar: Kompyuter, multimedia vositalari, proyektor.
Ta’lim metodi: og‘zaki (suhbat, savol-javob)
Mashg‘ulot turi: yangi bilim beruvchi, bilimlarni mustahkamlovchi, amaliy, nazariy, aralash, noan’aviy, ananaviy.
Mashg‘ulot uslubi: tushuntirish, suhbat, tezkor savol – javob, amaliy mustaqil ishlar bajarish, munozara, muammoli topshiriq, ko‘rgazmali va boshqalar.
I. Mashg‘ulotning borishi:
Tashkiliy qism:
a) Salomlashish. b) Davomatni aniqlash. v) Jurnalni to‘ldirish.
II. O‘tgan mavzuni takrorlash
Uyga vazifani so‘rash: a) Savol – javob o‘tkazish. b) Topshiriqlarni tekshirish.
III. Yangi mavzu bayoni
Buyuk hakim Ibn Sinoning uqtirishicha, insonning qancha umr ko‘rishi uning o‘ziga bog‘liq. Sog‘lom bo‘lish uchun inson kundalik hayotda qator qoidalarga amal qilmog‘i kerak. Ertalabki badantarbiya, sayr qilish, to‘g‘ri ovqatlanish, dam olish, sport bilan shug‘ullanish, ozodalikka rioya qilish sog‘lom bo‘lish va uzoq umr ko‘rishning asosiy shartlaridir.
Salomatlikni saqlashda to‘g‘ri ovqatlanish muhim ahamiyatga ega. Tibbiyot ilmining ustozlaridan biri bo‘lgan Gippokrat: «Bizning ovqatimiz – bizning dori-darmonimiz», – deb bekorga aytmagan. Biz tanamiz uchun zarur bo‘lgan kuch-quvvat va darmondorilarni ovqat orqali olamiz. Tarkibida yod moddasi kam mahsulotlarni muntazam iste’mol qilaversak, tez charchaydigan, serzarda, kamharakat bo‘lib qolishimiz mumkin. Temir moddasiga boy oziq-ovqatlarni kam iste’mol qilish natijasida esa odam kamqon, kasallikka chalinuvchan, asabiy bo‘lib qoladi.
Qadimda Sharq tabobatida kasalliklarni eng avvalo ovqat bilan davolashga harakat qilingan. Ovqatdan davo topilmagan holatlardagina dori-darmon va boshqa tibbiy muolajalar buyurilgan. Odamning tanasi sog‘lom bo‘lsa, ruhi ham tetik bo‘ladi. O‘qishi a’lo, ishida unum bo‘ladi. Keling, shu o‘rinda Samad bilan Ravshanning kun tartibini ko‘rib chiqaylik.
Samadning kun tartibi
Samad o‘ta injiq va qaysar bola. U har kuni yarim tungacha televizor tomosha qiladi. Ertalab esa barvaqt uyg‘onishni istamaydi. Bazo‘r o‘rnidan turib, apil-tapil yuvinadi. Ba’zan nonushta qilishga ham ulgurmaydi, och-nahor maktabga jo‘naydi. Darslarda esnab, lanj holatda o‘tiradi. O‘qituvchisining aytgan gaplari qulog‘iga kirmaydi. Maktabdan kela solib ko‘chaga chopadi. Samadning har kuni shu zayilda o‘tadi. Shu bois uning rangi siniq, ishtahasi yo‘q, fanlarni o‘zlashtirish darajasi ham past.
Ravshanning kun tartibi
Ravshan esa kun tartibiga qat’iy amal qiladi. U o‘z vaqtida uxlaydi. Ertalab barvaqt turib, badantarbiya bilan shug‘ullanadi. Tishlarini tozalab, yaxshilab yuvinadi. Onasi tayyorlagan nonushtani ishtaha bilan yeb, maktabga yo‘l oladi. Darslarda hushyor turadi, o‘qituvchisining savollariga javob beradi, topshiriqlarni bajaradi. Maktabdan kelib, onasiga yordamlashadi. Mahalladagi kurash sport to‘garagiga borib, o‘rtoqlari bilan birga mashq qiladi. O‘z vaqtida ovqatlanib, darslarini tayyorlaydi.
Aziz o‘quvchi, o‘ylaymizki, Samad va Ravshanning kun tartibidan o‘zingiz tegishli xulosa chiqarib olasiz.
IV. Yakuniy qism
Dars yakunida o‘quvchilar bilan birgalikda olgan bilimlarni umumlashtirilib, savollar bilan mustahkamlanadi. O‘quvchilar rag‘batlantiriladi.
P.S. Tarbiyaviy soat dars ishlanmasini to‘liq, 1 yillik word variantida yuklab olish uchun murojaat qiling::
Telegram: @NZA456
Telefon: +998905306866