So‘nggi vaqtlarda jahonning ko‘plab mamlakatlarida uyga vazifalarning samarasi borasida bir qancha turli fikrlar shakllanmoqda. Ba’zi davlatlarda ularni qisqartirishayotgan bo‘lsa, ba’zilarida butunlay voz kechishmoqda.
AQSHning ko‘plab maktablarida uyga vazifalar berish beshinchi sinfdan boshlanadi va o‘quvchilar ularni bajarish uchun haftada olti soat sarflashadi. Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveysariya va yana bir qancha yon atfordagi davlatlarda bundan ham kam vaqt – 3 soat haftasiga sarflashadi.
Yaponiya va Janubiy Koreyada uyga vazifa berish boshlang‘ich sinflarda bekor qilingan. Shu sababli Osiyo qit’asining bu qismidagi maktab o‘quvchilari sinfda qo‘shimcha topshiriqlarni olishadi, hattoki, dam olish kunlari ham maktabga kelish holati kuzatiladi.
Ta’lim sifati bo‘yicha yetakchi o‘rinda turuvchi Finlandiyada har bir o‘quvchi uchun individual o‘quv dasturi ishlab chiqiladi. Bunda o‘quvchilarga uyga vazifa kamdan-kam hollarda beriladi. Asosiy o‘zlashtirish jarayonlari maktabda bo‘lib o‘tadi.
Rossiyada birinchi sinf o‘quvchilari uchun uyga vazifa berish taqiqlangan bo‘lsada, odatda bunga unchalik ham e’tibor qaratishmaydi. Xuddi shunday vaziyatni Fransiyada ham kuzatish mumkin. Birinchi sinf o‘quvchilariga vazifa berish mumkin bo‘lmasa ham, biroq bu faqat qog‘ozdagina belgilab o‘tilgan.