2023-2024-o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida pedagog kasbiga birinchi marta ishga qabul qilingan stajor-o‘qituvchilar kasbiy sertifikatlash sinovlariga jalb etilishi haqida xabar bergan edik.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi umumiy oʻrta taʻlim tashkilotlarida mehnat qilayotgan stajor-oʻqituvchi va pedagoglar joriy yilgi kasbiy sertifikatlash sinovlarida qatnashish uchun 1-mart sanasidan boshlab murojaat yuborishlari mumkin.
Murojaatlar 2025-yil 1-aprelga qadar davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi
Nazorat sinovi 50 ta topshiriqdan iborat boʻladi, har bir toʻgʻri bajarilgan topshiriq 2 ball bilan baholanib, nazorat sinovi uchun jami 100 ball beriladi. Sinovi natijasi boʻyicha 56 va undan yuqori ball toʻplagan talabgor nazorat sinovidan oʻtgan hisoblanadi.
Eslatib oʻtamiz: kasbiy sertifikatlash sinovlariga:
— umumiy oʻrta taʻlim tashkilotlarida pedagog kasbiga birinchi marta ishga qabul qilingan stajor-oʻqituvchilar;
— avval kasbiy sertifikatlashda ishtirok etib oʻta olmagan stajyor-oʻqituvchilar yoki mutaxassis lavozimidagi pedagog kadrlar;
— pedagoglar attestatsiyasidan oʻta olmagan, mutaxassis (oliy maʻlumotli oʻqituvchi) lavozimiga muvofiq emas, deb topilgan pedagog kadrlar jalb etiladi.
Birinchi marotaba nazorat sinovida ishtirok etib, undan oʻta olmagan talabgor uchun navbatdan tashqari nazorat sinovi har yili yangi oʻquv yili boshlangunga qadar tashkil etiladi.
Qayta ishtirok etish uchun talabgor tomonidan BHMning bir baravari miqdorida toʻlov toʻlanadi.
Navbatdan tashqari nazorat sinovida ishtirok etib, yetarli ball toʻplay olmagan talabgor bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilinadi.