Kasbiy sertifikat imtihonida qatnasha olmagan pedagoglar qayta topshirsa bo‘ladimi? - Ta’lim / Образование

Kasbiy sertifikat imtihonida qatnasha olmagan pedagoglar qayta topshirsa bo‘ladimi?

Savol: Kasbiy sertifikat buyicha imtihonga qatnasha olmadim. Maktabda texnologiya fan o‘qituvchiman, bir yil bo‘lmadi hali, endi menga maktabda dars bo‘linmaydimi? Sertifikatga imtihondan o‘ta olmaganlar yana topshiradimi? Qisqacha aytganda, men shu imtihonda qatnasha olmadim, maktabda ish faoliyatim to‘xtatiladimi? ma’limotim oliy, qayta tayyorlovdan o‘tib texnolog guvohnomasini olganman. Darsim noyabrdan beri ikki soat edi. Bu yil ko‘proq dars olib ishlamoqchi edim. Kasb sertifikatiga to‘lovi yo‘qligi uchun qolib ketdim. Mening qonuniy choram nima? Shu haqda izoh bering, iltimos.


Pedagoglarni kasbiy sertifikatlash Kasbiy sertifikat imtihonida qatnasha olmagan pedagoglar qayta topshirsa bo‘ladimi?

Huquqshunos javobi:

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-son Farmoni 3-bandida 2024-yil 1-yanvardan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining pedagogik kasblariga birinchi marta ishga qabul qilinayotgan talabgorlarni kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etilishi belgilangan.



Mana shu farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 2-fevraldagi 87-son qaroriga ilovada Davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini kasbiy sertifikatlash bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy Reglamenti qabul qilingan.

Mazkur reglamentning 14-bandiga ko‘ra nazorat sinovida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tib, nazorat sinovida uzrli sabablarga, xususan:



  • vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi;
  • davlat yoki jamoat vazifalarini bajarayotgan;
  • respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etganligi;
  • vaqtincha xorijiy mamlakatda safarda bo‘lib turganligi;
  • yaqin qarindoshi vafot etgan;
  • vakolatli davlat organi yoki ta’lim tashkilotlari rahbarlarining ma’lumotnomasida ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra ishtirok etmagan talabgor nazorat sinovidan o‘tmagan hisoblanadi hamda nazorat sinovida ishtirok etish uchun qaytadan ro‘yxatdan o‘tishi talab etiladi.


Demak, sizdagi holatda ham nazorat sinovida ishtirok etmaslik sababi uzrli bo‘lsa, unda qayta ro‘yxatdan o‘tishingiz lozim.

❗️Bunda uzrli sabablarga ko‘ra nazorat sinovida ishtirok etmagan talabgordan navbatdan tashqari nazorat sinovida ishtirok etish uchun takroran to‘lov undirilmaydi.

Nazorat sinovida qayta ishtirok etish uchun talabgor tomonidan BHMning bir baravari miqdorida toʻlov toʻlanadi.

❗️Talabgor belgilangan nazorat sinoviga kechikkan yoki uzrsiz sababga koʻra kelmagan hamda nazorat sinovi qoidalarini buzganlik uchun jarayondan chetlatilgan taqdirda, toʻlangan toʻlov qaytarilmaydi.



Uzrli sabablarga koʻra nazorat sinovida ishtirok eta olmagan hamda birinchi marotaba nazorat sinovida ishtirok etib, undan oʻta olmagan talabgor uchun navbatdan tashqari nazorat sinovi har yili yangi oʻquv yili boshlangunga qadar tashkil etiladi.

Navbatdan tashqari nazorat sinovida ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtish sanasi va nazorat sinovini oʻtkazish muddati Vazirlikning rasmiy veb-sayti orqali eʼlon qilinadi.

Mazkur holatda talabgor nazorat sinovi o‘tkaziladigan sanadan boshlab 5 ish kuni davomida davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP orqali Vazirlikka murojaat etishi lozim.

Shunday ekan, siz ham qayta ro‘yxatdan o‘tishingiz va nazorat sinovlarini topshirishingiz lozim.